Kurt Kobeyn – X avlod ovozi

“Men Jon Lennon kabi hurmat qozonishni, shu bilan birga Ringo Starr kabi e’tibordan chetda bo‘lishni istardim”

Foto: Instagram / kurtcobain

Kim o‘ylabdi deysiz, Amerikaning asosiy qismidan yashirin parda ortida Oberdin shaharchasida tug‘ilgan bu moviy ko‘zli, farishta qiyofali go‘dak rok-musiqada yangi davrni boshlab beradi deb? Bu shaharda erkaklar kun bo‘yi yog‘och zavodlarida ishlashar, uyga qaytgach esa ularni issiq ovqat va oshxona fartuklarini kiygan xotinlari kutib turardi.

“Latchkey generation”

Kurt Kobeynning tarixini X avlodi - o‘tgan asrning 60-yillari boshidan 80-yillari boshigacha tug‘ilgan odamlardan ayri holda tasvirlab bo‘lmaydi. O‘sha davr odamlariga xos bo‘lgan qoliplarga sig‘maslikka intilish Amerika jamiyatida ijtimoiy o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. Odamlar tobora ko‘proq farzandlari uchun nikohni saqlab qolish o‘rniga o‘zini namoyon qilishni tanladilar. Ajralishlar soni asta-sekin ortib boraverdi.

Erkaklarning daromadi oila xarajatlarini qoplay olmay qoldi, ayollar esa ilgarigidek uyda o‘tirolmasdi. Ular ishga chiqishga majbur bo‘lishdi. Bu avlod bolalarining “omadi kelmadi”. Maktab o‘quvchilari mustaqil ravishda uylariga qaytib, eshiklarni o‘zlari ochishar, endi ularni issiq tushlik va xushbo‘y pishiriqlar kutmasdi. Ularni endi tabassum qiluvchi ona kutib olmasdi – bular Latchkey avlodi, Kalitni yo‘qatib qo‘ymaslik uchun bo‘yniga osib oladigan bolalar avlodi edi.

1967-yilda tug‘ilgan Kurt Kobeyn bu o‘zgarishlarning barchasini o‘z boshidan kechirganlardan biri edi. Kurtning onasi, 19 yoshli uy bekasi, o‘g‘lining normal sharoitda ulg‘ayishini, chiroyli kiyinishini va yaxshi ovqatlanishini orzu qilardi. Mablag‘i juda kam bo‘lishiga qaramay, unga chiroyli kiyim-kechak va poyabzallar olib berdi, hatto o‘sha paytda juda kamyob va qimmatbaho bo‘lgan videokamera ham sotib oldi. Aynan shu kamera tufayli kelajakdagi rok yulduzining g‘amxo‘rlik va mehribonlik qurshovida o‘tgan bolalik davri haqida so‘zlovchi videoyozuvlar saqlanib qolgan.

Jajji Kurt Kobeyn dunyosi muhabbati va musiqadan iborat edi. Musiqiy guruhda sozandachilik qiladigan amakisi, gitarani mohirona chaladigan xolasi, professional irlandiyalik tenor – amakivachchasi bor edi. Bu qarindoshlarning barchasi kelajakdagi yulduzning uyida tez-tez to‘planishardi: unga mehr ila munosabatda bo‘lib, ovqatlanishar va bir-birlariga gitara chalib, qo‘shiqlar kuylashardi.

Kurt ikki yoshidayoq “Bitlz” qo‘shiqlaridan so‘zlarni xirgoyi qila boshlaydi, bu butun oilasini hayratga solib, ko‘ngillarini ko‘taradi. Ular bolasiga plastmassadan yasalgan baraban va gitara sotib olishadi. Ijodkor kichkintoy bu o‘yinchoqlarni juda yaxshi ko‘rardi. U kunlar bo‘yi baraban chalar, qo‘shiq aytar, rasm chizar va haykalchalar yasardi. Bularning barchasini u doimo va hamma joyda yonida bo‘lgan Bod ismli xayoliy do‘sti bilan birga qilardi.

Kurtning yaqinlari bu vaziyatdan tashvishga tushishdi. Ular Kurt haqida gap-so‘zlar tarqalishini istashmasdi. Shu bois ular bolaga Bod Vetnamga urushga ketdi, deb aytib, undan “qutulmoqchi” bo‘lishdi. Biroq, xayoliy do‘st bo‘lajak rok yulduzini umrining oxirigacha “qo‘yib yubormadi”...

Foto: Montesano High School

Umr oxirigacha “qonagan” yara

Kobeynovlar oilasida yana bir farzandning dunyoga kelishi ota-onaning gardaniga qo‘shimcha moddiy yuk bo‘lib tushadi. Pul tanqisligi va oiladan uzoqlashish istagi bolalar ko‘z o‘ngida tez-tez oilaviy janjallarni keltirib chiqaradi. Oqibatda, ota-onasining ajrashishi Kurt Kobeyn umrining oxirigacha bitmas jarohat bo‘lib qoladi. 

Ko‘k ko‘zli, quvnoq bolakay ro‘y berayotgan voqealarni juda og‘ir o‘tkazdi. Kundan-kunga bolaning ichki dunyosiga botib ketishi kuchayib, u o‘zi juda yaxshi ko‘rgan toshbaqadek, tobora o‘z “qobig‘I”ga yashirinib borardi. 

Yigit tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgandi: doim qovog‘ini solib yurar va o‘zini g‘alati tutardi.

O‘sha davr yoshlari juda murakkab sharoitda ulg‘aydi: qashshoqlik, jinoyatchilik, OITS, “o‘limga olib keluvchi moddalar”ga bo‘lgan qiziqish, Kurt Kobeyn aynan shularga o‘rganib qoldi. Biroq, baxtiga, uning yana bir ermagi bor edi: o‘n to‘rt yoshga to‘lganida amakisi sovg‘a qilgan gitara. Ammo uni chalishni tezda o‘rgana olmadi.

Patrik Zyuskindning “Attor”ini sevadigan zohid

Intervyulardan birida “Sevimli kitobingiz qaysi?” degan savolga Kurt Kobeyn shunday javob bergan:

“Bu “Attor” romani. Men uni kamida o‘n marta o‘qib chiqqanman. Har safar samolyotda bo‘lganimda yoki zerikib qolganimda, shu kitobni qo‘limga olaman. Qayta-qayta o‘qiyveraman. Aslida, men ipoxondrikman va bu kitob menga shunchalik kuchli ta’sir qiladiki, hatto burnimni kesib tashlagim keladi”.

U kitob qahramonini, odamlardan nafratlanadigan kishini juda yaxshi ko‘rardi. Aynan shu tuyg‘u unga tanish bo‘lgani uchun, u o‘zini “Attor” bilan yaqin his qilardi. Hatto har bir musiqachi havas qiladigan shuhrat cho‘qqisiga chiqqanda ham, Kurt Kobeyn olomon ichida bo‘lishga toqat qilolmasdi. Unga kameralar oldida turish yoqmasdi, doimo o‘zining “qobig‘i”ga kirib ketgisi kelardi. 

1982-yilda uydan ketib, bir necha oy amakisinikida yashaydi. O‘sha paytda uning yagona orzusi gitara chalishni o‘rganish edi. Kurtni o‘qitish uchun yo‘llangan amakisining do‘sti Chak, uning hamma narsani qanchalik tez o‘zlashtirayotganidan hayratga tushardi. U bu yigitdan ajoyib gitarachi chiqishiga amin edi. 

Ko‘p o‘tmay, Kurt Kobeyn bu uyni ham tark etadi... 

Musiqiy karyerasining boshlanishi 

O‘zini hech kimga kerak emas deb his qilgan yolg‘iz Kurt do‘stining uyida yashay boshlaydi. Yigit o‘sha vaqtdagi mashhur sozandalarning ijrosidan andoza ola boshlaydi. Vaqt o‘tishi bilan Kurt o‘z qo‘shiqlarini yaratadi va do‘stlari bilan birinchi guruhini tuzadi, biroq uning umri qisqa bo‘ladi. Birorta ham albom yozmasdan, guruh a’zolari tarqalib ketishadi va faqat yaxshi tajriba qoladi. Kurt umidsizlikka tushmaydi va kassetaga eng yaxshi qo‘shiqlarini yozib, do‘stiga beradi. Bu Krist Novoselich edi, u ancha vaqtgacha o‘zini majbur qilib kassetani eshitishga jur’at etolmaydi. Ammo, nihoyat eshitgach, u Kurt bilan guruh tuzishga rozi bo‘ladi. Shunday qilib, ularning do‘stligi boshlanadi, shunday qilib “Nirvana” tug‘iladi...

1988-yilda Kurt Kobeyn nihoyat o‘z ijodiy mahsuli uchun nom topadi. Uni Nirvana deb ataydi. Undan buning ma’nosini so‘rashganda, u shunday javob beradi: “Nirvana – bu biz. Nirvana – mukammallikka erishishdir”. Guruhning yakuniy tarkibi 1990-yilda shakllanadi. Unga barcha qo‘shiqlarning muallifi va ijrochisi Kurt Kobeyn, barabanchi Deyv Erik Grol (David Eric Grohl) va yuqorida tilga olingan bas gitarachi Kris Novoselich kiradi. 

Nirvananing o‘sha davr xususiyatlarini aks ettiruvchi birinchi albomi g‘alati tuyulgan Bleach nomini oladi, bu o‘zbek tilida “oqartiruvchi” degan ma’noni anglatadi. Debyut albom yaxshi sotiladi, hammasi endi boshlanayotgan edi. Oldinda jahonshumul shuhrat kutmoqda edi.

Hayratomuz muvaffaqiyat 

1991-yil. Sentyabr. Ikkinchi albomning birinchi singli chiqdi. “O‘smirlar ruhi qanday hid taratadi” nomli qo‘shiq Nirvana guruhini bir kechada noma’lumlikdan musiqiy fenomenga aylantirdi. Shubhasiz, u X avlodning madhiyasiga aylandi. Qo‘shiq matni bir ma’noli bo‘lmagan metaforalar bilan to‘la.

90-yillarning o‘smirlari ovozlarini ayamay, bu qo‘shiqning naqoratini bor kuchlari bilan baqirib aytishardi – muvaffaqiyat xuddi Amerika tog‘lari kabi nafasni bo‘g‘ardi.

 Ushbu qo‘shiq chiqqanidan ikki hafta o‘tgach, guruhning “Never mind” (“Tashvishlanma” degan ma’noda) nomli ikkinchi albomi chiqarildi. Muvaffaqiyat guruhning kutganidan ham oshib ketdi. Odamlar haftasiga uch yuz mingta albom sotib olishardi va keyingi yilning yanvar oyida qo‘shiq Maykl Jeksonning yangi chiqarilgan "Dangerous" albomini ortda qoldirib, reytinglarning cho‘qqisini egalladi.

Bunday muvaffaqiyat musiqa bozorining barcha qoidalarini o‘zgartirib yubordi: alternativ rok ommaga kerak bo‘lib qoldi va jiddiy daromad keltirishi mumkin edi. 

Nirvanaga turlicha munosabatda bo‘lish mumkin, ammo bu guruhning madaniy ta’sirini inkor etib bo‘lmaydi. 

Biz shunchaki kerakli albomni kerakli vaqtda chiqardik.... Odamlarning fikrlash tarzida nimadir o‘zgardi, ular soxta narsalardan charchab qolishdi.

 

Muvaffaqiyat cho‘qqisi 

Depressiyaga moyil, nozik va ta’sirchan Kurt Kobeyn, bu aql bovar qilmas muvaffaqiyat keltirgan yangi hayotga bardosh berishga o‘zida kuch topa olmadi.

Men Jon Lennonga o‘xshab hayratda qoldirishni istar edim, ammo Ringo Starr kabi e’tiborsiz qolishni ham. Solist bo‘lishni emas, balki orqada turib nog‘ora chalishni, lekin shu bilan birga rok yulduzi bo‘lib qolishni xohlardim.

 

Ammo aksincha bo‘lib chiqdi. Kurt Kobeyn hammaning e’tibori markaziga tushib qoldi. Bu umumiy “nirvanomaniya”, ko‘pincha samimiy qiziqishdan ko‘ra ko‘proq modaga ergashish bo‘lib tuyulgan, guruh a’zolarini juda g‘ashiga tegardi. 

Kurt Kobeyn guruhga bo‘lgan bu “nosog‘lom” qiziqishni sezgandek, dastlab o‘z albomini “Qo‘ylar” deb nomladi. Unda In bloom deb nomlangan qo‘shiq bor edi, u guruhning eng sodiq muxlislari qatoriga kiritilgan odamlarga bag‘ishlangan. Qo‘shiqning klipi achchiq satira bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unda 60-yillar uslubida sahnada chiqish qilayotgan guruhning olifta va shilqim a’zolari tasvirlangan. 

Guruhning keyingi albomi oldingisiga qaraganda tushunish uchun ancha murakkab bo‘ldi. Ammo u aynan guruh xohlagandek bo‘lib chiqdi.

“Men rok yulduzlari kutilmaganda o‘zlarini va musiqalarini badnom qilib, sotuvlarini oshirishga urinayotganlarini ko‘ryapman”, dedi Kurt Kobeyn.

Va bugun bu har qachongidan ham dolzarbdir. Bugungi kunda ommabop musiqa butunlay yangi davr kumirlarini muxlislarga “sotadigan” biznesga aylandi. 

1993-yil 13-sentyabrda guruhning In utero (“Ona qornida”) nomli uchinchi va so‘nggi albomi chiqdi. Muqovaning g‘alati nomi va bezatilishi anatomiyaga bo‘lgan jiddiy qiziqish bilan izohlanadi.

Musiqachilar korporativ tizimga bo‘ysunmadilar. Uchinchi albom Never Mind’ga qaraganda ancha qat’iyroq edi. Garchi u oldingi albomning savdo darajasiga erisha olmagan bo‘lsa-da, unda Kurt o‘zini tashvishga solayotgan masalalar haqida ochiq-oydin gapirdi. U irqchilik, ayollar huquqlarining poymol qilinishi, kamsitish kabi muammolar haqida mubolag‘asiz hayqirdi.

Fojiali yakun... 

Tabiatan samimiy va o‘ta ta’sirchan Kurt Kobeyn, hatto voyaga yetganida ham, toshbag‘ir bo‘la olmadi va kattalar dunyosining qoidalariga moslasha olmadi. Afsuski, u o‘zining ichki ziddiyatlarini ijobiy hal etish yo‘lini topa olmadi. Sozandaning jonsiz tanasi 1994-yil 5-aprelda uning uyidan topilgan. Kurt o‘limi oldidan yozgan xatida shunday degan edi: “Men juda g‘alati, ma’yus bolaman! Menda endi ehtiros qolmadi, shuning uchun esda tutinglar: so‘nib borishdan ko‘ra, yonib tugash afzal. Men musiqani tinglashdan ham, uni yaratish va yozishdan ham zavqlanmay qo‘ydim”.

 X avlodning qahramoniga aylangan tund musiqachi qalbidagi va hayotidagi notinchlikni yenga olmadi va shu bilan barcha muxlislarini chuqur motamga cho‘mdirdi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles