Kopengagendagi moda haftaligida derbi nafisligi, utilitar uslub va genderdan tashqari liboslar

Shimoliy uslub poytaxti moda tadbiri qanday yakunlandi

11 Avg 2025
fotо: TG Botanical

Kopengagendagi moda haftaligi yorqin iz qoldirib, 2026-yilning bahor-yoz mavsumi uchun dadil yo‘nalishni belgilab yakunlandi. Daniya poytaxti nafaqat sanoatdagi barqaror yondashuvi, balki jasur innovatsion yechimlari hamda yosh iste’dodlarni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zini ishonch bilan namoyon etishda davom etmoqda.

Raqobatdosh moda haftaliklari bilan solishtirganda, ushbu haftalik yangi shabada kabi, doimo kutilmagan kashfiyotlar va hayratlanarli effekt bilan zavq bag‘ishlaydi. Kolleksiyalar, ko‘cha uslubi, g‘oyaviy makonlardan tortib tashkilotchilar har bir tafsilotga alohida e’tibor qaratib yaratgan puxta o‘ylangan muhitgacha bo‘lgan deyarli barcha narsa ilhom manbai bo‘lmoqda.

Dolzarb barqaror kun tartibidan tashqari, bu safar dizaynerlar o‘z asarlari orqali ko‘plab falsafiy savollarni o‘rtaga tashlamoqda.

Iamisigo

Zalando Visionary Award 2025 sovrindori – Iamisigo hozirgi zamonda kelajakni himoya qiluvchi, kuchaytiruvchi va bashorat qiluvchi kolleksiyani taqdim etdi. Brend metafizikaga asoslangan ikki tomonlamalilikni taklif etadi: ko‘rinishga ega bo‘lish va hushyor bo‘lish, “tomosha uchun emas, balki energiyani muvozanatlash uchun kiyinish” iborasiga amal qilish. Fazoda harakatlanayotgan tanaga kiyim kiydirishdan ko‘ra, bu kolleksiya tananing o‘zini muhit sifatida – jismoniy va ma’naviy xotira kesishadigan bioelektrik manzara sifatida ko‘rib chiqadi.

Iamisigo bu hududni to‘rtta tebranuvchi o‘lchovga – tana, aql, ruh va hissiyotlarga bo‘ladi hamda har bir o‘lchovda qisqarib-kengayadigan shakllarni yaratadi. Paxta, sizal, rafiya va jutning yerga bog‘lovchi tolalari energiyani ichkariga tortadi; yarqirovchi metallar, shisha va plastmassa esa uni tashqariga chiqarib, egasini qadimiy asbobdek sozlaydi. Bu materiallar an’anaviy Afrika hunarmandchilik usullari - qo‘lda to‘qish, sovut yasash, shisha puflash va tola to‘qishdan foydalanib qayta ishlanadi.

Rabens Saloner 

Rabens Saloner to‘plamlarida markaziy element, avvalgidek, tabiat bo‘lib qolmoqda. Bu safar dizayner gul yaproqlari, quyosh botishi manzarasi va yangi ungan bahor yaproqlaridan ilhom olgan. Kolleksiya shaftoli, laym, mandarin va nastarin ranglar palitrasida namoyon bo‘lib, iliq neytral ranglar bilan uyg‘unlashgan. Qo‘lda bajarilgan ishlar yana e’tiborni tortadi: dengiz tipratikanlari va xira ufqlar tasvirlangan naqshlar “g‘ayritabiiy o‘simlik va hayvonot dunyosi” his-tuyg‘usini uyg‘otadi. Kutilmaganlik – brendning asosiy uslubi: yarim shaffof plisseli marjon katak, aniq bichimli harbiy shimlar va bomber uslubidagi trench. Kechki liboslar qismi ayniqsa ta’sirchan ko‘rinadi – shifon graffiti kabi to‘lqinlanadi, yubkalarni to‘rlar o‘rab turadi, payetkalar esa kargo uslubi bilan dadil uyg‘unlashgan.

The Garment 

Mehmonlar Kopengagendagi Qirollik otxonasiga to‘plandilar. Bu tarixga boy makon kolleksiyaga bosiq, olijanob, xotirjamlik va barqarorlik tuyg‘usini singdirgan ohang berdi. Dizayner shaxsiy xotiralaridan ilhom oldi: tonggi yorug‘lik fonidagi otlar, qadimiy pardalar va fransuz dala hovlisidagi eskirgan gazlamalar…

Barcha siluetlar sodda, ammo puxta o‘ylangan: erkin oqadigan shalvarlar, haykaltaroshlik liboslari, chavandoz formasi ruhidagi qisqartirilgan jaketlar. Asosida nafas oladigan matolar: paxta, zig‘ir, ipak va shaffof materiallar ishlatilgan. Ranglar jozibador – sariyog‘, qulupnay, oppoq choyshablar, qora va qum rangi qadimiy devorlarni eslatadi. Erkaklarning zig‘ir kostyumlari va yozgi smokinglari sharf kabi bog‘langan bo‘yinbog‘lar bilan uyg‘unlashadi – bu jinslararo erkin almashtirilishi mumkin bo‘lgan garderob. Kechki liboslar – xuddi salqin yoz tunlari uchun yaratilgandek yarim shaffof hajmli. To‘qilgan bikini ko‘rinishidagi nozik to‘rli ichki kiyimlar va toplar yengil paxta yopinchiqlari ostida sezilar-sezilmas ko‘rinadi.

Munthe 

Brend ijodiy direktori Naya Munte o‘zining gul bog‘idan ilhom olishni davom ettirmoqda. Yig‘ilgan har bir o‘simlik elementi o‘simlik pigmentlari bilan bo‘yalgan matoga bug‘li ekobosma jarayoni orqali ko‘chirildi. Qirqquloqlardan tortib nozik g‘unchalargacha – barchasi hajmli kashta, to‘r va ingliz kashtachiligida o‘z aksini topdi.

Kolleksiya siluetlari yumshoq bichim, haykaltaroshlik va qatlamlanishni uyg‘unlashtirgan holda, tuzilma harakat bilan uyg‘unlashgan tasvirni yaratadi. Ranglar palitrasi tabiiylikni aks ettiradi: so‘ngan pastellar, tuproq ranglari va bo‘g‘iq yarim tonlar. Nozik matolar denim bilan uyg‘unlashgan, shaffoflik amaliylik bilan qarama-qarshi qo‘yilgan, sport elementlari esa romantik estetikaga ustalik bilan singdirilgan. So‘nggi paytlarda Munthe kolleksiyalarida aksessuarlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘cha uslubida ular ko‘plab – sumkalardan tortib almashtiriladigan tutqichlar va tasvirning o‘ziga xosligini ta’kidlaydigan osmalar bilan bezatilgan sandallargacha uchraydi.

Henrik Vibskov

Henrik Vibskov taqdim etgan ushbu vizual qissa — noziklik, g‘amxo‘rlik va yumshoqlik kuchi haqidagi ramziy hikoya — avvalroq Nyu-Yorkda namoyish etilgan The Bank Is Dead loyihasidan ilhom oldi. Ammo bu safar brend boshqa bir mavzuni o‘rtaga soldi: himoya — biz atrofimizda nimani va qanday asraymiz?

Everything Cracks Eventually – I’ll Be Gentle (“Oxir-oqibat hammasi yoriladi – men esa ehtiyot bo‘laman”) nomli kolleksiya plash-g‘iloflar va musiqiy asboblar qoplariga ishora qiluvchi ko‘ylaklardan iborat. Printlar — denimdagi futlyar izlaridan tortib, yer ostida bekinib yotgan ildizmevalar va tuxum bosib o‘tirgan jo‘jador tovuqlar tasvirli jakardlargacha — rang-barang.

Podium esa qora tuxumlar bilan bezatilgan surrealyandiyaga aylandi — ular noziklik va ichki salohiyat timsoli. Sahna bo‘ylab sirg‘alib o‘tgan g‘alati sariq konstruksiyalar — ichida hayot yashirin bo‘lgan kelajakcha beshiklarni eslatadi. Ularni esa sirli “qo‘riqchilar” kutib oladi: tuxumlarni ko‘zdan kechiradi, mayin tegadi, go‘yo o‘z g‘amxo‘rligini ularga singdirayotgandek.

Gestuz 

Gestuz brendi zamonaviy hayotning shiddatini tadqiq qilib, o‘ylantiradi: biz nega shunchalik shoshilamiz? Dizayner Sanne Sexested esa taklif qiladi — sekinlashaylik, lahzani his qilaylik va kiyimni tanamizga, o‘zligimizga tegayotgan mayin bir mehrdek tuyaylik.

The Human Race kolleksiyasi harakat va pauza, kuch va noziklik, erkaklik va ayollik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan. Drapirovka qilingan siluetlar poyga yo‘llarining egri-bugrilarini eslatsa, yengil oqib tushuvchi ko‘ylaklar va hilpiragan sharflar go‘yo avtomobilning tezlikdagi trayektoriyasini takrorlaydi.

Bu yerda vintaj avtosport estetikasi va utilitar ruh tutashadi: yaroqsizlanib, lekin xarakter topgan charm, kostyum-ansambllar, jinsi mato, mexanik va uchuvchilar ish kiyimlarini eslatuvchi qisqa bomberlar. Denim obrazlari allaqachon brendning “vizit kartasi”ga aylangan — bu mavsumda ular yanada erkin, bel chizig‘i ta’kidlangan kurtkalar bilan.

Ranglar palitrasi esa to‘yingan qora, yog‘simon-ko‘k va bordo tuslardan — to‘satdan kutilmagan yumshoq pastel ohanglargacha tebranadi.

Baum und Pferdgarten

Derbi musobaqalarining yuksak ziyolilikdagi nafisligi Baum und Pferdgarten brendida sport kiyimlarining funksionalligi bilan uchrashadi. Kreativ direktorlar Rikke Baumgarten va Xelle Xestexave jokey liboslari hamda tribunadagi tomoshabinlarning kiyinish kodlarini tadqiq qilib, ularni kontrastlar o‘yiniga aylantirdi.

Aniq color-blocking, chiziqli neylon va ifodali siluetlar — poygalar shiddatini eslatsa, sportcha ustki kiyimdagi volanlar unga nozik ayollik ohangini qo‘shadi. Notes from the Grandstand kolleksiyasida an’anaviy motivlar — rozetkalardan tortib, vintaj krujivalarigacha — jasur yo‘lbars naqshlari va sun’iy charm bilan yonma-yon keladi.

Xira pushti tuslar va sun’iy zamsh aksessuarlar esa obrazlarga yumshoq dramatizm olib kirdi. Keng bichimli bluzkalar va bel chizig‘i past ko‘ylaklar esa liboslarga oqimlilik va yengillik baxsh etdi.

MKDT Studio

Kolleksiya yaratilishida brend ikki san’atkorga murojaat qildi — Kay Seyjning sokin va syurrealistik makonlari hamda Jan-Jak Balzakning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, “deyarli ma’noga ega” binolari bilan tanilgan “noan’anaviy arxitekturasi”.

“Xotira va xayol orasidagi shu bog‘liqlik bizning jarayonimizga yo‘l ko‘rsatdi. Biz o‘z arxivimizga va ayollarning kiyimlarimizni instinktiv tarzda kiyish usullariga yuzlandik”, — deydi brend vakillari.

Asosiy o‘rinda — tuzilmasi aniq blazerlardan ilhomlangan qat’iy siluetlar, haykaltaroshona shimlar va belni ta’kidlovchi ko‘ylaklar. Kesilmagan iplar, mutanosib bo‘lmagan kamar ilgaklari, tanani ochib beruvchi choklar… erkin mato yo‘laklari yenglarga o‘rilgan yoki yubkalarga yig‘ilgan — shakl go‘yo ichkaridan tashqariga qarab “o‘sadi”.

Rang palitrasi ham shu ikkiyoqlamalikni aks ettiradi: to‘q qora va norka melanjidan tortib, fil suyagi tusigacha — u esa mineral pastel ranglar, jumladan, shalfey-yashil, lavanda-kulrang va shifon-sariq bilan uyg‘unlashadi.

TG Botanical

TG Botanical’dan qayta tug‘ilish va ayollik haqidagi she’riy mulohaza — bu tabiatning faktura, shakl va tanaga tegish hissi orqali ifodasi. Flora — sokinlik, o‘sish va ichki gullash makoni — ilhom manbai bo‘lib, The Garden of Awakening(“Uyg‘onish bog‘i”) kolleksiyasi tabiiylikka tayanadi: zig‘ir, paxta va ramiyadan foydalanadi.

Brendga xos qo‘lda yig‘ilgan, elastik iplar bilan ishlangan mato haykaltaroshona yechimga aylanadi: u hayot tarixi bilan shudgorlashgan tuproqni, vaqt yaratgan landshaftlarni eslatadi. Yengil siluetlar va hajmli shakllar kiyimga harakat illyuziyasini bag‘ishlaydi — go‘yo u tana ustida o‘sishda davom etayotgandek.

Ayollik esa ochiq topalar, korset elementlari va suzish kiyimlari ruhidagi siluetlarda namoyon bo‘ladi — ular tananing bel, yelka va yoqa kabi asosiy nuqtalariga urg‘u beradi. Volan va jabduqli ko‘ylaklar esa gavdani quchgancha, harakatda ochilib ketadi. Vertikal yig‘imli jiletlar va topalar esa tanaga barqarorlik hissini baxsh etadi — go‘yo ildiz otgan o‘simlikdek.

CMMN SWDN 

CMMN SWDN brendining dizaynerlari, turmush o‘rtoqlar Emma va Saif Bakir, o‘z ishida o‘zgarishlar, o‘zlik va hissiy ochiqlik haqida nozik bir suhbat taklif etadi. Emmaning ayolona sezgirligi Saifning erkakona qat’iyati bilan uyg‘unlashib, jinsga yoki rasmiy qoidalarga bo‘ysunmaydigan liboslarni yaratadi.

Shifting Light (“O‘zgarayotgan yorug‘lik”) kolleksiyasi vaqt sekinlashgandagi holatni his qiladi — yorug‘lik biroz ko‘proq turib qoladi, soyalarning chiziqlari cho‘ziladi, lahzalar esa yanada aniq sezila boshlaydi.

Materiallarda tabiiy faktura va moslashuvchanlik ustun: paxta, zig‘ir, qog‘ozsimon ta’sirga ega ipak va yumshoq ezilgan yuzalar. Ranglar — mayin sariq, zaytun-yashil, krem va qum tuslari — xira oltin va xiralashgan kumush bilan uyg‘unlashadi.

Drapirovka qilingan paltolar, yengsiz tunikalar, bog‘ichli erkin shimlar va yumshoq kesimlar yengillik va ichki kuch hissini beradi. Metall aksentlar esa yaltirab emas, balki quyosh teriga tushganida paydo bo‘ladigan shu’lalar kabi mayin yarqiraydi. Ko‘ylaklar tana atrofida erkin o‘raladi, harakatni to‘xtatmaydi, uzun yubkalar esa go‘yo o‘z hayotini harakatda davom ettiradi.

Nicklas Skovgaard

Nicklas Skovgaard noan’anaviy kontrastlar estetikasini ochib beradi — bu yerda klassika jasur zamonaviylik bilan to‘qnashadi. 2020-yilda Kopengagenda asos solingan brend materialni nafaqat shakl yaratish vositasi, balki kutilmagan uyg‘unliklar va ma’nolar manbai sifatida ishlatadi.

O‘zgartirilgan shakllar, go‘yo o‘tmishdan qayta talqin qilingan iqtiboslar, haykaltaroshona chegarada muvozanat topgan charm retro-kurtkalar qiyofasida namoyon bo‘ladi. A-siluet esa obrazga sho‘x dinamikani olib kiradi, bal zal liboslarining etaklarini eslatuvchi tül qo‘shimchalar esa unga sahnaviy dramatizm bag‘ishlaydi.

Krujiva va paxmollar nozik tekstura aktsentlari bo‘lib, noziklikni ta’kidlaydi. Ayrim liboslar shishiq konturlar oladi — go‘yo ayolning ichki olamini tashqi shovqindan himoya qilayotgandek. Detalga bo‘lgan e’tibor aksessuarlarda ham seziladi: yostiqsimon klatchlar me’moriy konstruktsiyalar okeanida mayin orollardek ko‘rinadi.

Deadwood

Deadwood insoniyat o‘z ixtirolari ustidan nazoratni yo‘qotib, haddan oshganda nima yuz berishini qayta talqin qildi. Ikar afsonasiga ishora shouni rassom Dominik Kissling yaratgan kinetik installyatsiyaga aylantirdi.

Tasavvur qiling — parashyut matosidan ishlangan tirik qum sarobidek bir tuzilma podium uzra maftunkor hilpiraydi, modellar esa go‘yo bo‘ron ichidan yo‘l ochib, bu illuzion girdobni yorib o‘tadi.

Kolleksiya ranglari kuygan qum, xaki va terrakotadan tortib, kremniyning sovuq yarqirogigacha tebranadi. Fakturalar to‘qnashuvi e’tiborni tortadi: yoriq charm yonida qayta ishlangan alyuminiy, quruq kanvas esa futuristik to‘r bilan birga.

Brend o‘zining ekologik yondashuviga sodiq qolib, qutqarilgan materiallar va tajribaviy matolardan, jumladan, tabiiy lateksdan foydalandi. Maxsus taklif etilgan dizayner Salvatore Vinyola kolleksiyaga nafislik va havodorlik qo‘shdi.

Deadwood texnologik ustunlik ortidan ko‘r-ko‘rona quvishni shubha ostiga qo‘yadi. Liniyadagi obrazlar — inson va mashina orasidagi nozik muvozanatning qanchalik mo‘rtligini eslatadi.

Suratlar brendlarning JA-xizmatlari tomonidan taqdim etilgan.

Maqolani baham ko'ring

Related articles