Nuqtalar orqali butun olamni qanday tasvirlash mumkin?

Neoimpressionizm – teran nigoh va chuqur ma’nolar san’ati

28 Fev 2025
Фото: Royal Museums of Fine Arts of Belgium

Siz surat oldida turibsiz. Hammasi tanishdek: tong nurlari va to‘kilgan barglar bilan bezalgan tog‘lar, bir paytning o‘zida yaqin va olis tuyuluvchi osmon, cheksizligi bilan maftun etuvchi dengizlar. Bunda ajablanarli narsa yo‘q – bunday manzaralarni ko‘p bora uchratgansiz. Ammo biz asta-sekin, shoshilmasdan rasmga yaqinlashamiz, chunki san’at shoshqaloqlikni yoqtirmaydi. Va birdan, odatdagi bo‘yoq surtmalari o‘rniga tartibli dog‘lar, mayda nuqtalar, go‘yo rassomning bo‘yoqlarga yashiringan shivirlashlari e’tiborimizni tortadi. Yana bir qadam, va hayrat hissini tuyasiz: bu oddiy nuqtalar. Sodda, oddiy tuyuluvchi, biroq ularning uyg‘unligidan butun bir olam yaraladi. Mana neoimpressionizmning mohiyati.

Kelib chiqishi va falsafasi

1880-yillarda Jorj Syora xuddi alkimyogar kabi o‘zining uyg‘unlik formulasini izlardi. U mato ustida emas, balki tomoshabinning idrokida o‘zaro ta’sirlashuvchi nuqtalar simfoniyasini yaratdi. Bu go‘yo rang-tasvirning yangi tili edi: musavvir palitrada bo‘yoqlarni aralashtirish o‘rniga, sof ranglarni kichik nuqtalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri polotnoga tushirardi. “Puantilizm” deb atalgan bu texnika ilgari mavjud bo‘lmagan tebranish va yorug‘lik intensivligini yaratish imkonini berdi. Har bir detal: rang, yorug‘lik, chiziq muhim edi. Hamma narsa puxta o‘ylangan bo‘lishi kerak edi. Hatto sekinlashganimizdagina yangray boshlaydigan ichki ritm ham.

Tanqidchi Feliks Feneon tez orada bu yo‘nalishni “neoimpressionizm” deb atadi. Syoraning vafotidan so‘ng harakatga Pol Sinyak boshchilik qildi. U divizionizm texnikasining poetik tabiatini yanada kuchaytirib, unga katta tabiiylik baxsh etdi. 

O‘sha mashhur nuqtalardan iborat rasmlar

Jorj Syora, “Gran-Jatt orolidagi yakshanba kuni”, Chikago san’at maktabi

Yakshanba kunining tush paytidagi sukunatda butun bir hayot aks etishi mumkinmi? Syora odamlar kundalik marosimlarida qotib qolgan manzarani tasvirlaydi. Ammo bu harakatsizlikda chuqur ma’no yashiringan. Rasmdagi har bir shakl matematik aniqlik bilan joylashtirilgan. Matoda uyg‘un tarzda joylashtirilgan sof rang nuqtalarida nur va fazoning tebranishi paydo bo‘ladi. Asar vaqt to‘xtab qolgani haqida so‘zlaydi. Abadiyatga aylanayotgan lahza to‘g‘risida hikoya qiladi.

Foto: Pol Sinyak, “Sen-Trope porti”, G‘arb san’ati Milliy muzeyi

Sinyak Seraning ishini davom ettirdi, biroq unga yanada ko‘proq she’riyat va rang barhayotligini qo‘shdi. U bizni O‘rta yer dengizi tomon yetaklaydi – bu yerda quyosh suv uzra jilolanadi, har bir rang esa erkinlikni tarannum etadi. Uning nuqtalari yorqin, bo‘yoq surtmalari esa yanada jasurroq. “Sen-Trope porti” – bu poetik erkinlik manifesti. Bu yerda dengiz rassom yuragi bilan bir maromda nafas oladi, ranglar simfoniyasi esa cheksizlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Rasm go‘yo nafas oladi, yashaydi. Sinyak go‘yo shunday ta’kidlaydi: san’at – bu rang bilan bitilgan she’riyat.

Kamil Pissarro, “Qizil tomlar”, Musée d'Orsay

Pissarro qishni sovuq holda emas, balki iliqlik bilan tasvirlaydi. Uning rasmi qish quyoshining yumshoq nurlari bilan isitilgan. Har bir nuqta – tabiatning nafasi. Uyning qizil tomi – iliqlik va osoyishtalik timsoli, butun manzara esa sukunat va xotirjamlik ifodasiga aylanadi. Pissarro tomoshabinni dunyoning har bir detali, har bir oni ahamiyatli bo‘lgan sokin bir olamga yetaklaydi.

Sarlavha (N 3): Tafsilotlardagi teranlik

Neoimpressionizm texnikasi – bu olamni mayda detallar orqali ko‘ra bilish san’ati. Syora va uning izdoshlari asosiy ranglarning aniq nuqtalarini bir-biriga yaqin joylashtirish orqali optik aralashuv effektiga erishdilar. Bu yondashuv o‘z davrining ruhini aks ettiradi: san’at va ilm-fanni, tuyg‘u va mantiqni birlashtirishga intilish. Shakllar geometriyasi kompozitsiyani soddalashtirib, uning mohiyatini ochib beradi. Bu yerda rang nafaqat tasvir vositasi, balki hissiy yukni tashiydigan mustaqil qiymatga aylanadi.

Syora sof rang va chiziqlarning kuchini namoyish etishga intilgan bo‘lsa, Sinyak ranglarning poetikasiga urg‘u berdi. Neoimpressionizmning falsafiy chuqurligi ham aynan shunda – ilmiy yondashuv bilan olamni his etish o‘rtasida uyg‘unlik izlash.

Foto: Wallraf–Richartz Museum

Bu uslubda rang oddiy vosita bo‘lmay qoladi. U ma’no kasb etadi. Neoimpressionizm izdoshlari Mishel Ejen Shevrel va Ogden Rud asarlaridan ilhom olib, aniq moybo‘yoq zarbalari orqali yorug‘lik va rang uyg‘unligini yaratdilar. Har bir nuqta dunyoning go‘zalligiga ishonch ifodasi. Har bir asar nurga bo‘lgan muhabbat e’tirofi.

Nuqtalar palitrada aralashmaydi – ular tomoshabin ko‘zida o‘zaro ta’sirga kiradi. Bu – butunni anglash uchun tafsilotlarga e’tibor qaratish san’ati. Chuqurroq his qilish san’ati. Neoimpressionizmchilar go‘yo yorug‘likni ko‘rish uchun sekinlashish kerakligini eslatganday bo‘lishdi.

Oqim XX asr san’atiga chuqur ta’sir ko‘rsatdi. U Matiss, Van Gog, Kandinskiy, Mondrianni ilhomlantirdi. Syora va Sinyak asarlaridagi har bir nuqta kelajakdagi rang va shakl izlanishlariga turtki bo‘ldi. Neoimpressionizm chuqurroq qarashni o‘rgatdi. Butunni tafsilotlarda ko‘rishni. Eng qorong‘i nuqtadan ham yorug‘lik izlashni.

Bugun dunyo bizdan shiddat talab qilayotgan bir paytda, neoimpressionizm san’ati bizni sekinlashishga chorlaydi. O‘zimizni tinglashga. Ko‘proq kuzatishga. Chuqurroq his qilishga. Har bir nuqta dunyoning go‘zalligi tafsilotlarda ekanligini eslatadi. Har lahzada. Har nafasda. Asosiysi, ularni ko‘ra bilish.

Maqolani baham ko'ring

Related articles