“Musiqa yodda qolarli bo‘lishi kerak”

O‘zbek kompozitori Dilorom Amonullayevaning ijod yo‘li

Foto Dilorom Amonullayeva tomonidan taqdim etildi

Shubhasiz, ko‘plab o‘zbekistonliklar “Sharq taronalari” festivalining tashrif qog‘oziga aylangan madhiyasi va ushbu iste’dodli bastakorning boshqa asarlarini o‘z hayotida hech bo‘lmaganda bir marta eshitgan. Ularning aksariyati bir paytlar xit bo‘lib, deyarli har bir xonadonda yangragan.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, Milliy estrada san’ati instituti estrada qo‘shiqchiligi kafedrasi mudiri Dilorom Amonullayeva 1959-yil 1-oktyabrda musiqachilar oilasida tug‘ilgan. Iqtidorli qizaloq bolaligidan V. Uspenskiy nomidagi maxsus musiqa maktabining professor A. M. Litvinov rabarligidagi fortepiano sinfida shug‘ullana boshladi. Dilorom Amonullayeva o‘zining serqirra ijodi bilan mamlakat musiqa rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan.

Elle O‘zbekiston tahririyati kompozitorni tavallud kuni bilan tabriklab, unga uzoq umr tilaydi!

  1. Ota-onangiz, bolaligingiz haqida so‘zlab bering. Bu kasbga qanday kirib kelgansiz?

      Kasbim ko‘p janrli, men faqat kompozitor emasman. Simfonist-kompozitorlar bor, shingdek, qo‘shiqlar uchun musiqa yozadiganlari ham. Men ikki janrdagi qo‘shiqlar yozaman: bolalar va kattalar uchun. Mening 250 dan ortiq qo‘shiqlarim bor, ulardan 100 tasi faqat bolalar uchun va har bir yosh toifasi uchun turli kategoriyadagi qo‘shiqlarim bor.

Mening kattalar uchun qo‘shiqlarim xilma-xil: nafaqat pop qo‘shiqlari, balki romanslar ham. Masalan, mening ijodimda shunday yangilik bor: Nodira va Cho‘lpon she’rlariga estrada janridagi romanslar bastalaganman. Balladalar, o‘zbek jaz qo‘shiqlari ham bor. Bularning barchasi mening darsliklarimda – 9 ta o‘quv qo‘llanmada chop etilgan.

Bundan tashqari, men simfonik musiqa yozaman. Masalan, hozir yana bir konsert yozib tugatdim. Bu mening birinchi kasbim.

Mening boshqa kasbim pedagoglik bo‘lib, u menga ota-onamdan meros qolgan. Bobom butun umrini maorifga bag‘ishladi, olis qishloqlarda maktablar ochdi, otam Darvin Amonullayev ham uning izidan bordi. U Konservatoriyaning “Opera qo‘shiqchiligi” bo‘limini tamomlagan.  Nizomiy nomidagi Pedagogika institutida musiqa fanlarini o‘qitish metodikasi kafedrasi professori va mudiri bo‘lib ishlagan. Onam ham musiqachi-pedagog.

Dilorom Amonullayeva va otasi Darvin Amonullayev qalamiga mansup o‘quv qo‘llanmalari

Men oilam belgilagan yo‘ldan borardim. 12 yoshimdan boshlab ustozim hurmatli Boris Zeydman qo‘lida professional kompozitsiya bilan shug‘ullana boshladim.

2. Sizga  shug‘ullanayot ishingiz doim yoqqanmi yoki kasbingizni o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rgan paytlaringiz bo‘lganmi? Ovozingiz juda yaxshi, nega bu yo‘nalishda rivojlanmadingiz?

90-yillarda men estrada janrida qo‘shiqlar yozishni boshladim, ular oxir-oqibat xitlarga aylandi. Men ularni o‘zim ham kuylay olardim va ba’zi lahzalarni yaxshiroq his qilar, ularni yaxshiroq ifodalay olardim. Ammo birinchi erim mening fikrimga qo‘shilmagan, hatto otam ham bunga qarshi edi.

16 yoshligimda meni qo‘shiqchi qilmoqchi bo‘lishdi. Hatto bir qancha muddat shug‘ullandim, repertuar tayyorladim va musiqa festivaliga borishim kerak edi. Ammo otam bunga yo‘l qo‘ymadi va shunday dedi: “Tanla, qo‘shiqchilar ko‘p, senga esa Xudo bastakorlik in’omini bergan, bu hammaga ham nasib etmaydi. Sen kompozitor sifatida o‘zingni ko‘rsatishing kerak.” Menda ikki tanlov bor edi: musiqa yozish yoki qo‘shiq kuylashni davom ettirish. U mening bu estrada hayotiga butunlay sho‘ng‘ib ketib, bastakorlikni tashlab yuborishimdan qo‘rqardi.

Shunday paytlar bo‘ldiki, ba’zan qo‘shiqlarimni turli xonandalarga berardim, yig’lardim chunki tirikchilik uchun pul topish kerak edi. Ammo men bu qo‘shiqlarning muallifi sifatida ulardan kutgan ijroni ololmadim. Mening tasavvurim butunlay boshqacha edi. Qo‘shiqchilik karyerasi haqidagi orzumni amalga oshira olmadim.

Mening eng mashhur qo‘shiqlarim iste’dodli xonanda Kumush Razzoqova tomonidan ijro etildi. U ijodimning bosh ijrochisi edi, ikkimiz mukammal tandemga ega edik. Bu xitlar nafaqat unga, balki menga ham shuhrat keltirdi.

Dilorom Amonullayeva va Kumush Razzoqova

3. “Bibixonim” asarini yozish rejangizda bor edi. Bu hali ham rejalarmi yoki jarayon boshlandimi?

20 yoshligimda Samarqanddagi safarlarimdan birida Bibixonim masjidi xarob holga kelganini ko‘rdim. Arxitektura yodgorligining ko‘rinishi ayanchli bo‘lishiga qaramay, men chuqur ta’sirlandim. Uyga qaytgach, mening “Bibixonim xarobalari yonida” degan asarim dunyoga keldi. Undan keyin “Go‘ri Amir”, “Bog’i Shamol”, “Ulug‘bek yulduzlari” kabi pyesalar yozildi.

90-yillarda “Bibixonim xarobalari yonida” notalari juda mashhur bo‘lib ketdi: boshqa mamlakatlarga borgan pianinochilar bu asarni ijro etishdi va u butun dunyoga tarqaldi.

Bibixonim siymosi hamisha ko‘z o‘ngimda gavdalanardi. Bu mening ijodimning bosh chizig‘i va mavzusi: ushbu yodgorlikning rangi, obrazi va hatto hidi nafaqat mening hayotimda, balki barcha asarlarimda seziladi.

Men shu mavzuda biron-bir myuzikl yoki estrada rejasiga mansub asar yozishni juda-juda istardim. Ammo bu professional libretto, shoir bilan jiddiy ishlashni talab qiladi. Bizda hali birorta shoir bunday ishga tayyor emas. Men ko‘p odamlar bilan gaplashishga, ularni qiziqtirishga harakat qildim, ammo hozircha hech narsa chiqmadi.

4. Sizning ikkita baletingiz bor, ular haqida gapirib bering.

Bir kuni tushimga Amir Temurning o‘zi kirdi va menga: “Siz 30 ta asar yozib, ularni maydonda qo‘yasiz,” – dedi. Qizig‘i shundaki, u o‘ramni ochib, “1362”  raqamiga ishora qildi. Men bu raqamni eslab qoldim va uyg‘onib, uni esdan chiqarmaslik uchun yozib qo‘ydim. Internetni ochib, shu yili Temur oyog‘idan yaralanganini, natijada uni “Tamerlan” (oqsoq Temur) deb atay boshlashganini bilib oldim.

Musiqa shunday oqib kelardiki, tasavvuringizga sig‘dirolmaysiz. Keyin pandemiya boshlandi, 2020-yil. Sibelius (partituralar nota muharriri dasturi – tahr.) dasturini o‘zlashtirib olib, uyda o‘tirib ishladim va deyarli bir yil ichida butun baletni yozdim.  Keyin men Amir Temur baletining butun dunyoda mashhur bo‘lgan bir necha qismlarini transkripsiya qildim.

Yaqinda “Ipak yo‘li” nomli yana bir baletni tugatdim.

Umid qilamanki, bu asarlar teatrimiz sahnasida qo‘yiladi.

Amir Temurni shafqatsiz istilochi sifatida tasvirlaydigan ko‘plab asarlar mavjud. Lekin men uni boshqa tomondan – san’at va adabiyotni qadrlaydigan, o‘qimishli odam sifatida ko‘rsatmoqchi edim. U qayerga bormasin, o‘zi bilan eng yaxshi ustalarni olib kelardi. U olimlarning homiysi edi va hech qachon ularga yomonlik qilmagan. U o‘z davrining tengsiz shaxmatchisi edi, unga hech kim bas kelolmagan. Hayotining murakkab damlarida u ana shu yurishlarni o‘ylab o‘tirib dam olardi. Men bu mavzuda juda ko‘p kitoblarni o‘qib chiqqanman. Lekin, fikrimcha, bu donishmand sarkarda haqida hali hech kim tosh bosadigan asar yozganicha yo‘q.

5. Musiqada siz uchun nima muhim? Nimalar haqida yozasiz?

Men odamlarni o‘zidan uzoqlashtiradigan va o‘zida qiziqish uyg‘otmaydigan  musiqa yaratishni xohlamayman, har doim ijrochining fikrini so‘rayman. Aytaylik, men skripka yoki fortepiano uchun asar yozdim va ijrochi: “Dilorom Darvinovna, mana bu yerda nimadir takrorlanmoqda, uni o‘zgartirish mumkin”, deydi, misol uchun. Men o‘ylab ko‘raman va balki o‘zgartirishim mumkin. Yoki vokal asarlarda  kamchiliklarni ko‘rishim va talabalar bilan ishlaganda ularni tuzatishim mumkin. Buni ijod deydilar, uni sayqallash va yuqori darajaga olib chiqish kerak.

O‘quvchilarim meni tez-tez ilhomlantirib turishardi va menda yangi g‘oyalar paydo bo‘lardi. Yaxshi odamlar meni to‘ldirar va qandaydir odam bilan muloqotdan olgan ilhomim yangi musiqani vujudga keltirar edi.

Mening musiqamda hissiyot bor, mantiq bor. Musiqa esda qolarli bo‘lishi lozim. U shunday yozilishi kerakki, bir marta eshitgan odam uni eslab qolsin.

6. Sevimli kompozitorlaringiz kimlar?

Men Uspenskiy maktabida o‘qiganman. Sevimli bastakorlarim o‘zining musiqasi bilan meni doimo hayratga solgan Bax, Betxoven, shuningdek, Shopen, Chaykovskiy, Raxmaninov, Rimskiy-Korsakovlardir. Ammo keyin to‘satdan Debyussi, Ravel singari fransuz impressionistlarini o‘zim uchun kashf etdim. Raveldan Rimskiy-Korsakovning orkestrini eshitdim. Keyin Shostakovich bilan Prokofevni o‘zim uchun kashf etdim, ularsiz men hozir yashay olmayman.

7. Qaysi musiqadan yig‘lagingiz keladi?

Ko‘ngildan yozilgan klassika. Misol uchun, Shopen musiqasi, uning umri juda qisqa, ammo unda juda ko‘p hayotsevarlik bor. Men uni eshitib yig‘layman. Ba’zan o‘z musiqamni yozayotganimda ko‘zlarimdan yosh oqadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles