Mashg‘ulotlar sizga to‘g‘ri kelmasligini qanday bilish mumkin?
O‘z tanamizni tinglashni va to‘g‘ri yuklamani tanlashni o‘rganamiz

Sport energiyani olmasligi, balki quvvatlantirishi kerak. Agar mashg‘ulotdan so‘ng o‘zingizni shunchaki charchagan emas, balki butunlay “siqib tashlangan” his qilsangiz yoki tanangizda qandaydir o‘zgarishlarni sezsangiz, bu sizga ushbu yuklama mos keladimi-yo‘qmi o‘ylab ko‘rish uchun signal bo‘ladi.
Rivojlanish va natijalar ko‘rinmayapti
Bir necha hafta o‘tsa-da, chidamlilik oshmasa, mushaklar mustahkamlanmasa, tana o‘zgarmasa-chi? Bu shuni anglatishi mumkinki, mashg‘ulot juda yengil yoki aksincha, organizmni tiklanish uchun resurslari yetishmaydigan darajada toliqtiradi. Natijada, mashg‘ulotlarning ijobiy ta’siri va natijalari kuzatilmaydi.
Doimo og‘riq va noqulaylik his qilasiz
Mushaklarning yengil charchashi tabiiy holat, ammo bo‘g‘imlar, bel yoki paylaringizdagi o‘tkir og‘riqlar qiynasa, bu xavotirli belgi. Mashqlarni bajarish texnikangiz noto‘g‘ri yoki yuklama sizning darajangizga mos kelmasligi mumkin. Bundan tashqari, agar mashg‘ulotdan keyin bir necha kun ketma-ket o‘zingizni holsiz his qilsangiz, bu ham me’yoridan ortiq mashq qilayotganingizni ko‘rsatishi mumkin.

Fotо: Pexels
Zerikayapsiz va sport zaliga borishga ishtiyoqingiz yo‘q
Agar mashg‘ulotdan zavqlanmasangiz, undan qochishni boshlasangiz yoki majburlab shug‘ullansangiz, balki faoliyat turini o‘zgartirish vaqti kelgandir. Majburiyatga aylanib qolmaydigan, balki yoqadigan sport turini topish muhimdir.
Tez-tez kasal bo‘layapsiz yoki surunkali charchoqni his qilayapsiz
Haddan tashqari yuklamalar immunitetni zaiflashtirishi mumkin. Agar tez-tez shamollash, doimiy holsizlik yoki uyqu bilan bog‘liq muammolarni his qila boshlasangiz, ehtimol tanangiz mashg‘ulot rejasini qayta ko‘rib chiqish kerakligi haqida signal berayotgandir.
Bunday vaziyatlarda nima qilish kerak?
Eng muhimi, tanangiz va sezgilaringizga quloq soling. Dasturni o‘zgartiring, mashg‘ulot shiddatini kamaytiring yoki yangi sport turini sinab ko‘ring. Mashg‘ulotlar sizni charchatishi va ruhiy tushkunlikka solishi emas, balki kuchliroq va baxtliroq qilishi kerak.