Mukammal shtrix: SS 2025 to‘y manikyuri
Har qanday didga mos keluvchi trendlar

To‘y kuni har bir kelin o‘z orzusidagi qiyofani yaratishga intilib, benuqson ko‘rinishga ega bo‘lishni xohlaydi. Ko‘ylak, soch turmagi, pardoz va, albatta, tirnoqlar bular yakuniy shtrixdir.
Ammo to‘y manikyuri haqida qaror qabul qilish ko‘pincha o‘ylaganidan ham murakkab bo‘ladi. Uzun tirnoqlarmi yoki kaltami? Nud rangmi yoki yorqin va e’tiborni tortadiganmi? Nozik neyl-artmi yoki mutlaq minimalizm, hattoki qoplamasiz “toza” tirnoqlargacha? Keling, to‘g‘ri tanlov qilishga yordam beradigan 2025-yilgi to‘y manikyurining asosiy tendensiyalarini ko‘rib chiqaylik.
Tabiiylik – asosiy yo‘nalish
2025-yilda minimalizm va soddalik modasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Tobora ko‘proq qizlar, jumladan, jahon yulduzlari gel-lakdan voz kechib, qoplamasiz manikyur yoki tirnoqlarning tabiiy go‘zalligini ta’kidlaydigan nozik ranglardagi yarim shaffof laklarni afzal ko‘rishmoqda.
Joriy yilning may oyida to‘yi bo‘lib o‘tgan aktrisa Fibi Tonkin tirnoqlarini qoplamaslikni tanladi – suratlarda qizning qo‘llari juda ozoda va tabiiy ko‘rinadi.

fotо: instagram \ @ victoriabaron
Selena Gomes va Benni Blankoning unashtiruv kunida aktrisaning tirnoqlari fotosuratlarda zo‘rg‘a seziluvchi nozik yarim shaffof lak bilan qoplangan edi.

fotо: instagram \ @selenagomez
Frenchga yangicha nazar
Fransuz manikyuri (french) kelinlar orasida eng mashhur uslublardan biri bo‘lib kelgan va hamon shunday. Qizlar o‘n yillardan beri bu dizaynni uning betarafligi, ayollik nafosati va dolzarbligi uchun afzal ko‘rishadi.
Biroq, bu yil o‘ta nozik french uslubi urf bo‘lmoqda: tirnoq chetidagi ingichka oq chiziq manikyurga yanada nafisroq ko‘rinish baxsh etadi.

fotо: instagram \ @gel_bymegan
Yorqinlik va jilva – xrom, sadaf, sir
2024-yilda modaga kirgan yorug‘lik va yaltiroqlikni aks ettiruvchi xrom, sadaf va “sirlangan” tirnoqlar bugungi kungacha trendda qolmoqda – ular, shubhasiz, e’tiborni tortadi va atrofdagilarning hayratini uyg‘otadi. Bu qo‘llarining nafisligini va parvarishliligini saqlab qolishni, ularni murakkab naqshlar bilan haddan tashqari bezamaslikni, ayni paytda manikyurga “o‘ziga xoslik” qo‘shishni istagan kelinlar uchun eng maqbul yechimdir.
Qoplamaning har uchala turiga xos bo‘lgan silliq, deyarli ko‘zgusimon yuza kelin qiyofasiga zamonaviylilk va yengil joziba baxsh etadi hamda to‘y libosining har qanday bichimi va uslubiga mos keladi – xoh qat’iy, sodda va minimalistik bo‘lsin, xoh an’anaviyroq.

fotо: instagram \ @thehotblend