Karl Uornerning tansiq manzaralari

Brokkoli daraxt, bagetli tog‘ tizmalari dunyosi

manba: Instagram / carlwarnerofficial

“Fotograf sifatida ertalab studiyaga toza mato bilan kirib, kechqurun qo‘limda devorga osishga arziydigan ajoyib narsani ushlab chiqishdan ko‘ra ko‘proq zavq beruvchi narsa yo‘q”.

Shunday odamlar borki, xalq orasida ularni qo‘li gul deyishadi. Ular nima qilmasin, barcha ishi haqiqatan san’at asariga aylanadi.

Fotograf Karl Uorner ana shunday iste’dod egalaridan. Bu odam har qanday narsani manzaraga aylantira oladi.

 

Uorner oilada yagona farzand bo‘lib o‘sgan va ko‘p vaqtini xonasida yolg‘iz o‘tkazgan. “Ko‘p rasm chizardim, Lego o‘yinchoqlaridan narsalar yasardim. Devorimda Rojer Din plakatlari va Dalining suratlari osig‘liq turardi. Shunday qilib, xayolotimni xuddi bodibilder mushak mashq qilgani kabi rivojlantirardim. Tasavvurimni go‘yo mushak kabi chiniqtirardim, bu menga g‘ayrioddiy ishlash imkonini berardi”.

 

Rassom bo‘lish uchun Uorner san’at kollejiga o‘qishga kirdi va tez orada suratga olish o‘zini ifoda etishning ancha tezkor usuli ekanligini angladi.

Uzoq vaqt reklama fotografi sifatida ishlagan Uorner bir kuni oziq-ovqat bozorida tasodifan portobello qo‘ziqorinlariga ko‘zi tushib qoladi. Ular unga boshqa sayyoradagi g‘alati daraxtlarga o‘xshab ko‘rinadi.

 

U ularni guruch va loviya bilan birga studiyasiga olib ketishga qaror qiladi. Aynan shu tarzda Uornerning birinchi “oshxona manzarasi” dunyoga keladi. Odamlar uning ishlari haqida gapira boshlashiga o‘n yil ketadi, ammo bu sodir bo‘lgach, tasvirlar bir zumda virusli mashhurlikka erishib, xalqaro OAVda shov-shuvga sabab bo‘ladi.

Shundan so‘ng Uorner teleko‘rsatuvlar va yangilik dasturlarining sevimli mehmoniga aylanadi. Avvaliga asosan yevropaliklar, tez orada esa butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlar mehrini qozonadi. Natijada u mualliflik shartnomasini tuzadi, oshpazlik shoularida hakamlik qiladi, uch marta ovqatga bag‘ishlangan mavzuli bog‘ yaratish taklifini oladi va bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

 

“Meni ko‘pchilik e’tibor bermaydigan narsalardan tasvirlar yaratish g‘oyasi ilhomlantiradi. Kundalik va oddiy narsalarda go‘zallik va obrazni topishni yaxshi ko‘raman. Muzlatgich ichidagilardan manzaralar yaratib yoki dengiz chig‘anoqlari va avtomobil qismlaridan shahar qurib, men ko‘proq fotograf-rassomga aylanaman – shunchaki kompozitsiya va yorug‘lik yordamida yo‘qdan bor qiladigan, bir narsani boshqasiga aylantiruvchi odamga aylanaman”, – deydi Karl Uorner.

 

Karl Uorner muvaffaqiyatining asosiy manbai uning ilhomga boy tasavvuridir. Shu xayolot tufayli uning g‘aroyib kompozitsiyalari yaraladi: dudlangan lososdan dengiz, kartoshka va javdar nonidan to‘lqinlar yuvib turgan sohildagi toshlar; kumush saryog‘ pichog‘ida bargli ko‘katlardan to‘lqinlarni zabt etayotgan nozik brokkoli poyasi; xayoliy futbol o‘yini paytida krekerlardan yasalgan stadion tribunalarida muxlislar qiyofasidagi miniatyura sabzavotlar.

 

Karl Uornerning ijodi oddiy narsalar va oziq-ovqatlarning haqiqiy san’at asariga aylanishining ajoyib namunasidir. Uning odatiy narsada g‘ayrioddiylikni ko‘rish qobiliyati atrofdagi dunyoga yangicha qarashga va uning har bir ko‘rinishidagi go‘zallikni qadrlashga undaydi. O‘zining betakror uslubi va cheksiz tasavvuri tufayli Uorner nafaqat oziq-ovqat suratga olishni idrok etishni o‘zgartirdi, balki tomoshabinlarga qayta-qayta tomosha qilgisi keladigan mo‘jiza ham taqdim etdi. Uning asarlari ilhomlantirishda davom etmoqda va san’at hamma joyda mavjud ekanligini, uni faqat ko‘ra bilish kerakligini eslatmoqda.

Maqolani baham ko'ring

Related articles