Navro‘z: ibtidodan bugungacha
Qadimgi Sharqning asosiy bayrami

Navro‘z – bahorning asosiy ramzlaridan biriga aylangan tengkunlik bayrami. Bu kun nafaqat yorqin bayram an’analari, balki o‘rik gullaishi, ko‘m-ko‘k tepaliklar va quvonchli o‘zgarishlar bilan ham bog‘liq.
Bayramning ahamiyati benihoya katta: ko‘p asrlik tarixga ega Navro‘z har bir o‘zbekistonlik hayotining ajralmas qismiga aylangan.
Bayram tarixi
Bu bizgacha deyarli o‘zgarishsiz yetib kelgan qadimiy bayramlardan biri. Navro‘zni zardushtiylik bayrami deb hisoblash odat tusiga kirgan, biroq ayrim tadqiqotchilar uning ildizlari yanada chuqurroq, yozuv endigina paydo bo‘lgan davrlarga borib taqalishini ta’kidlashadi. Forscha “Navro‘z” “yangi kun” degan ma’noni anglatadi. U bahorgi tengkunlikda nishonlanadi – aynan shu kuni qadimgi sharqda astronomik quyosh taqvimi bo‘yicha yangi yil boshlanishi tantana qilingan.
2009-yilda Navro‘z YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi, 2010-yildan boshlab esa BMT tomonidan rasman xalqaro bayram sifatida e’tirof etildi. Navro‘z dunyoning ko‘plab Sharq mamlakatlarida nishonlanadi. Har bir madaniyatda tengkunlik kuni o‘ziga xos tarzda bayram qilinsa-da, uning asosiy ma’no-mazmuni hamma joyda bir xil qoladi.
Bayramning mazmun-mohiyati
Navro‘z yer yuzidagi eng qadimiy bayramlardan biri bo‘lib, ulkan ijtimoiy ahamiyatga ega. Bayram afsonalar va rivoyatlar orqali insonlarga asosiy qadriyatlarni: mehr-oqibat, o‘zaro yordam, tabiat va boshqa insonlar bilan uyg‘unlik, shuningdek, har bir yashab o‘tgan kun uchun dunyoga shukronalik hissini eslatadi.
Navro‘zni Sharqning asosiy timsol (arxetip)laridan biri deb atash mumkin. Timsol – bu jamoaviy ongning bir qismi, ko‘pchilikka tanish bo‘lgan tasavvur. Bayramning asosiy mazmuni hayotning abadiy aylanishi bilan uzviy bog‘liq: qish bahorga o‘z o‘rnini bo‘shatadi, o‘lim yangi hayotga yo‘l ochadi, eski qiyinchiliklar esa umidga o‘rin beradi va bu jarayon uzluksiz davom etadi. Bu mavzu o‘ziga xos chuqur ma’noga ega, chunki u barchaga tanish va yaqin: u nafaqat dunyoning umumiy tarixini, balki har bir insonning hayot yo‘lini ham aks ettiradi.
Afsonalar, ramzlar va urf-odatlar
Bayramning kelib chiqish tarixini tasvirlovchi ko‘plab go‘zal afsonalar bor. Shulardan biri “Shohnoma”da qayd etilgan. Rivoyatda qadimgi Eronning dono va adolatli hukmdori shoh Jamshid haqida so‘z yuritiladi.
Kunlarning birida Jamshid olam sirlarini anglash va xalqi hayotini yaxshilash maqsadida uzoq o‘lkalarga safar qiladi. U muqaddas tog‘ga yetib borguncha uzoq yillar davomida kezib yuradi. O‘sha yerda unga haqiqat ayon bo‘ladi: dunyo uyg‘unlikda yashashi uchun bahorni yangilanish, poklanish va shodlik fasli sifatida qarshi olish lozim. Barcha insonlar bahorgi tengkunlik kunida yomonliklarni o‘tmishda qoldirib, qalblarini poklagan holda, kelajakka umid bilan boqishlari kerak.
Jamshid o‘z mulkiga qaytgach, xonadonlarni bezatishni, daraxtlar ekishni, quyosh va oy sharafiga chiroqlar yoqishni buyuradi. Shahar aholisiga yomon o‘y-xayollar va qilmishlarni o‘tmishda qoldirishni uqtiradi: shu kuni odamlar eski gina-adovatlarini unutadilar, qarindosh-urug‘larini yo‘qlaydilar, muhtojlarga ko‘maklashadilar va kelgusi yilni avvalgisidan yaxshiroq o‘tkazishga ahd qiladilar. O‘sha kundan boshlab shoh Jamshid mulkida tinchlik va farovonlik qaror topadi, xalq esa har yili Navro‘z bayramini nishonlaydigan bo‘ladi.
Navro‘zni uning asosiy ramzlari – undirilgan bug‘doy va sumalaksiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularning ahamiyati haqida ko‘plab rivoyatlar mavjud bo‘lib, ayrimlari bizning kunlarimizgacha yetib kelgan.
Eng mashhur afsonalardan biriga ko‘ra, qadim zamonlarda bir qishloqqa og‘ir sovuq qish kelib, dahshatli ocharchilik yuz bergan. Hosilning nobud bo‘lishi oqibatida, bahor boshiga kelib odamlar umidlarini yo‘qotgan edilar. Biroq bir ayol bolalariga ovqat izlab yurganida, qor ostida bug‘doy unib chiqqanini ko‘rib qolib, qo‘shni ayollarni chaqirgan. Ular birgalikda maysalarni yig‘ib, suvda ivitib, so‘ng qaynatishga qaror qilishgan.
Ayollar tun bo‘yi bug‘doyni qaynatishgan. Ertalab qishloq aholisi taomni tatib ko‘rganida, o‘zlarida kuch paydo bo‘lganini his etishgan. Ayollardan biri o‘z ulushidan tasodifan qozonga tushib qolgan toshchani topib olgan: u bu tosh odamlarning barcha qiyinchiliklarini olib ketsin, deb niyat qilgan va o‘sha kundan boshlab qishloqda hech kim ochlik va muhtojlikdan qiynalmagan.
Aynan o‘sha davrdan boshlab sumalak pishirish an’anasi paydo bo‘lgan, deb hisoblanadi. Bugungi kungacha taomga albatta toshchalar solinadi: uni o‘z kosasidan topgan kishi tilak tilashi lozim va bu tilak albatta amalga oshadi.
ELLE O‘zbekiston tahririyati barcha mushtariylarni Navro‘z bilan qutlaydi. Sizlarga farovonlik, baxt-saodat va yangi muvaffaqiyatlar nasib etishini tilab qolamiz!