Marokash: Sharq ertaklariga sayohat

Qayerga borish, nimalarni tomosha qilish va tatib ko‘rish mumkin

Fotо: Pexels

Marokash qiziqarli tarix, ajoyib me’morchilik va o‘ziga xos oshxonaga ega sehrli mamlakatdir. Bu yerda Sharqning qadimiy an’analari va go‘zal tabiat manzaralari uyg‘unlashgan. ELLE O‘zbekiston tahririyati qayerga borish, nimalarni tomosha qilish va albatta nimalarni tatib ko‘rish kerakligi haqida so‘zlab beradi.

Marrakesh va Jema al-Fna maydoni

Marrakesh Marokashning yuragi hisoblanadi, u o‘zining rang-barang bozorlari va qadimiy saroylari bilan mashhur. Mamlakatning bosh maydoni Jema al-Fna – Sharq sehri jonlanadigan joy: morbozlar, ko‘cha san’atkorlari, sirli hikoyachilar. Havoni ziravorlar, qovurilgan go‘sht va yangi siqilgan apelsin sharbatining xushbo‘y hidi tutadi. Bu yerda an’anaviy ko‘cha taomlarini tatib ko‘rish, ochiq osmon ostidagi tomoshalardan bahramand bo‘lish va asrlar davomida o‘zgarmagan muhitga sho‘ng‘ib, Marokashning haqiqiy ritmini his etish mumkin.

Fotо: Pexels

Fes va uning qadimiy madinasi

Shahar charm, sovun va ziravorlar hidiga to‘yingan tor ko‘chalar labirintiga o‘xshaydi. Fesning madinasi dunyodagi eng qadimiylaridan biri bo‘lib, Shauarning charmni qadimgi usulda qayta ishlaydigan ustaxonalari yuzlab yillar avvalgidek saqlanib qolgan.

Fotо: Pexels

Mashhur Shefshauen moviy shahri

Bu ajoyib shahar butunlay moviy va zangori ranglarga cho‘mgan. Gultuvaklar bilan bezatilgan tor ko‘chalar kichik maydonchalarga olib boradi, bu yerda mehribon mahalliy aholi bilan uchrashib, bemalol yalpizli choy ichish mumkin. Qadimgi afsonalarga ko‘ra, moviy rang osmon va ma’naviyat ramzi bo‘lib, shaharning o‘zi esa ulug‘vor Rif tog‘lari orasida yashiringan tinchlik va osoyishtalik vohasidir.

Fotо: Pexels

Sahroi Kabir va Erg-Shebbi qumtepalari

Sahroga yetib borgach, tuya karvoni bilan sayohatga chiqish, oftob sahroni olov ranglariga bo‘yaydigan maftunkor ufqni kuzatish va an’anaviy berber chodirida tunash mumkin.

Fotо: Pexels

Es-Suveyra – shamollar, serfingchilar va san’atkorlar shahri

Atlantika sohilidagi bu shaharchada oq-ko‘k uylar shovqinli baliqchilar bandargohlari va eski madinaning tor ko‘chalari bilan yonma-yon joylashgan. Es-Suveyra nafaqat o‘zining ajoyib serfing to‘lqinlari bilan, balki eng yangi dengiz mahsulotlari taklif qilinadigan shinam qahvaxonalari bilan ham mashhur. Albatta tashrif buyurish lozim bo‘lgan joy – bu qadimiy Portugaliya qal’asi bo‘lib, u yerdan okeanning va cheksiz ufqning go‘zal manzaralari yaqqol ko‘rinadi.

Fotо: Pexels

Kasablanka va Hasan II masjidi

Zamonaviy Kasablanka frasuz me’morchiligi, keng xiyobonlar va gavjum bozorlarni o‘zida mujassam etgan jo‘shqin megapolisdir. Shaharning asosiy durdonasi Hasan II masjidi bo‘lib, u Atlantika okeanining shundoqqina ustida qad ko‘targan. Nafis mozaika, o‘ymakor shiftlar va ostidan dengiz ko‘rinib turgan shisha pol hayratga soladi. Uning 210 metr balandlikdagi minorasi esa dunyodagi eng baland minora hisoblanadi.

Fotо: Pexels

Marokash oshxonasi

Taomlar haqida gap ketganda, Marokash har bir taomlari ziravorlar, yangi masalliqlar va asriy an’analarni o‘zida mujassam etgan gastronomik kashfiyotga aylanadi. Sayohat davomida har bir kishi quyidagilarni albatta tatib ko‘rishi kerak:

  • Tajin – bu mashhur Marokash taomi bo‘lib, unda go‘sht sabzavotlar, ziravorlar va quritilgan mevalar bilan sopol idishda dimlanadi. Ayniqsa, qo‘y go‘shti va olxo‘rili tajinni tatib ko‘rish shart!
  • Kuskus – sabzavotlar, go‘sht va xushbo‘y sho‘rva bilan tortiladigan mayin bug‘doy yormasi. Juma kuni u an’anaviy tarzda Marokashning barcha xonadonlarida tayyorlanadi.
  • Harira – pomidor, no‘xat, yasmiq va ziravorlardan tayyorlangan to‘yimli quyuq sho‘rva. Ko‘pincha Ramazon oyida ro‘zadan keyin kuch-quvvatni tiklash uchun iste’mol qilinadi.
  • Pastilla – shirin va sho‘rning ajoyib uyg‘unligi: kaptar (yoki tovuq) go‘shti, bodom, dolchin va shakar kukuni solingan yupqa qatlamli pirog. Haqiqiy noyob taom!
  • Yalpizli choy – xushbo‘y va shirin bo‘lib, bu ichimlik Marokash mehmondo‘stligining haqiqiy ramzidir. U chiroyli shisha stakanlarda tortilib, ko‘p miqdorda yangi yalpiz qo‘shib damlanadi.

Fotо: Pexels

Maqolani baham ko'ring

Related articles