Jon Uilyams: abadiyatga yo‘g‘rilgan musiqa

“Biz qilayotgan ishlarning ko‘pchiligi o‘tkinchi va tez unutiladi, hatto o‘zimiz ham, shuning uchun qilgan ba’zi ishlarimiz odamlarning xotirasida saqlanib qolishi kishiga yoqimli tuyg‘u bag‘ishlaydi”.

08 Fev 2025
Фото:

Eshityapsizmi? Bu oddiy musiqa emas. Bu orkestr sadolarida kodlangan butun bir koinotning nafasidir. Mis damli cholg‘ularning uyg‘unligi, torli cholg‘ularning keng ko‘lami, fazoda taralayotgan litavralarning gumburlashi. Jon Uilyamsning nomi darhol esga kelmaydi, ammo uning ohanglariga quloq tutilsa, hamma narsa o‘z o‘rniga tushadi.

Dastlab Jon Uilyamsning ismi hech narsani anglatmaganday tuyuladi. Go‘yo u oddiy bir musiqachi, rejissyor yoki ijodkor. Ammo unday emas. U jahon ommaviy madaniyatida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxs. Lahzani his qilish, vaziyatning nozik jihatlarini ilg‘ash va go‘zallik pardasi ostida barcha hissiy ko‘lamni yetkazish – bu ko‘pchilik maqtana oladigan mahorat emas.

Jon Uilyams shunchaki musiqa yaratmagan. U butun olamlarni shakllantirgan, kadrlarga yangi teranlik baxsh etgan, kinoni ko‘zga ko‘rinmas, ammo sezilarli hayot nafasi bilan to‘ldirgan.

Birinchi nota

Nyu-Yorkda 1932-yil 8-fevral kuni uyida doimo notalar jaranglaydigan oilada o‘g‘il bola dunyoga keldi. Jon Tauner Uilyams professional barabanchi otasining jazz improvizatsiyalari qurshovida ulg‘aydi. U ritmlarni o‘zlashtirdi, klavishlardagi barmoqlar tovushlar orasidagi bo‘shliqni qanday to‘ldirishini kuzatdi, musiqaning shunchaki notalar emas, balki ritm bag‘riga jo bo‘lgan hayot ekanligini angladi. Jon go‘dakligidanoq kuy qanday tug‘ilishini, cholg‘ular o‘zaro qanday suhbatlashishini va har bir nota inson kayfiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini his etardi. Jazz, improvizatsiya va sof ohanglar olamida u ilk bor musiqaning qudratini teran idrok etdi.

U 16 yoshga to‘lganida, oilasi Los-Anjelesga ko‘chib o‘tdi. Bu taqdir ishorasi edi: kino shahri, orzular maskani. Jon Shimoliy Gollivud o‘rta maktabiga o‘qishga kiradi, so‘ng Kaliforniya universitetida kompozitsiyani o‘rganadi. Uning ustozi Mario Kastelnuovo-Tedesko bo‘lib, u Jonga musiqani me’morchilik kabi ko‘rishni o‘rgatdi. Keyinchalik u Nyu-Yorkdagi Juliard maktabida tahsilni davom ettirib, u yerda fortepiano chalish mahoratini sayqallaydi. Shu bilan birga, jazz klublarida qo‘shimcha daromad topish uchun kelajakda uning shaxsiy uslubiga aylanadigan improvizatsion parchalarni ijro etadi.

Hamma narsani o‘zgartirgan ikki nota

Uilyams uchun kinodagi faoliyat yirik studiyalar uchun saundtreklar yozadigan orkestrlarda fortepiano partiyalarini aranjirovka qilish va ijro etishdan boshlandi. Yosh pianinochi Genri Manchini tarkibida chalib, kinomusiqa uchun partiyalar yozib, kun ko‘rardi. O‘shanda u bir kun kelib o‘z nomi o‘zi musiqa yozib beradigan rejissyorlarning ismi kabi mashhur bo‘lishini hali bilmasdi.

Stiven Spilberg bilan birinchi muhim uchrashuv. “Shugarlend ekspress” (1974) ularning birinchi hamkorlik ishi bo‘ldi, ammo keyin “Jag‘lar” (1975) filmi yaratildi. Ikki nota. Atigi ikki nota, qayta-qayta takrorlanuvchi, kuchayib boruvchi, atrofni vahima bilan to‘ldiruvchi. Bu saundtrek burilish nuqtasi bo‘ldi. Shu paytdan boshlab shunchaki Uilyams oddiy bastakor emas edi. U his-tuyg‘ular me’moriga aylandi.

Keyin “Yulduzlar urushi” keldi. Butun galaktika ruhini o‘zida mujassam etgan fanfaralar. Tantanavor, ulug‘vor bo‘lgan bu kuylar bir zumda insoniyat madaniy kodining ajralmas qismiga aylandi. Uilyams Vagnerdan ilhomlanib, leytmotiv texnikasidan foydalandi. Har bir mavzu – bu xarakter, g‘oya, harakat edi. Musiqa kadrlarga shunchaki jo‘r bo‘lmay ularni belgilab berdi.

Fonda qoladigan musiqa bor, fazoni yaratadigan musiqa bor. Uilyams musiqasi har doim tomoshabinni bir zumda boshqa olamga olib borish qudratiga ega edi. Uning “Garri Potter” (2001) uchun yozgan partiturasi, ayniqsa “Hedwig’s Theme” shunchaki musiqa emas, balki afsonaviy tus berilgan bolalikka olib boruvchi portaldir. Chelesta, muloyim, qo‘ng‘iroqsimon ovoz – qishning birinchi qor uchqunidek nafis, nozik. Bu kuy darhol barcha narsa mumkin bo‘lgan sehrli olamga olib boradi. Chaykovskiyning “Qarsildoq”ida aynan shu cholg‘udan foydalangani bejiz emas – axir bu bolalik, orzular va ertaklar musiqasi.

“Yura davriga sayohat” (1993) filmida Uilyams mutlaqo boshqacha ohangda jaranglaydi: ulug‘vor torlar, tantanali ritm, qadimgi o‘tmishning aks-sadolari. Musiqa ilm-fan va afsonalar, hayajon va vahima, hayot va yo‘q bo‘lib ketgan ulkan maxluqlar o‘rtasidagi ko‘prikka aylanadi.

U oddiy bastakor emas. U rassom, uning asarlari bo‘yoqlar bilan emas, balki notalar bilan yaratilgan. Uning musiqasida shivirlash va bo‘ron, nur va zulmat, bolalik va abadiyat mujassam.

Buyuk san’at asarlari o‘z ijodkorlaridan ko‘ra uzoq yashaydi, deyishadi. Jon Uilyamsning saundtreklari allaqachon abadiy merosga aylandi. Ular qalbimizda jaranglaydi, xotiralarga singib ketgan, tuyg‘ularimizni uyg‘otadi. Kino bor ekan, musiqa mavjud ekan, uning merosi yashayveradi. Nafas oladi. Yangraydi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles