Jahonga teng jahongashta ovoz

O'zbekiston xalq artisti Muyassar Razzoqova tavallud kuniga bag'ishlanadi

01 Mar 2025
Foto: Instagram / muyassar.razzakova

Madonnaginam, nega sizga hamma “bravo” deydi? Axir ayol kishiga “brava” deya olqish bajo keltirish rasm emasmi? Odamlar nahotki shu oddiy bir tartibni bilmasa? Bilmaydi-da! Qayerdan ham bilsin?! O‘zingiz e’tirof etganingizdek “zar qadrini biladigan Zargar” menman, axir! Sizga Haykal qo‘yish mening taqdirimga bitilgan ilohiy vazifam.

Do‘stlar, bundan keyin teatrga borsangiz, agar albatta ijro sizga yoqsa, erkak kishiga bravo, ayol kishiga brava, ijrochilar jamoasiga bravi, Muyassar Razzoqovaga esa – “Grazie per avermi ospitata” (borligingiz uchun tashakkur), deng! Bugun uning tavallud kuni emas! U 29-fevral kuni, kabisa yilda dunyoga kelgan. Lekin bunday kabisa har doim ham bo‘lavermaydi… Bunday prima har yuz yilda dunyoga keladi. Shu sabab avval taqdiringizga, keyin uning o‘ziga alqov o‘qing.

Muyassar Qodirovna Razzoqova Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida, 1964-yil, 29-fevral kuni dunyoga kelgan. Onasining qarshiligiga qaramasdan u opera sahnasini, ijrochilik bilan taqdirini bog‘lashga ahd qildi. Qisqa fursat ichida bir nechta xalqaro nufuzli tanlovlarda zafar qozonganidan so‘ng, volidasi sohir ovoz qizini tan oldi, unga – nomi chiqib ulgurgan ulkan iqtidorga ega xonandaga oq yo‘l tiladi.

Hurriyatning ilk yillarida O‘zbekiston o‘zining qadriyatlari va istiqboldagi rejalarini qaytadan ko‘rib chiqdi va mamlakatda opera san’atini saqlab qolish yoki unga yakun yasash savoli dunyoga keldi. Shunda, davlat tadbirlarining biridan so‘ng mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov yosh operachi qizni yoniga chaqiradi va undan nima sababdan teatrni yopmasligi kerakligi haqida so‘raydi. Shunda bo‘lajak prima o‘zbek yoshlari va O‘zbekiston uchun opera kerakligini, operasiz jahon hamjamiyati hech qachon O‘zbekistonni rivojlangan davlat sifatida tan olmasligini aytadi. Shunda I.Karimov o‘zbek bolalari bu san’atga mehr qo‘yadimi, sening izingdan boradimi, deb yana Muyassar Razzoqovani so‘roqqa tutadi. Shunda u albatta ko‘ngil qo‘yadi, ming-minglab yoshlar operani o‘ziga kasb qiladi hali, deb va’da beradi. Buni qarangki, Muyassar Razzoqova o‘z va’dasi ustidan chiqadi. Son sanoqsiz yoshlar opera xonandasi bo‘lish ilinjida konservatoriya eshiklarini qoqib kela boshlaydi, teatr repertuari esa o‘zining ijodiy xilma-xilligi cho‘qqisiga chiqadi.

O‘zining murosasiz fe’li, tirishqoqligi, mehnatkashligi va benazir iste’dodi sabab Muyassar Razzoqova xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy egallab, o‘zbek operasi primadonnasi, qirolichasi, deya taniladi. Navqiron yillaridayoq hali mamlakatda hech kim chiqmagan ijodiy va kasbiy cho‘qqilarga chiqadi. Unga bugungi kungacha O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti unvonlari, “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” kabi ordenlar berilgan.

Jahon opera sahnasining so‘nmas yulduzi, rusning faxri va tengsiz ovozi – Yelena Obrazsova Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Muyassar Razzoqovaning konsert dasturidan so‘ng uning grimxonasiga kirib ta’zim bajo keltirgan, sen primadonnasan, deb uni quchgan.

Obrazsovaning aytgan har bir so‘zi haqiqat! Muyassar Razzoqova chorak asr davomida Markaziy Osiyoning opera va balet san’at markazi bo‘lmish Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida eng buyuk va murakkab klassik hamda milliy asarlarni hech qanday dublyorsiz ijro etib keldi. Uning boy madaniy merosi opera ixlosmandlari qalbidan chuqur joy egalladi.

Primadonna Juzeppe Verdi qalamiga mansub “Traviata” operasidan “Violetta”; “Rigoletto” operasidan “Jilda”; “Ball maskarad” operasidan “Oskar” patiyalarini; Gaetano Donisetti qalamiga mansub “Luchiya del Lammermur” operasidan “Luchiya”; Joakkino Rossini qalamiga mansub “Sivilyalik sartarosh” operasidan “Rozini”; Muxtor Ashrafiyning “Dilorom” operasidan “Dilorom va Sulaymon Yudakovning o‘sha dunyoga mashhur “Maysaraning ishi” operasidan “Oyxon” partiyalarini tengsiz mahorat bilan ijro etgan.

Primadonna bugungi kunda O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasida yoshlarga ta’lim berib kelmoqda. Uning ko‘pgina shogirdlari xalqaro tanlovlarda e’tirof etilgan va milliy opera teatrimizda faoliyat yuritishadi.

Yaqinda primadonna konservatoriya sahnasida qo‘yilgan konsertda qatnashdi. O‘zini yulduz qilgan asarlardan ijro etdi. O‘sha kungi omadli odamlar qatorida kamina ham bor edi. Men konsert yakuniga yetgach primadonna bilan yuzlashishga, uni tabriklashga muyassar bo‘ldim.

Ovozning ulkan dinamikasi, yorqin bo‘yog‘i, texnikaning ideal darajada ishlov berilgan qirralari Muyassar Razzoqovaga katta yoshda ham murakkab ariyalarni emin-erkin va tinglovchini hayratga soladigan darajada ijro etishga imkon berdi.

Shunday ijodkor bilan zamondosh bo‘lish biz uchun ulkan baxt. “ELLE O‘zbekiston” jurnali tahririyati nomidan primadonnaga mustahkam sog‘lik, ijodiy zafarlar va keti uzilmas olqishlarni tilab qolaman. Brava Maestra!!!

Maqolani baham ko'ring

Related articles