London – tarix va madaniyat shahri

Britaniya poytaxtining diqqatga sazovor joylariga sayohat

Fotо: Pexels

London – haqiqiy muzey-shahar, uning ko‘chalarida turli davrlar bir-biriga uyg‘unlashib ketgan. Vestminster abbatligidan tortib zamonaviy Saatchi galereyasigacha, London o‘zining ulug‘vor me’morchiligi, mashhur teatrlari, muzeylari va o‘tmish ruhini ehtiros bilan saqlaydigan mahallalari bilan ilhomlantiradi. Shahar har bir sayyohga o‘zining noyob tarixini ochadi – faqat unga tomon birinchi qadamni tashlash kerak, xolos.

ELLE O‘zbekiston tahririyati Londonda shahar bilan tanishish va uni yaxshiroq bilish uchun qayerga borish kerakligi haqida ma’lumotlar tayyorladi.

Britaniya muzeyi

Bu jahon osori-atiqalarining afsonaviy xazinasidir. Muzey kolleksiyasi 1753-yildan boshlab shakllanib, bugungi kunda turli madaniy obyektlarni o‘z ichiga oladi. Bu yerda Misr iyerogliflarini o‘qishga yordam bergan mashhur Rozetta toshini, Parfenon haykallarini, qadimgi mumiyolarni, Maya va Bobil artefaktlarini ko‘rish mumkin. Jahon miqyosidagi tarix va san’atga qiziquvchilar uchun Britaniya muzeyi yoqimli syurpriz tayyorlagan: 2001-yildan beri muzey binosiga kirish bepul, muzeyni qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lganlar uchun esa xayriya qilish imkoniyati mavjud.

Fotо: visitlondon.com

Teyt Modern 

Londondagi zamonaviy san’atning mashhur muzeyi va dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeylardan biri. Teyt Modern nafaqat o‘z eksponatlari, balki sanoat makoni muhiti bilan ham hayratda qoldiradi: muzey Temzaning janubiy qirg‘og‘idagi sobiq elektr stansiyasi binosida joylashgan bo‘lib, bu ekspozitsiyaning umumiy ruhini ta’kidlaydi. To‘plam Salvador Dali, Pablo Pikasso, Endi Uorxol va Benksi kabi ustalarning asarlarini o‘z ichiga oladi. Bu yerda dadil installyatsiyalar, avangard rasmlar va futuristik haykallarni ko‘rish mumkin, kuzatuv maydonidan esa shaharning ajoyib manzarasiga yuzlanasiz.

Foto: visitlondon.com

Vestminster abbatligi

Britaniya tarixining asosiy ramzlaridan biri, toj kiyish va dafn marosimlari joyi, ulug‘vor gotik ibodatxona. Bu yerda 700 yildan ortiq vaqt davomida Britaniya monarxlarining toj kiyish marosimi o‘tkazilgan. Abbatlik o‘zining boy bezaklari, mohirona ishlangan vitrajlari va ulug‘vor gumbazlari bilan hayratda qoldiradi, bu esa tashrif buyuruvchilarni o‘rta asr Angliyasining haqiqiy muhitiga yetaklaydi.

Bu joy nafaqat tarixiy yodgorlik, balki faoliyat yuritayotgan ibodatxona ham hisoblanadi. Abbatlik hududida nafaqat Buyuk Britaniyada, balki butun dunyoda ilm-fan va san’at rivojiga hissa qo‘shgan ko‘plab tarixiy shaxslar dafn etilgan: Isaak Nyuton, Charlz Darvin, Charlz Dikkens va boshqalar. Buyuk yozuvchi va dramaturglar, jumladan, Shekspir mangu qo‘nim topgan Shoirlar burchagi alohida e’tiborni tortadi. 

Fotо: Pexels

Big Ben va Vestminster saroyi 

Britaniya monarxiyasi va siyosatining ramzlari. Vestminster saroyi parlament majlislari o‘tkaziladigan joy. Gotik uslubda qurilgan bino o‘zining ulug‘vorligi va bezaklarining nafisligi bilan hayratda qoldiradi. Uning yonida mashhur Elizabet minorasi, ko‘proq Big Ben nomi bilan tanilgan, uning qo‘ng‘irog‘i 1859-yildan beri butun London uchun vaqtni belgilab kelmoqda. Bu joy, ayniqsa, kechqurun, fonarlar va majmua uchun maxsus o‘rnatilgan alohida yoritgichlar yog‘dusida juda go‘zal ko‘rinadi.

Shekspir globusi

Buyuk dramaturgning pyesalari sahnalashtirilgan Yelizaveta I davrining qayta tiklangan va mayda-chuydasigacha rekonstruksiya qilingan teatri. Asl teatr 1599-yilda qurilgan, ammo 14 yildan so‘ng yong‘in natijasida vayron bo‘lgan. 1997-yilda rekonstruksiya tugallandi, buning natijasida teatr o‘z faoliyatini davom ettirdi. Usta restavratorlar hamma narsani qayta tiklashga muvaffaq bo‘lishdi: ochiq sahna, yog‘och galereyalar va tabiiy yorug‘likdagi spektakllar tomoshabinlarni to‘rt asrdan ko‘proq vaqt oldingi Londonga olib kiradi. Bu yerda “Hamlet”, “Romeo va Juletta”, “Makbet” spektakllarini tarixiy ko‘rinishda tomosha qilish, shuningdek, Shekspir va uning davriga bag‘ishlangan interaktiv ko‘rgazmani ko‘rish mumkin. 

Londondagi Garri Potter muzeyi – Warner Bros. Studio Tour

Bu ajoyib sehrli olamga sho‘ng‘ish va g‘ayrioddiy bolaning hikoyasiga singib ketish uchun noyob imkoniyatdir. Joan Rouling Garri Potter haqidagi kitoblarini yozar ekan, aynan Londonni tasvirlagan edi. Endi barcha muxlislar shaharning kitoblarda magllar – sehrgarlik qobiliyatiga ega bo‘lmagan odamlardan yashirib qo‘yilgan qismiga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Shahar yaqinida joylashgan muzey-studiya tashrif buyuruvchilarga mashhur filmlar turkumidagi haqiqiy dekoratsiyalar, liboslar va rekvizitlarni ko‘rishni taklif etadi. Bu yerda Xogvars’ning Katta zali bo‘ylab sayr qilish, Maxfiy xona eshigini ushlab ko‘rish, Dambldorning xonasiga kirish va Qiya ko‘cha bo‘ylab yurish mumkin. Ekspozitsiya muntazam ravishda yangi elementlar, jumladan, sehr-jodu yoki supurgi parvozlarida o‘z kuchingizni sinab ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan interaktiv zonalar bilan boyitib boriladi. Bunday sarguzasht hech kimni befarq qoldirmasligi aniq!

Fotо: wbstudiotour.uk

London bo‘ylab ko‘cha sayohatlari

Shaharni o‘rganish va bir vaqtning o‘zida bir nechta diqqatga sazovor joylarni ko‘rishning yana bir g‘ayrioddiy usulidir. Gid boshchiligidagi oddiy avtobus sayohatlaridan tashqari, shaharda quyidagilar mavjud:

1) Qirollik sirlari bo‘ylab sayohat:

Britaniya monarxiyasi bilan bog‘liq qadimiy ko‘chalar va saroylar bo‘ylab sayr, Britaniya toji tarixidagi yashirin ramzlar, jamiyatlar va g‘aroyib voqealar haqida hikoyalar.

2) Kino suratga olish joylari bo‘ylab sayr: Jeyms Bond va Sherlok Xolms.

Bu sayohat, ayniqsa, kino ishqibozlariga manzur bo‘ladi. Dasturda:

  • Jeyms Bond: MI6 ning maxfiy manzillari, mashhur quvish sahnalari va Martini bilan suratga olingan taniqli barlar.
  • Sherlok Xolms: Beyker-stritdagi uy, “Sherlok Xolms” pabi va afsonaviy izquvar qadam tashlagan tor ko‘chalar.

3) Adabiy London bo‘ylab sayohat: Dikkens va Shekspir.

Bu yo‘nalish buyuk yozuvchilarni ilhomlantirgan hududlardan o‘tadi. Ishtirokchilar Charlz Dikkens o‘zining eng sara asarlarini yaratgan uyni ko‘radilar, u ijod qilgan qadimiy mayxonalarga kirib chiqadilar va Viktoriya davri Londoni hayoti haqida bilib oladilar. So‘ngra yo‘nalish “Shekspir Globusi”ga olib boradi, u yerda buyuk dramaturg davri muhiti qayta yaratilgan. Sayohat mehmonlarni “Oliver Tvist” va “Romeo va Julyetta” asarlarida tasvirlangan dunyoga olib kiradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles