Modami yoki ilmiy fantastika?

3D-printerda chop etilgan liboslar, havoda muallaq turuvchi shakllar va suv osti dunyosi unsurlari. Bularning bari Iris van Herpenni eslatadi

Foto: Spotlight

Gollandiyalik dizayner Iris van Herpen namoyishlarida san’at va kelajak yaxlit bir butunlikka aylanadi. U yangi texnologiyalarni biz uchun odatiy bo‘lgan nabotot va hayvonot dunyosining shakl-shamoyillari bilan mahorat ila uyg‘unlashtiradi.

Iris van Herpen 1985-yilda Niderlandiyaning Vamel qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolaligini esa televizor ko‘rib o‘tkazmagan. U skripka chalish, balet, rasm chizish bilan faol shug‘ullangan, bo‘sh vaqtlarida esa Yevropa tabiatining go‘zal manzaralarini tomosha qilishni yoqtirgan. 

Onasi zamonaviy raqslar o‘qituvchisi, otasi esa suv ta’minoti xizmatida ishchi bo‘lgan. Qiziq tomoni,  onadan san’at sohasiga qiziqishni, otadan bo‘lsa tabiatga muhabbatni meros qilib olgan dizayner bu ikkisini o‘z liboslarida birlashtirdi. 

Raqslarga kelsak, balet mashg‘ulotlari Irisning hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatdi. "Agar faoliyatimni bir so‘z bilan ifodalash kerak bo‘lsa, bu “harakat” so‘zi bo‘lar edi. Klassik balet menga nafaqat shaklni ko‘rishni, balki uning evolyutsiyasini anglashni o‘rgatdi". Qizaloqning bolaligidanoq ijod bilan tanishgani uning hayot yo‘lini belgilab berdi, deyish mumkin. Zero, aynan shu Iris van Xerpenda harakat va shakllarni nozik his etish qobiliyatini shakllantirdi.

Foto: Spotlight

Iris van Herpen brendining yaralishi

2007 yil Iris van Herpen ning hayotida burilish yili bo‘ldi. ArtEZ san‘at akademiyasida qunt bilan o‘qib, Claudy Jongstra va Alexander McQueen‘dagi amaliyotlarni tugatgach, u aynan shu yilb o‘z kiyim brendiga asos sollb. Kutyurening taʼkidlashicha, bu qaror ijodiy salohiyatni namoyon etishga bo‘lgan intuitiv intilish edi. G‘oya quruq biznes strategiyasiga ergashish emas, balki erkin ijod qilish istagiga asoslangan edi. Iris nafaqat modani ommalashtiradi, balki moda sanoatini odatiy chegaralardan tashqariga olib chiqishga intiladi.

Foto: Spotlight / Van Herpen

Crystallization (2010) - moda olamidagi debyut

Iris van Herpen haqiqiy shov-shuvga sabab bo‘ldi. U o‘z asarlarida 3D bosma texnologiyasini qo‘llagan ilk dizaynerga aylandi. 2010-yilda uning Daniel Widrig bilan hamkorlikda yaratgan “Crystallization” to‘plami taqdim etildi. 2009-yilda o‘z byurosini ochgan mazkur me’mor ilgari Zaha Hadid studiyasi kabi mashhur me’morchilik firmalarida ishlagan edi. Loyihada jahon 3D bosma texnologiyalari sohasida yetakchi hisoblangan Belgiyaning “Materialise” kompaniyasi ham ishtirok etdi. Iris bu to‘plamni shunday tasvirlaydi: "Suvning kristall shakliga kirishini tasavvur qiling: suyuq holatda mayin va oquvchan, shu bilan birga qattiq ham. Muzlagan holatida esa matematik jihatdan aniq". Poliamid asosda 3D-printerda bosib chiqarilgan top yuqori moda sohasidagi texnologik taraqqiyotning inqilobiy ramziga aylandi. Uning zamonaviy dizaynini echki terisidan ishlangan, akril plastinalar bilan bezatilgan nafis yubka yubka to‘ldirdi.

Foto: Instagram / irisvanherpen

Iris van Herpenning Crystallization to‘plamidagi yana bir esda qolarli obraz - dengiz chig‘anog‘iga o‘xshash bo‘rtma yuzali jaket. Uning e’tiborga molik jihati atrofidagi yog‘dusidir. Suv to‘lqinlari kabi ko‘rinadigan bu yog‘du shaffof akrildan yasalgan.

Foto: Instagram / irisvanherpen

Crystallization debyut to‘plamidagi liboslar baliq tangachalari kabi jilvalanadi. Egiluvchanlik va qattiqlik o‘rtasidagi bu uyg‘unlik moddiyat va ruhiyatdan iborat dunyoimizning dual tabiatini eslatadi. Iris van Herpen shakllarining bunday ko‘p qirraliligi hayotning turli sohalarida faoliyat olib boruvchi insonlarni o‘ziga tortadi. Bu liboslar yulduzlarni ham, kolleksionerlarni ham birdek rom etadi.

Foto: Instagram / irisvanherpen

Iris van Herpen yulduzlar yog‘dusida

Podiumdagi muvaffaqiyatli debyuti bois Iris van Xerpen kino, musiqa va moda sanoati jahon yulduzlari eʼtiboriga tushdi. Brend bilan yulduzli hamkorlikning eng yorqin misollaridan biri - qo‘shiqchi Grimesning Met Gala (2021) sahnasiga  afsonaviy “Bene Gesserit” libosida chiqishi bo‘ldi. Qo‘shiqchi uchun individual buyurtma asosida yaratilgan mazkur libosning beqiyosligi uni tikishga 900 soat vaqt va 26 metr shoyi matosi sarflanganidadir. Grimes esa bu libos yaratilayotgan paytda o‘zini ilmiy-fantastik roman qahramoniday his qilganini taʼkidlaydi.

Foto: Instagram / irisvanherpen

Iris van Herpen shaxsiy loyihasida ilhom parisi bo‘lish baxti Natalie Portmanga ham nasib etdi. Kino yulduzi "Aerology Jumpsuit" nomli obrazda namoyon bo‘ldi. Bu qiyofa “Thor: Love and Thunder” (2022) filmi ekranlarga chiqishi arafasida Natalie Vanity Fair jurnali muqovasida namoyon bo‘lishi uchun maxsus yaratilgan edi. Aktrisa egnidagi kombinezon yuqori texnologik libos bo‘lib, ritsarlar sovutini eslatadi. U go‘yo iste’dodli Portman ijro etgan film qahramonining jangovar ruhini aks ettirganday ko‘rinadi.

Foto: Instagram / irisvanherpen

2023-yildagi “Renaissance Tour” davomida qo‘shiqchi Beyoncéning eng yorqin libosi “Heliosphere Dress” ham Iris van Herpen tomonidan pop yulduzning sahna obrazi uchun maxsus yaratilgan. Qayta ishlangan silikon, ko‘plab kristallar, patlar va metall elementlaridan foydalanib ishlangan ko‘ylak projektorlar nuri ostida yarqirab turardi. Shleyfning havodek yengil harakati tufayli Beyoncé sahnada parvoz qilayotgandek ko‘rinar edi. Bu obraz hatto “nur va quvvat portlashi”ga qiyoslanib, Parijdagi “Sculpting the Senses” ko‘rgazmasiga kiritildi. U sahna san’ati va yuqori moda uyg‘unligining yaqqol timsoliga aylandi.

Foto: Instagram / irisvanherpen

Sympoiesis namoyishidagi “Jonli libos” (2025)

Iris van Xerpenning kreativ yondashuvi yuqori modada ilgari umuman qo‘llanilmagan texnologiyalarni ishlab chiqishga undadi. 125 million biolyuminessent suv o‘tlaridan yaratilgan “Jonli libos” joriy yilning iyul oyida Paris Haute Couture Week doirasida taqdim etildi. Sympoiesis to‘plami namoyishida barchani lol qoldirgan ushbu ko‘ylakdagi suv o‘tlari maxsus ishlab chiqilgan havo bilan to‘yintirilgan ozuqa muhitiga joylangan edi. Libosning o‘zi bo‘lsa podiumda dengiz yuzasida suzayotgandek harakatlanayotgan model qadamlariga monand ravishda yonib-o‘char edi.

Foto: Spotlight

Sympoiesis to‘plami namoyishida ko‘plab qiziqarli obrazlar taqdim etildi. To‘rli nafis korsetlardan havo oqimlarini eslatuvchi ridolargacha. Jonli, kinetik patlar, yaltiroq ekzoskeletlar va boshqa noodatiy detallar 2025-iyul to‘plamining ajralmas qismiga aylandi.

Foto: Spotlight

Foto: Spotlight

Iris van Herpen ArtEZ akademiyasining yosh bitiruvchisidan to yuqori moda olamidagi inqilobchiga aylangunicha uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Dizayner podiumni ilmiy laboratoriyaga aylantirishni xush ko‘radi. Iris van Herpen yaratgan yuqori moda namunalarini dunyoning eng mashhur yulduzlari “jon” deb kiyadi. Uning to‘plamlari nafaqat yuqori moda olamini qamrab oladi, balki ilmiy doiralarda ham qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqaradi. 

Iris uchun moda – bu reallik va tasavvur tutashadigan nuqta. Uning o‘zi aytganidek: “Men kiyim loyihalashtirar ekanman, chegaralarni kengaytirishga va biz o‘zimizga qo‘yadigan mana shu cheklovlar tushunchasini o‘zgartirishga harakat qilaman. zero, voqelik va orzu chambarchas bog‘langan”.

Uning asarlarida shakl she’riyati va kelajakning o‘ziga xos tili uyg‘unlashadi. Iris van Herpen oddiy kiyim tikibgina qolmay, moddaning turli holatlari va nanotexnologiyalar bilan mohirona ishlaydi. Bu jasorati va mumkin bo‘lgan narsalar doirasidan tashqarida fikrlash qobiliyati bois uning asarlari inson xotirasida muhrlanib qoladi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles