Kofeinsiz tetik tong
Ertalabki qahvadan voz kechish tanangizga qanday ta’sir qiladi

Qahva allaqachon oddiy ichimlikdan ko‘ra ko‘proq ahamiyat kasb etgan: xushbo‘y hid, qulaylik, tetiklik va estetik zavq – barchasi bir piyolada mujassam. Biroq, bu estetika ortida ko‘pincha kofeinga qaramlik yashiringan. Zamonaviy tadqiqotlar natijalari qahvaning gormonal fon, uyqu va xavotirga ta’siri haqida tobora ko‘proq ma’lumot bermoqda.
ELLE O‘zbekiston tahririyati nima uchun tobora ko‘proq odamlar qahva ichish odatlarini qayta ko‘rib chiqayotgani va muvozanat, ongli yondashuv hamda sun’iy emas, balki tabiiy energiya foydasiga qanday tanlov qilish mumkinligi haqida so‘zlab beradi.
Qahva: do‘stmi yoki dushman?
Ehtimol, siz ham bir finjon qahvadan so‘ng o‘zingizni tetik his qilishingiz, keyinchalik esa bu holat keskin charchoq va to‘satdan holdan toyish bilan almashishini sezgansiz. Ba’zan charchoq to‘satdan bezovtalik, asabiylashish va hatto vahima hissi bilan birga keladi. Bunday holat bevosita qahva donalarining tarkibi bilan bog‘liq.
Kofein nafaqat qahvada, balki choy, shokolad va boshqa ba’zi mahsulotlarda ham mavjud bo‘lgan tabiiy rag‘batlantiruvchi moddadir. Qahva tarkibida u tez ta’sir ko‘rsatadi: qonga tushgach, uyquchanlikni keltirib chiqaradigan modda – adenozinni to‘sadi, natijada biz tetiklik va diqqatimizning oshganini his qilamiz.
Biroq, donlarda kofeindan tashqari, qon tomirlarini kengaytiradigan va bosimni pasaytiradigan yumshoq rag‘batlantiruvchi – teobromin ham mavjud. Shuni tushunish kerakki, bu moddalar birgalikda tetiklik ta’sirini kuchaytiradi, ammo tez-tez iste’mol qilinsa, o‘rganib qolish, asabiylashish, qon bosimining o‘zgarishi va yuqori darajadagi xavotirni keltirib chiqarishi mumkin.
Ilmiy qarash
Zamonaviy tadqiqotlar qahva iste’moli va xavotir darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tobora ko‘proq tasdiqlamoqda. Masalan, PubMed Central nashrida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qahvani tez-tez iste’mol qilish sog‘lom odamlarda xavotirlanish xavfining ortishi bilan bog‘liq. Shuningdek, kofein stress gormoni – kortizol ishlab chiqarilishini rag‘batlantirishini ham tasdiqlangan, bu esa yurak urishining tezlashishi va uyqusizlikni keltirib chiqarishi mumkin, ayniqsa, tashvish va stressga ta’sirchan odamlarda. Ayollar qahvaning bunday ta’siriga ayniqsa moyil ekanligini hisobga olish kerak, chunki gormonal fon va hayz sikli bosqichlari kofeinga bo‘lgan reaksiyani kuchaytirishi mumkin.
Shuni tushunish kerakki, hatto ushbu ma’lumotlarni hisobga olgan holda ham qahvadan butunlay voz kechish shart emas – asosiysi, hamma narsada me’yor muhimligini unutmaslik lozim. Nafaqat qahvani, balki umuman har qanday mahsulotni, hatto eng zararsizini ham haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Manba: Jessica Lewis thepaintedsquare, pexels
Muqobillar
Qahva iste’molini kamaytirishga yoki undan butunlay voz kechishga qaror qilgan bo‘lsangiz, bu tetiklikdan mahrum bo‘lishingiz va xushbo‘y ichimlik finjonidan lazzatlanish vaqtini yo‘qotishingiz kerak, degani emas. Yanada foydali va mazali muqobil variantlar mavjud:
- Dekofeinlashtirilgan qahva yoki dekaf – kofeinning asosiy qismi (odatda 97-99% gacha) olib tashlangan donlardan tayyorlangan qahva. Ta’mi, xushbo‘yligi va ko‘rinishi saqlanib qoladi, biroq ichimlik oddiy qahvaga nisbatan biroz yumshoqroq va kamroq achchiq bo‘lishi mumkin.
- Matcha – tobora ommalashib borayotgan ichimlik, antioksidantlar va L-teaninga boy yashil choy bo‘lib, yumshoq va uzoq vaqt davomida tetiklashtiradi.
- Sachratqi – qahva ta’miga ega ichimlik, tarkibida kofein yo‘q, ammo probiotiklari tufayli ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.
- Kakao – kayfiyatni ko‘taradi va yengil quvvat beradi.
- O‘tli choylar (yalpiz, melissa, zanjabil) – tinchlantiradi, diqqatni jamlaydi va umumiy ahvolni yaxshilaydi.
- Roybush – kofeinsiz Janubiy Afrika choyi, antioksidantlarga boy va yoqimli ta’mli.
- Oddiy bargli choylar – ko‘pchilikning fikriga zid ravishda, choyda kofe donlariga qaraganda ko‘proq kofein mavjud. Achchiq choy qahvaga nisbatan samaraliroq bo‘lishi mumkin, shu bilan birga, bir xil damlash hajmida kofein konsentratsiyasi pastroq bo‘lgani uchun organizmga ancha yumshoqroq ta’sir ko‘rsatadi (100 ml ichimlik tayyorlash uchun 1 g choy kerak bo‘lsa, qahva uchun 5-10 g zarur).
Manba: Thought Catalog, pexels