Ko‘p qavatli kiyinish mavsumi: kuz yaqin
Bir qiyofaning o‘zida bir necha qavatni uyg‘unlashtirib, muvozanatni qanday saqlash mumkin?

Ko‘p qavatli kiyinish — zamonaviy modaning sevimli uslublaridan biri. Aynan shu uslub mutanosibliklar bilan tajriba o‘tkazish, har xil matolarni uyg‘unlashtirish, qiyofalarni turli hayotiy vaziyatlarga moslashtirish imkonini beradi. Qavatlar chiroyli ko‘rinishi uchun bir nechta qoidaga rioya qilish darkor.

Foto: Instagram / mariecher
Mutanosibliklar muvozanati
Ko‘p qavatli qiyofani yaratishda eng muhimi — mutanosibliklar to‘g‘ri bo‘lishidir.
Bunda gap kiyimlar sonida emas, balki ularning o‘zaro uyg‘unligi haqida ketmoqda. Uzun palto kalta kamzul va yupqa ko‘ylak bilan yaxshi mos tushadi. Hajmli pidjak esa tor shim yoki to‘g‘ri bichimli yubka bilan ajoyib uyg‘unlashadi. Uzunlik va shakl o‘rtasidagi keskin farq qiyofaga aksent beradi, shu bilan birga obrazni ortiqcha detallar bilan to‘lib ketishidan asraydi.

Foto: Instagram / luciekratochvilova_
Qavatlar: yupqadan qalingacha
Yengil va harir matolar tanaga yaqinroq bo‘lgani maʼqul, qalin va dag‘allari esa uning ustidan kiyilgani afzal. Bunday ketma-ketlik qiyofani silliq qilish bilan birga, maksimal qulaylik beradi: ko‘ylak yoki futbolka sviter tagida yig‘ilib qolmaydi, pidjak bo‘lsa palto tagida o‘z shaklini yo‘qotmaydi.

Foto: Instagram / mariecher

Foto: Instagram / emilisindlev
Neytral baza + aksentlar
Ko‘p qavatli kiyinish uslubiga qora, kulrang, qaymoqrang yoki oq kabi neytral ranglar asos bo‘lsa nur ustiga nur bo‘ladi. Qiyofaga joziba bag‘ishlash uchun esa sharf, nimcha yoki sumka kabi yorqin detallardan aksent sifatida foydalanish mumkin.

Foto: Instagram / emilisindlev
Turli uslublar uyg‘unligi
Klassik pidjakni xudi ustidan kiyish mumkin bo‘lsa, sport uslubidagi kurtka ichko‘ylak ko‘rinishida ishlangan libos yoki yubka bilan yaxshi moslashadi. Agar liboslar rangi yoki matosi fakturasiga ko‘ra bir-birini to‘g‘ri to‘ldirgan bo‘lsa, uslublarni bunday noodatiy tarzda uyg‘unlashtirgan inson obrazida o‘ziga ishonch yaqqol sezilib turadi.

Foto: Instagram / oliviaandalice

Foto: Instagram / emilisindlev
Qulaylik
Qavat-qavat kiyinish faqat ma’lum uslub yaratishga emas, balki qulaylikka ham xizmat qiladi. Qavatlar qiyofani havo harorati va hayot ritmiga moslash imkonini beradi. Kunduzi futbolka va nimchaning o‘zi yetarli bo‘lsa, kechki payt ularning ustidan trench kiyib olish mumkin. Shu tariqa garderob yana-da universallashadi va kun davomida libosni boshdan-oyoq alishtirish zarurati yo‘qoladi.

Foto: Instagram / luciekratochvilova_

Foto: Instagram / chloejade_story
Ko‘p qavatli kiyinish uslubi — garderob bilan tajribalar o‘tkazib, odatiy obrazlarni boyitish uchun ajoyib imkoniyat. Yaqinlashib kelayotgan kuz mavsumi bo‘lsa bu kabi tajribalar uchun eng mos fasl!