Muzeylar bo‘ylab sayohat
Dunyo va O‘zbekistondagi eng taniqli muzeylar haqida gapiramiz
Siz qachon bo‘ lsa ham sirli artefakt oldida turdingizmi yoki ulkan muzey zallarida inson ijodi va tarixi haqidagi son-sanoqsiz hikoyalar bilan sehrlanib sayr qildingizmi?
Bolaning muzeyga tashrifi - uni ilhomlantirishi, o‘smirda qiziqish uyg‘otishi, kattalarda esa tarixiy buyumlarga yangicha qarash imkonini berishi mumkin. Chang bosib toshga aylangan suyaklar, qadimiy kulolchilik buyumlari, nafis rasmlar - bulardan har biri o‘z tarixga ega va har biri bizning kimligimiz va qayerdan kelganimiz haqida savollar uyg‘otadi.
Dunyo va mamlakatimizdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeylarga sayohatni rejalashtiring - kashfiyotlar olamiga sho‘ng‘ing:
Luvr, Parij
Luvr – Parijning yuragi. Dunyodagi eng katta komplekslardan biri. Bu fransuz qirollarining qarorgohi bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan kengayib, tobora chiroyli bo‘lib bormoqda. Luvr 800 yildan ortiq arxitektura tarixiga ega va bir nechta saroylardan iborat. Dastlab u monarxlar san‘at asarlarini to‘playdigan joy bo‘lib xizmat qilgan va bugungi kunda bu yerda muzey mavjud bo‘lib, uning eshiklari seshanbadan tashqari har kuni hamma uchun ochiq. Luvr omborlarida 480 mingdan ortiq eksponatlar ro‘yxatga olingan, ulardan atigi 36 mingdan ortig‘i ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Ushbu muzeyni bir kunda aylanib chiqolmaysiz. Siz bu yerga yana va yana qaytib kelishingiz kerak. Va biz sizga eng qadimgi saroy zallari bo‘ylab aql bovar qilmaydigan sayohatga chiqishdan oldin, birinchi navbatda muzeyning rasmiy sahifasiga tashrif buyurishingizni maslahat beramiz.
Doge's Palace, Venetsiya
Venetsiyaning asosiy me’moriy diqqatga sazovor joylaridan biri bu Doge's Palace bo‘lib, u Katta kanalning lagunaga oqib o‘tadigan joyida joylashgan. Biz bilganimizdek, Doge’s Palace (Doj saroyi) siyosiy hokimiyatning markazi bo‘lgan harbiy bino bilan deyarli o‘xshash emas. U Venetsiya Respublikasining eng yuqori hukmdori Doj (Doge)ning qarorgohi bo‘lganligi sababli shunday nomlangan. Doge’s palace unga tashrif buyurgan kishida go‘yoki ostin-ustundek taassurot qoldiradi. Unda ko‘plab g‘ayrioddiy xonalar mavjud bo‘lib, ularning shiftlari va devorlari Veronese, Tintoretto va boshqa buyuk ustalarning asarlari bilan bezatilgan.
Milliy galereya, London
1824-yilda tashkil etilgan Britaniya milliy galereyasi dunyodagi eng katta sanʼat xazinalaridan biridir. Galereyadagi barcha asarlar xronologik tartibda namoyish etilib, XIII asr oxiridan XIX asrgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Bu yerda siz G‘arbiy Yevropadagi barcha maktablarning vakillarini topasiz. Londonda bo‘lganingizda, bu ajoyib joyga tashrif buyuring va Leonardo, Titian, Van Gog, Van Deyk va boshqa ko‘plab dunyoga mashhur rassomlarning eng yaxshi rasmlaridan bahramand bo‘ling.
Islom san’ati muzeyi, Doxa
Qatar poytaxti Dohada sayyohlik maskanlari durdonalaridan biri – Islom olami muzeyi joylashgan. Xitoy meʼmori Bey Yuming tomonidan yaratilgan ushbu muzey suv ustida qad rostlab, oʻzining gʻayrioddiy va mahobatli koʻrinishi bilan butun dunyodan sayyohlarni oʻzi tomon chorlaydi. 2008-yildan beri bu muzeyda Al-Tani sulolasiga mansub islom sanʼatining ulkan kolleksiyasi saqlanadi. To‘plam XIII-XV-XVII asrlarga oid temir, shisha, kulolchilik va to‘qimachilik buyumlari, rasmlar va qadimiy qo‘lyozmalarga boy.
Topkapi saroyi, Istanbul
Istanbuldagi Topkapi saroyida Usmonli sultonlarining hashamatli va qudratli hayoti ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Bu maskan 1465-yilda Vizantiya imperatorlari saroyi o‘rnida qurilgan bo‘lib, bugungi kunda Turkiyaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeylaridan biri hisoblanadi. U eng zarur narsalar – turar-joy binolari, hammomlar, favvoralar, omborxonalar, oziq-ovqat tayyorlash inshootlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Muzeyda namoyish etilayotgan boy xazinalar, qurol-yarog‘lar, qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, to‘qimachilik buyumlari, sharq miniatyuralari, mahalliy va xorijiy rassomlarning XVI-XX asrlarga oid rassomchilik asarlari hech kimni befarq qoldirmaydi.
Davlat amaliy san’at muzeyi
Toshkentning eng ajoyib joylaridan biri. Ushbu muzeyda 7000 dan ortiq xalq amaliy sanʼati namunalari: doʻppilar, kulolchilik buyumlari, gilamlar, pichoqlar, matolar va boshqalar saqlanadi. Ammo muzey binosining o‘zi ham tashrif buyuruvchilar diqqat-e’tiborini tortadi. Bino 1870-yillarda qurilgan bo‘lib, 1896-yilda rus diplomati Polovsevga sotilgan. Uy diplomat tomonidan qayta qurdirilgan va xalq hunarmandlari yordamida badiiy bezatilgan. Bu rus me’morchiligini mahalliy uslubdagi bezaklar bilan uyg’unlashtirishning eng noyob namunalaridan biri sanaladi.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Tarix muzeyi 130 yildan beri mavjud. Muzey binosining o‘zi - Toshkentning qiziqarli me’moriy yodgorliklaridan biridir. Uning fondlarida 300 mingdan ortiq eksponatlar mavjud. Ular orasida arxeologiya, numizmatika, etnografiya va moddiy yodgorliklarga oid eng boy kolleksiyalar bor. Agar siz o‘tmishga sayr qilmoqchi bo‘lsangiz, yaratilishi miloddan avvalgi IV-V asrlarga borib taqaladigan ta’sirchan Saklarning bronza qozoniga, Budda haykali va turli davrlarga oid boshqa noyob eksponatlarga qarasangiz kifoya. Bu yerga albatta tashrif buyuring.
I.V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi, Nukus
Bu muzeyni “cho‘ldagi Luvr”, Qoraqalpog‘istonning “gavhari” deb atashadi. Muzey asoschisi, afsonaviy Igor Savitskiy tufayli ushbu kolleksiyalar manbai dunyodagi ikkinchi yirik va eng ahamiyatli muzey deya tan olingan. Rossiya va Turkiston avangardining noyob rasmlari har kuni dunyoning turli burchaklaridan kelgan san’at ixlosmandlarini o‘ziga jalb qiladi.
Muzey kolleksiyasida 90 000 dan ortiq buyum mavjud. Bu yerda muzey ramzi hisoblangan rassom Vasiliy Lisenkoning “Buqa” kartinasi, A. Nikolayev (Usto-Mo‘min), Nikitin, Pestel, Mazel, Volkov, Benkov, Qoraxan, Tansiqboyevlar va boshqa ko‘plab yorqin avangard rassomlar ijodini ko‘rish mumkin.
Ruxsor zamonaviy san’at muzeyi
“Ruxsor” zamonaviy sanʼat muzeyi 2017-yilda bastakor va yozuvchi Normurod Nigʻmatov tomonidan Samarqand shahrida tashkil etilgan. “Ruxsor” zamonaviy sanʼat muzeyi Oʻzbekistonda yangi ijodiy muhitni rivojlantirishni maqsad qilgan. Uning zallarida O‘zbekiston va dunyoning boshqa davlatlarining eng mashhur rassomlaridan tortib, endigina ijodini boshlagan yosh rassomlarning suratlari, fotosuratlar, kitoblar, turli kollajlar, videospektakllar namoyish etilmoqda.