Navro‘z – tungi ko‘klam
Zulmat yorug‘likka yo‘l ochgan, o‘tmish kelajakka aylanib, dunyo qaytadan nafas olishni o‘rganayotgan payt

Tong otish pallasi. O‘zgarishlar fasli. Quyosh qish bilan bahor oralig‘ida to‘xtab, nurga, hayotga va umidga tomon qadam tashlashga shaylanayotgan payt. Navro‘z - zamonlar osha yashab kelayotgan bayram. U chegaralarni, davlatlarni, tillarni va siyosatni bilmaydi. U nafaqat tabiatni, balki insonlar qalbini ham yangilash uchun keladi, bu olamda barcha narsa davriy ekanligini va sovuqdan keyin har doim iliqlik kelishini eslatadi.
Bu bayramning tarixi uzoq o‘tmishga, inson tabiat bilan uyg‘unlikda yashagan va uning qonuniyatlariga bo‘ysungan davrlarga borib taqaladi. Uch ming yildan ziyod muqaddam Xurosonda paydo bo‘lgan Navro‘z zardushtiylik falsafasini o‘zlashtirgan, unda bahorgi tengkunlik kuni yorug‘likning zulmat ustidan g‘alabasini ramziy ifodalagan. Bu kun yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishini nishonlagan, sirli va muqaddas marosimlar bilan to‘ldirilgan.
Keyinchalik, Ahamoniylar hukmronligi davrida (miloddan avvalgi VI-IV asrlar) Navro‘z rasmiy bayram maqomiga ega bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan u butun mintaqaga yoyilib, Eron, O‘rta Osiyo, Kavkaz va hatto Bolqon xalqlari an’analariga singib ketdi.
Biroq Navro‘z shunchaki bayram emas. U har bir unsuri ramziy ma’noga ega bo‘lgan va har bir mamlakat o‘ziga xos tarzda talqin qiladigan yaxlit bir falsafadir.
Eron
Eron - Navro‘z yuragi uch ming yildan ortiq urib turgan mamlakat. Bu yerda "haft-sin" dasturxoni yoziladi. Unda yettita belgi - olma (sog‘lik), undirilgan bug‘doy (hayot), sarimsoq (himoya), sirka (donolik), zirk mevasi (quyosh), tangalar (boylik) va shirinliklarda (shodlik) mujassam bo‘lgan yetti qadimiy sir. Bayram arafasida ko‘chalarni Hofiz va Rumiy she’riyati zabt etadi, chunki eronliklar uchun Navro‘z donishmandlik, yangilanish va o‘z asliga qaytish davridir.
Tojikiston
Tojikistonda Navro‘z undirilgan bug‘doydan tayyorlangan sumalak ta’mi bilan o‘ziga xos. Uni bahorning ilk quyoshi osmonda porlagunga qadar tun bo‘yi qaynatishadi. Quyuq, o‘tkir va to‘yimli bo‘lgan sumalak qadimiy yer sehrini o‘zida mujassam etadi. Bu yerda Navro‘z, shuningdek, milliy kurash - go‘shtingiri mavsumidir, bunda kuch va or-nomus eng saralarni aniqlaydi. Qozon ostida olov yonadi, ayollar eski qo‘shiqlarni kuylab, og‘ir massalarni aralashtiradilar va har bir harakat hayotning abadiy aylanishini eslatadi.
Qozog‘iston va Qirg‘iziston
Qozog‘iston va Qirg‘iziston bu kunni tantanali ravishda keng nishonlashadi. Cho‘llarda uloq poygalari o‘tkazilib, unda eng zo‘r chavandozlar chaqqonlik va kuch talab qiladigan an’anaviy o‘yin - ko‘k bo‘rida bellashadilar. Har bir xonadonda farovonlik va baraka ramzi hisoblangan yetti xil masalliqdan tayyorlangan Navro‘z ko‘je pishiriladi. Uni tatib ko‘rgan kishi yil davomida baxtiyor va sog‘lom bo‘ladi, deb ishoniladi. Ertalab odamlar ko‘chalarga chiqib, bir-birlarini "Navro‘z qutlug‘ bo‘lsin!" degan so‘zlar bilan tabriklaydilar, baxt va omad tilab qutlashadilar.
Ozarbayjon
Ozarbayjonda bayramga oldindan tayyorgarlik ko‘rishadi. To‘rt hafta - to‘rt unsur: suv, olov, yer, havo. Bu kunlarning har birida odamlar hayotning asosini nima tashkil etishini esga oladilar. Bayram dasturxonini bezaydigan asosiy shirinliklar - shakarbura, paxlava va go‘gal tayyorlanadi.
So‘nggi kechda tongallar - gulxanlar yoqiladi va alanga tun qa’riga cho‘ziladi. Shu daqiqada odamlar o‘tmishning og‘irligidan xalos bo‘lib, poklanish uchun olov ustidan sakraydilar. Ertalab esa mehmonlar uchun eshiklar lang ochiladi, chunki Navro‘z kuni uy yorug‘lik va shodlik ovozlariga to‘lib-toshishi lozim.
Afg‘oniston
Bu yerda Navro‘zni Gul-Surx - "Qizil gul" deya erkalab atashadi. Chunki ayni shu paytda tog‘ yonbag‘irlari qip-qizil lolalar bilan qoplanadi. Bu Hofiz she’rlari moviy osmon ostida jaranglayotgan, Balx va Kobul ko‘chalari bahor, tinchlik va ozodlik ramzi bo‘lmish muqaddas bayroqning ko‘tarilishini ko‘rish uchun kelgan odamlar bilan to‘lib-toshgan qo‘shiq va she’riyat damlaridur.
Turkiya va Bolqon
Turkiyada bu kunda eski narsalarni yoqish odat tusiga kirgan - o‘tgan yilning qiyinchiliklarini eslatadigan barcha narsalar olovda yo‘q qilinishi lozim. Shuningdek, ko‘chalarda ulkan gulxanlar yoqiladi va ular tantananing markaziga aylanadi. Odamlar maydonlarda to‘planib, olovdan sakrab o‘tishadi, alanga yovuzlik va yomon ishlardan tozalaydi deb ishonishadi. E’tiqodga ko‘ra, olov shifo beradi, ozod etadi va yangi kuch-quvvat baxsh etadi. Bundan tashqari, turklar qadimgi "temirchilik" udumiga amal qilishadi - bu an’ana Ergenekon afsonasiga borib taqaladi, bu kuch va yangi davrning tug‘ilishini anglatadi.
Bolqonda esa Navro‘z bektoshiylar tariqatining pinhoniy marosimlari bilan bog‘liq. Ular uchun bu shunchaki bayram emas, balki inson nafaqat tanasini, balki qalbini ham poklaydigan qayta tug‘ilish onlaridir.
Hindiston va Pokiston
Qadimgi zardushtiylar avlodi bo‘lmish forslar uchun Navro‘z yorug‘likka yuzlanishdir. Ularning uylari shamlar, xushbo‘y hidlar va ziravorlar bilan to‘ladi. Bu kuni dasturxonga za’faron va quruq mevalar qo‘shilgan guruch tortiladi, bu farovonlik ramzi hisoblanadi. Asosiy shart - yangi yilga toza fikr va yaxshi niyatlar bilan kirish. Eng muhim marosim zardushtiylikning muqaddas kitobi "Avesto"ni o‘qishdir. Bu kitob ezgulik har doim yovuzlik ustidan, yorug‘lik esa zulmat ustidan g‘alaba qozonishini eslatib turadi.
O‘sha daqiqa, o‘sha lahza
Navro‘z an’ana va qadimiy bayramdan ham kengroq va chuqurroq ma’noga ega. U hayotning aylanma harakat ekanligini tushunishning asosiy kalitidir. Bugun hamma narsa og‘ir tuyulsa, qish abadiy ko‘rinsa ham, shuni bilginki: bahor kelishi muqarrar. Bu bayram sovuqdan so‘ng har doim iliqlik, zulmatdan so‘ng yorug‘lik, sinovlardan so‘ng yangilanish kelishini eslatadi.
Odamlar Navro‘z olovini ilk bor qachon yoqqanlarini aytish qiyin. Ehtimol, o‘sha paytda hali shaharlar bo‘lmagan, Xuroson shamollari dastlabki tamaddunlar urug‘larini olib uchgandir. Ammo bir narsa ravshanki, oradan ming yillar o‘tgan bo‘lsa-da, bugun ham bu olov yonib turibdi. U gulxanlar yonidan chopib o‘tayotgan bolalarning ko‘zlarida, bahor kelishini kuylayotgan shoirlarning ovozlarida, sumalakning ilk qoshig‘ini ulashayotgan onalarning kaftlarida aks etadi.
Bu alanga bizdan qadimiyroq. U ming yillar oldin yongan va bizdan keyin ham yonadi. U haq narsaga vaqt hokim emasligini; yorug‘lik doimo zulmatni yengishini; bahor kelishi muqarrarligini eslatadi. Uning asosiy ma’nosi ham shunda bo‘lsa kerak.
Navro‘z muborak bo‘lsin!
Suratlar: Serafim Dim