Kuz salqinida ko‘ngil tusaydigan uch ziravor
Ajoyib uchlik: za’faron, qalampirmunchoq va dolchin

O‘zbekistonga kuz ham kirib keldi. Jazirama kunlar ortda qolarkan, ziravor ishqibozlari sevimli ichimlik va taomlariga qanday ta’m qo‘shish haqida o‘ylay boshlashdi. Balki, aynan za’faron, qalampirmunchoq va dolchin sizning ziravorlar javoningizda qo‘nim topadigan ajoyib uchlikka aylanar. Shuni ta’kidlash lozimki, bu ziravorlar yoqimli hiddan tashqari, sog‘liq uchun ham foydali xususiyatlarga ham ega. Bir boshdan tanishamiz:
Za’faron
Krokus nomi bilan ham mashhur bo‘lgan za’faron Crocus sativus o‘simligi gulidan olinuvchi dunyodagi eng qimmatbaho ziravor sanaladi. Narxi balandligining sababi bu gulning kamyobligida emas, balki gullash davri qisqaligi, hosildorlikning cheklanganligi va nozik qizil iplarni yig‘ishning murakkabligidadir. Za’faron yetishtirish tarixi Qadimgi Yunonistonga borib taqalsa-da, hozirgi kunda u Eron, Marokash va Hindistonda ham o‘stirilmoqda.
Za’faron — bu nafaqat ziravor, balki yegulikka mo‘jiza bag‘ishlovchi sinoatdir. U ozgina qo‘shilsa ham, istalgan mahsulotga beqiyos rang va joziba baxsh etadi. Za’faronni deyarli hamma narsaga, ayniqsa shirinliklarga qo‘shimcha sifatida ishlatish mumkin. Uning g‘oyat nozik, xushbo‘y, sal shirin va haqiqatan ham shohona ta’mini boshqa hech qaysi ziravorniki bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Za’faron barcha turdagi taomlarning, xususan guruch, go‘sht, dengiz mahsulotlari va sabzavotlarning ta’mini yanada yaxshilaydi.
Mayda gulchalarning foydasi
Kayfiyatdagi keskin o‘zgarishlar ko‘pchilik, ayniqsa homilador ayollar duch keladigan eng keng tarqalgan muammolardan biriga aylangan. Za’faron organizmda qon aylanishini yaxshilab, kayfiyatga ta’sir qiluvchi serotonin ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi.
2015-yilda Eron olimlari o‘tkazgan tadqiqotlar mazkur ziravorning kayfiyatni yaxshilashga yordam berishini isbotladi. Bu uning krotsin, krotsetin, pikrokrotsin va safranal kabi biologik faol komponentlarga boyligi bilan bog‘liq.
Dolchin
Dolchin — dunyodagi eng qadimiy va talab yuqori bo‘lgan ziravorlardan biri. Deyarli barcha mamlakatlar oshpazlik an’analarida uning o‘rni bor. Hind subqit’asida u karriga, Yaqin Sharqda tovuq va qo‘y go‘shtili taomlariga, Meksikada esa shokolad va yamsga hid va ta’m berish uchun qo‘shiladi. G‘arb oshxonasida bo‘lsa biror pishiriq dolchinsiz bo‘lmaydi: yumshoq bulochkadan tortib, olma va nokli piroglargacha, krambl va kobblerlargacha, bariga dolchin solinadi. Uning issiq va “fayzli” ta’mi sovuq kunlarda tayyorlanadigan ne’matlarni — qovoqli pirog, ziravorli latte yoki glintveynni eslatadi. Biroq universal ziravor bo‘lgan dolchinning sehri shundaki, u faqat pishiriqlar va ichimliklar bilan emas, balki sho‘rva va jarkoplar, yengil nonushtalar va hatto alkogolli kokteyllar bilan ham uyg‘unlashadi. Asrlar davomida dolchin o‘ziga xos hid va ta’mga ega, noyob hamda qimmatbaho ziravor sifatida e’zozlangan. Qadimgi Misrda mumiyolarni balzamlashda ham dolchindan foydalanilgan, Injilda esa muqaddas moyning tarkibiy qismi sifatida tilga olingan.
Dunyoda bu ziravorning ikkita asosiy turi mavjud: “haqiqiy” deb ataladigan nafis Seylon dolchini va yanada to‘yingan, o‘tkir hidli kassiya. Seylon dolchini nozik, yumshoq ta’mi va sezilar-sezilmas shirin mazasi bilan ajralib turadi, kassiyaning ta’mi bo‘lsa ancha yorqin va to‘yingan bo‘lib, desertlar va issiq ichimliklarda ajoyib his etiladi.
Dolchinning siri shundaki, u nafaqat ichimliklarga qo‘shilganda o‘zgacha iliqlik beradi va siz bu ichimlikni xuddi fayzli uyingizda ichib o‘tirgandek bo‘lasiz, balki odatiy taomlarga qo‘shilganda xuddi ular ham uyda tayyorlangandek mazali, atrofdagi muhit bo‘lsa mehrga to‘lgandek bo‘ladi.
Bu xushbo‘y ziravor tayoqchasini ertalabki qahva yoki choyingizga qo‘shing - natijada yumshoq, tinchlantiruvchi ta’mga ega bo‘lasiz. Olma yoki bananli smuzilarda dolchin bu ichimliklarni gastronomik desertga aylantira oladigan o‘ziga xos aksent sifatida ishlaydi. Uning xushbo‘y hidi bulochkalar, piroglar, kekslarda, ayniqsa olma va nok ifori bilan duetda har qanday xamirga jon kiritib yuboradi.
Biroq dolchin doim mayingina bo‘lib qolmaydi, u birdan sizga o‘z fe’lini ko‘rsatib qo‘yishi ham mumkin. Mazkur ziravor pasta qaylasi, go‘shtga mo‘ljallangan ziravorli sirka-moy yoki yengil vinegretga qo‘shilsa, kutilmagan yorqin ta’m beradi.
Tanangiz sizdan minnatdor bo‘ladi
Dolchin — qaddi-qomatni saqlashda sizning nozik hamkoringiz. U to‘qlik va qoniqish hissini uzoqroq saqlab, sizni ortiqcha tamaddidan tiyib turadi. Bundan tashqari, mazkur ziravor moddalar almashinuvini biroz tezlashtiradi: zero uni hazm qilish uchun organizm boshqa ko‘plab mahsulotlar hazmiga qaraganda ko‘proq quvvat sarflashi kerak bo‘ladi. Dolchinning muhim afzalligi – qondagi qand miqdorini barqaror ushlab turish qobiliyati bo‘lib, u keskin o‘zgarishlarning va shirinlikka bo‘lgan ishtiyoqning oldini oladi. Bunday muvozanat ishtahani nazorat qilishga yordam beradi va meʼyoridan ortiq ovqatlanishga to‘sqinlik qiladi.
Ovqatlanish tartibigizga dolchinni qo‘shing va tanangiz sizdan minnatdor bo‘ladi!
Qalampirmunchoq
Qalampirmunchoq - bu doimiy yashil daraxtning nozik, hali ochilmagan kurtaklari bo‘lib, ziravor holatigacha quritiladi. Ana shunda u “mixcha” shakliga kiradi. Asli kelib chiqishi Indoneziya va Hindistondan bo‘lgan bu ziravor o‘z nomini lotincha “clavus” - “mix” so‘zidan olgan. O‘tkir hidga va to‘yingan ta’mga ega bo‘lgan qalampirmunchoq allaqachon butun dunyo pazandalarining sevimli ziravoriga aylanib ulgurgan. U isituvchi glintveynga aralashtiriladi, go‘shtga qo‘shiladigan achchiq qiyomga o‘ziga xos tam berish uchun ishlatiladi, yoki olma pirogiga xushbo‘y hid beradi. Qalampirmunchoq haqida bir gapni hech ikkilanmay aytish mumkin: "U keng fe’lga ega bo‘lgan kichik ziravordir".
Katta kuchga ega bo‘lgan kichik “mixcha”lar
Qalampirmunchoq nafaqat to‘yingan hidli ziravor, balki tabiiy eliksirning o‘zginasidir. Unda anʼanaviy Xitoy tibbiyotida ovqat hazmini yaxshilash uchun ishlatilgan vitaminlar va minerallarning butun bir kokteyli yashiringan. Zamonaviy tadqiqotlar qadimda bejiz bunday yo‘l tutilmaganini isbotlaydi: qalampirmunchoqning organik birikmalari og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanish va mikroblarga qarshi taʼsirga ega.
Uni ovqatlanish tartibingizga qo‘shish orqali - xoh shirinliklarda, xoh ichimliklarda, xoh xushbo‘y taomlarda bo‘lsin - siz organizmga har tomondan yordam bergan bo‘lasiz. Qalampirmunchoqning foydali xususiyatlari hali oxirigacha o‘rganilmagan, uning salomatlik va kayfiyatga taʼsirining yangi qirralari hanuz kashf qilinmoqda.
Salomatlikning siri muvozanatda
Dolchin, za’faron va qalampirmunchoq — asrlar davomida oshpazlar-u attorlarni ilhomlantirib kelayotgan ziravorlardir. Ular ta’m, xushbo‘y hid va hatto kayfiyat baxsh etadi. Barcha go‘zal narsalar singari ularni ham me’yorda qo‘llash kerak: zero haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin. Haqiqiy lazzat muvozanatni topishda: zero bir chimdimgina ziravor taomni san’at asariga aylantira oladi.