Jorjo Armani: hayot yo‘li

Bu ism — modaga begona quloqlarga ham yot emas.

U — tirik afsona, doim ilhom bag‘ishlovchi, har safar yangicha yo‘l bilan hayrat uyg‘otuvchi buyuk maestro.

Yaqinda Jorjo Armani 91 yoshni qarshiladi. Bu sana — uzoq va muvaffaqiyatli faoliyat davomida kamtarlik va mutlaq did timsoliga aylangan, modaning tarixiy sahifasiga o‘z nomini abadiy bitgan insonga ehtirom ifodasidir.

Armani Milanga yaqin P’yachentsa shahrida dunyoga kelgan. Uning bolaligi Italiya tarixidagi og‘ir davr — Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. Jorjo, ikki akasi va singlisi bilan birga, urushning butun iztiroblarini bolaligidan boshlab boshdan kechirdi. Keyinchalik u intervyularida oilasi kambag‘allikda yashagani, hayot esa nihoyatda og‘ir bo‘lganini samimiy eslaydi.

Dastlab u hayotini tibbiyot bilan bog‘lamoqchi bo‘lgan — insonlarni qutqarish g‘oyasi uni ilhomlantirardi. U tibbiyot fakultetiga o‘qishga kiradi, ammo ikki yil o‘tgach, universitetni tark etadi va harbiy xizmatga yo‘l oladi. Xizmatdan so‘ng esa taqdirini mutlaqo o‘zgartirib, boshqa bir sohaga — san’at va estetikaga yuzlanadi.

Dastlab u “La Rinascente” do‘konida vitrina bezagi va savdo bilan shug‘ullangan. Keyinchalik mashhur dizayner Nino Cherruti bilan tanishib, aynan u uchun erkaklar kiyimini ishlab chiqara boshlaydi.

1975-yilda, 41 yoshida, Armani do‘sti Serhio Gelyotti bilan birgalikda o‘z brendiga asos soladi. Bu hamkorlik moda sanoatiga yangi nafas olib kirdi: Armani dizayn bilan shug‘ullansa, Gelyotti moliyaviy masalalarni boshqargan. Afsuski, o‘n yil o‘tgach Serhio hayotdan ko‘z yumadi va butun mas’uliyat Jorjoning zimmasiga tushdi.

Brendning ilk mahsuloti — yelka yostiqlari va ichki qoplamsiz erkaklar kostyumi bo‘lgan. Bu noodatiy yondashuv uni odatiy modellardan ajratib ko‘rsatdi. Minimalistik uslubdagi kostyumlar tez orada mashhurlikka erishdi va keng ommaning mehrini qozondi.

Jorjo Armani modadagi jinsiy stereotiplarni o‘zgartirgan ilk dizaynerlardan biri edi. U ayollar kiyimiga qat’iylik va aniqlik, erkaklar kiyimiga esa yengillik va nafislik baxsh etgan. Yelpingan, yumshoq matolar yordamida u an’anaviy chegaralarni badiiy yondashuv orqali yangilagan. Bu yondashuv moda sanoatida inqilob bo‘lib yangradi va brendning o‘ziga xos belgisiga aylandi.

Tibbiy tahsili qisqa bo‘lganiga qaramay, inson tanasini chuqur tushunishi unga harakatdagi erkinlik, tabiiylik va nafislikni ifodalagan liboslar yaratishda katta ustunlik berdi.

Oradan olti yil o‘tib, Armani yangi liniya — Emporio Armanini taqdim etdi. Bu yo‘nalish zamonaviy tendensiyalar va yosh avlodga mo‘ljallangan bo‘lib, asosiy brendning nafislik va sifat an’analarini saqlagan holda, qulay narxlar bilan taqdim etildi.

Armani o‘z vatani — Italiyada alohida ehtiromga sazovor. Uning faoliyati podiumlar va mashhurlar doirasidan chiqib, oddiy odamlar hayotiga ham ta’sir ko‘rsatgan. U Italiya karabinyerlari va taksistlari uchun kiyimlar yaratgan, Rim Papasining Injil muqovasini bezagan — bu esa uning serqirra ijodidan bor-yo‘g‘i bir qism, xolos.

Bugungi kunda Armani — bu shunchaki kiyim brendi emas. U zargarlik, parfyumeriya, mehmonxona va restoran sohalarini ham egallagan. Yoshi to‘qsondan oshganiga qaramay, u hanuz faol ijodda, izlanishda va o‘sishda davom etmoqda. Eng muhimi — u hech qachon o‘z ruhiga xiyonat qilmagan. Nafislik, sof did va o‘ziga xos uslub orqali Jorjo Armani bugun ham modaning eng yuksak cho‘qqisida turibdi.

foto: Instagram / Giorgioarmani

fotо: Spotlight

Maqolani baham ko'ring

Related articles