Milan FW Menswear 2026
Milandagi erkaklar moda haftaligining eng yorqin lahzalari: uslub, erkinlik va erkaklikning yangicha talqini

20-iyundan 24-iyungacha Milanda jazirama issiq o‘z o‘rnini zamonaviylikka bo‘shatib berdi, chunki u yerda erkaklar modasi haftaligi o‘tkazildi. Bu yil dizaynerlar nafaqat 2026-yil bahor va yozi uchun erkaklar kiyim-kechaklarini taqdim etishdi, balki erkaklik tushunchasini qayta ko‘rib chiqishga ham jur’at etishdi.
Namoyishlar ketma-ketligini Setchu ochdi – Milandagi moda haftaligida paydo bo‘lishi yapon brendi uchun debyut bo‘ldi. LVMH Prize 2023 mukofoti sovrindori dizayner Satoshi Kuvata baliq ovlash mavzusidan ilhom oldi: to‘plam gender jihatidan neytral bo‘lib, baliqchilik elementlariga urg‘u berdi, yapon va g‘arb bichimlari uyg‘unlashuvi hamda nozik hunarmandchilik bilan ajralib turdi.

foto: Spotlight / Setchu
Paul Smith ham Milan moda haftaligida o‘zining birinchi namoyishini taqdim etdi: garchi Parijda ser Pol Smit uzoq vaqtdan beri o‘zini uyidagidek his qilsa-da, aynan shu yerda u mavsumning eng yorqin va esda qolarli kolleksiyalaridan birini ko‘rsatdi. Eng yaxshi Britaniya an’analaridagi bo‘shashgan klassika: rangli ko‘ylaklar, bo‘yinbog‘lar va kamarlar tinchroq ranglar bilan uyg‘unlashib, erkak bir vaqtning o‘zida ikkisidan birini tanlamasdan ham jiddiy, ham yengil bo‘lishi mumkinligini his qildirdi.

foto: Spotlight / Paul Smith
Dolce&Gabbana esa butunlay pijama ziyofatini uyushtirdi. Ipak kostyumlar, erkin bichim, yarim shaffof matolar va yaltiroq detallar Italiyaning qayeridadir joylashgan besh yulduzli mehmonxonada shoshilmasdan o‘tadigan ertalabki kayfiyatni yaratdi. Ushbu tasvirlarga ko‘ra, 2026-yil bahor-yozi “muvaffaqiyatli muvaffaqiyat”ni emas, balki erkinlik, qulaylik va hayotdan zavqlanish tuyg‘ularini va’da qilmoqda.

foto: Spotlight / Dolce&Gabbana
Namoyishlarni Giorgio Armani yakunladi – garchi maestro sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli so‘nggi ta’zimga chiqmagan bo‘lsa-da, uning ishtiroki sezilib turardi. Brend DNKsi ko‘kdan kumush-kulranggacha bo‘lgan barcha tuslarda, erkin bichimda, juda klassik ko‘rinishda O‘rta yer dengizi uslubini eslatuvchi dizaynda namoyon bo‘ldi. Kolleksiya musaffolik bilan to‘la edi – haqiqiy moda haftaligining yakuni aynan shunday bo‘lishi kerak.

foto: Spotlight / Giorgio Armani
Milandagi 2026-yil bahor-yoz erkaklar moda haftaligi erkinlik, o‘ziga xoslik va yumshoq kuch uchun imkoniyat yaratdi. Endi Parijga o‘tamiz – Fransiya poytaxti bizni nima bilan hayratga solishini ko‘ramiz.