Louis Vuitton kim oshdi savdosi
317 buyum sotuvga qo‘yildi

Bonhams Cornette de Saint Cyr auksion uyi Louis Vuitton‘ning so‘nggi yillardagi eng mashhur mahsulotlariga bag‘ishlangan “Monogram in the Spotlight” onlayn kimoshdi savdosini yo‘lga qo‘ydi. Xususiy to‘plamdan 317 ta buyum: Marc Jacobs, Nicolas Ghesquière, Virgil Abloh va Pharrell Williams davrida yaratilgan sumkalar, aksessuarlar, ro‘mollar, liboslar va taqinchoqlar sotuvga qo‘yilgan. Kim oshdi savdosi 27 avgustdan 10 sentyabrgacha davom etadi. Lotlarning boshlang‘ich narxi 150 yevrodan boshlanadi. Asosiy eksponatlar orasida – Capucine BB Constellations sumkasi, Ghesquière to‘plamidagi bomber-kurtka, shuningdek, Takashi Murakami, Tyler, the Creator va Sun Yitian hamkorligida ishlangan soni cheklangan modellar bor. Kim oshdi savdosining maqsadi – brend merosiga ehtirom ko‘rsatish va moda tarixida yangi davrni boshlab bergan ijodiy kollaboratsiyalarni namoyish etishdan iborat. Shunisi ahamiyatliki, a’lo holatda saqlangan to‘plam dunyoning turli burchaklaridagi kolleksionerlar qiziqishini uyg‘otishga ulgurdi.