Madaniy o‘zlashtirish yoki assimilyatsiya?
Boshqaniki o‘zinikidek

Biz barcha narsa bir-biriga bog‘liq bo‘lgan dunyoda yashaymiz. Bu yerda an’anaviy naqshlar yaltiroq jurnallar muqovalarida, hind sarilari yevropalik dizaynerlarning kechki to‘plamlarida, dunyoning turli burchaklaridan kelgan taomlar esa allaqachon kundalik dasturxonimizning bir qismiga aylanib ulgurgan. Bularning barchasi tabiiy, hatto muqarrar bo‘lib tuyuladi, go‘yo madaniyatlar o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolgandek. Biroq bu “almashinuv” ortida muhimroq narsa yashiringan bo‘lishi mumkinligi haqida kamdan-kam o‘ylaymiz – ehtimol, bu qadriyatlarning yo‘qolishi yoki biz bilmagan holda kesib o‘tayotgan ko‘rinmas chegaradir.
Madaniy o‘zlashtirish – ko‘plab bahslarga sabab bo‘ladigan tushuncha. Ba’zilar buni o‘zini ifoda etish erkinligini cheklashga urinish deb hisoblasa, boshqalar chegaralarni belgilash va hurmatni tiklashning muhim usuli deb biladi. Biroz to‘xtab, diqqat bilan qarashni taklif qilamiz: biz boshqa madaniyatlardan nima olayapmiz, bu qanday qabul qilinadi va buni hurmat bilan amalga oshirish mumkinmi?
Bema’nilik oqibatlari
Madaniy o‘zlashtirish deganda, sizga tegishli bo‘lmagan madaniyat unsurlaridan tushunmasdan, mazmun-mohiyatini anglamasdan yoki ruxsat olmasdan foydalanish nazarda tutiladi. Bu kiyim, marosim, soch turmagi, musiqa uslubi kabi jamiyat uchun ahamiyatli bo‘lgan, biroq moda yo‘nalishi yoki tijorat mahsulotiga aylantirilgan barcha narsalar bo‘lishi mumkin. Bunda ko‘pincha o‘zlashtirish tengsizlik sharoitida, ya’ni ozchilik madaniyati unsurlaridan hukmron guruh vakillari foydalanganda sodir bo‘ladi.
Muammoning mohiyati kimningdir “o‘zganing narsasini olishi”da emas, balki buni qanday amalga oshirishidadir. Unda ma’no-mazmunni anglashga qiziqish, tushunish istagi bormidi? Yoki faqat boshqalardan ajralib ko‘rinish istagimi? Madaniyatning o‘zi bu almashinuvdan biror naf ko‘rdimi?

foto: Museo de Arte Latinoamericano de Buenos Aires
O‘zlashtirilgan har bir narsa madaniy apriopriatsiya bo‘lavermaydi
Madaniy o‘zlashtirishni madaniy almashinuvdan farqlash muhim. Almashinuv teng huquqli asosda, hurmat bilan va ikki tomonning ishtiroki bilan sodir bo‘ladi. Masalan, agar siz biror tadbirga tashrif buyursangiz va sizni an’anaviy libos kiyishga taklif qilishsa, bu aloqa o‘rnatish va yaqinlikni his qilish usulidir. Bu o‘zlashtirish emas, balki taklif. Ilhom, xuddi do‘stlik kabi, o‘zaro munosabatni talab etadi.
Shuningdek, hamkorlik tushunchasi ham mavjud – bunda turli madaniyat vakillari birgalikda ishlaydilar, muhokama qiladilar, kelishib oladilar, nafaqat g‘oyalarni, balki foyda, e’tibor va eshitilish imkoniyatini ham baham ko‘radilar. Bunday holda, natija hech kim o‘zlashtirmaydigan umumiy maydonga – yangi tarixga aylanadi.

foto: Pushkin Museum of Fine Arts
Estetik emas, axloqiy chegaralar
Madaniy o‘zlashtirishning nima uchun g‘azablanishga sabab bo‘lishini tushunish uchun bu hodisa tegishli bo‘lgan kishilarni tinglashga harakat qilish lozim. Bir paytlar kamsitilgan madaniyat unsurlari to‘satdan urfga aylanishi qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi. Nima uchun bu madaniyatning bir qismi bo‘lganlarga “bu juda g‘alati”, “bu norasmiy”, “bu xalaqit beradi”, deyilgan bo‘lsa-yu, endi xuddi shu narsalar boshqa, “oq tanli” yoki “oqim” ijrosida tan olinib, tijorat muvaffaqiyatiga erishmoqda?
Bu yerda gap rashk yoki boshqalarning qiziqishini taqiqlashga urinish haqida emas. Gap tenglik va hurmat haqida. Ko‘plab buyumlar, naqshlar, imo-ishoralar ortida tarix yotadi. Ba’zida esa – jarohat. Buni bilishmasa yoki bilishni istamasalar – sizni payqashmayotgandek tuyuladi. Yoki sizdan foydalanilayotgandek bo‘ladi.
Hammamiz o‘zgalar qiyofasida o‘zgamiz
Biz madaniyatlararo almashinuvdan voz kecha olmaymiz va voz kechmasligimiz kerak. Ammo buni qanday amalga oshirayotganimizni yodda tutish muhim. Ilhomlanishdan oldin o‘zingizga savol berishingiz lozim: buning kelib chiqishini tushunyapmanmi? Uning ma’nosini bilamanmi? Men buni bilishni xohlaymanmi? Men foydalanayotgan madaniyat vakillarini so‘z, amal, hamkorlik bilan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga egamanmi?
Hurmat qiziqishni rad etishdan emas, balki tinglashga tayyor bo‘lishdan boshlanadi. Birovning ustidan muallif emas, umumiy narsaning ishtirokchisi bo‘lish. Foydalanish emas, balki bog‘lanish. Shunda har qanday naqsh, har qanday tovush, har qanday harakat nizoga sabab bo‘lmay, balki aloqa nuqtasiga aylanadi. Haqiqiy ovoz, haqiqiy yuz va jonli, haqiqiy “biz” ortida turgan ilhomga aylanadi.

foto: Musée d'Orsay, Paris
Shubhasiz, esda tutish kerakki, madaniyat – bu kimdir yashaydigan uy. Biz u yerga kirishimiz mumkin. Biroq eshik shunchaki ochilmaydi. U hurmat, ma’noga qiziqish va muloqot evaziga ochiladi. Agar kirishga qaror qilsangiz, buni e’tibor bilan amalga oshirishga intiling. Shunda, ehtimol, begona narsa sizga yaqin bo‘lib qolar.