O‘rol Tansiqboyev. Buyuk rassom tavalludining 120 yilligiga
Toshkentda rangtasvir ustasining yubiley ko‘rgazmasi ochildi.

Sentyabr oyi Toshkentda madaniy hayotning yorqin voqeasi bilan boshlandi: O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “O‘rol Tansiqboyev. Tavalludining 120 yilligiga” ko‘rgazmasi o‘z eshiklarini ochdi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan loyiha O‘zbekiston va Qozog‘istonning eng katta muzeylarida saqlangan 124 ta rassomlik va grafika asarlarini o‘zida jamladi. Yetmishdan ortiq asar yetakchi fransuz mutaxassislari ko‘magida ehtiyotkorlik ila restavratsiya qilindi va bugun ranglarining bor jilosi tashrif buyurganlarni xursand qilmoqda.
Qayta tilga kirgan kartinalar
Abilxon Qasteyev nomidagi Qozog‘iston Davlat san’at muzeyida muvaffaqiyat qozongach, mazkur loyiha Toshkentda davom ettiriladigan bo‘ldi. Ko‘rgazmada tomoshabinlar Tansiqboyev ijodining evolyutsiyasini kuzatishlari mumkin. Bu yerda 1920-yillarning oxiri - 1930-yillarning birinchi yarmidagi ilk tasviriy va grafik asarlaridan tortib, “ijodiy erkinlik” davri monumental polotnolarigacha jam bo‘lgan. Ekspozitsiyada rassomning "O‘zbek portreti" (1934), "O‘zbek qizi" (1928), "Qirmizi kuz" (1931), “Yo‘l” (1935), "Qayroqqum GES tongi" (1957) kabi mashhur asarlarini ko‘rish mumkin.
Ko‘plab asarlar nafaqat O‘zbekistonda, balki chet elda ham namoyish etilmagan, bu ishlar omma e’tiboriga ilk bor taqdim etilmoqda.
Rassom va u ijod qilgan davr
O‘rol Tansiqboyev (1904-1974) - o‘zbek tasviriy san’ati maktabining asoschilaridan bo‘lib, ijodida milliy an’analar va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan rassom sanaladi. Uning asarlari nafaqat Moskvada, balki 1934-yilda Filadelfiyada o‘tkazilgan Xalqaro ko‘rgazmada ham namoyish etilgan. 1950-yillarda u yirik monumental loyihalar ustida ishlab, 1956-1959-yillar oralig‘ida O‘zbekiston Rassomlar uyushmasiga rahbarlik qildi.
1968-yilda rassom o‘zining 150 dan ortiq dastlabki asarlarini Nukus muzeyi to‘plamiga topshirdi. Shu tariqa u kelajak avlodlarga bebaho meros qoldirdi.
Bugungi kunning ilhombaxsh manbasi
Toshkentdagi yubiley ko‘rgazmasi ikki muhim maqsadni ko‘zlaydi: buyuk rassom xotirasini yod etish va uning serqirra ijodiga yangicha nigoh tashlash. Tansiqboyevning asarlari bugun ham zamonaviyligini yo‘qotmagan: u avlodlarni birlashtiradi, bizni ildizlarimizga qaytaradi hamda davr ruhini va go‘zalligini saqlab qolishga qodir bo‘lgan san’atning kuchi haqida eslatadi.
Rassomning noyob va mashhur asarlari namoyish etiluvchi ko‘rgazma 2025-yil 20-noyabrigacha davom etadi. Siz ham rassom ijodidan bahra olishga ulguring!
Yubiley ko‘rgazmasining ochilishi ELLE O‘zbekiston tahririyati kurator Zelfira Tregulovani suhbatga tortishiga turtki bo‘ldi. Biz ekspozitsiyaning O‘rol Tansiqboyevga yangicha nazar bilan qarashga qay darajada imkon yaratayotgani bilan qiziqdik.
ELLE: Ushbu ekspozitsiya tomoshabinga qanday yangiliklarni taqdim etadi. U O‘rol Tansiqboyevni o‘taketgan “sotsrealist” tamg‘asidan ozod qila oladimi?
Zelfira Tregulova: So‘zsiz ozod qila oladi. Ko‘rgazmada Tansiqboyevning qirqdan ortiq ilk asarlari - Cherdansevdagi ustaxonasida uzoq vaqt saqlangan va keyinchalik Nukusdagi Igor Savitskiy to‘plamiga kelib qolgan rangtasvir hamda grafika ishlari namoyish etilmoqda. Tansiqboyev uchun bu asarlar eng yorqin xotiralar davri - Aleksandr Volkov, Nikolay Karaxan va Turkiston avangardining boshqa rassomlari bilan birga o‘zgarishlar ruhiga mos yangi badiiy til izlagan paytlari bilan bog‘liq edi. Bu sotsrealizm qat’iy qoliplari paydo bo‘lishidan oldingi haqiqiy ijodiy jasorat davri edi.
Ko‘rgazmani tayyorlash jarayonida o‘zim ham aynan shu "erta davr" Tansiqboyeviga qiziqib qoldim. Ammo keyinchalik shunday xulosaga keldim: uning 40, 50 va 60-yillardagi asarlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. U har safar uslub va yo‘nalishini o‘zgartirar ekan, ichki quvvati va badiiy kuchini saqlab qolgan holda o‘zligiga sodiq qolgan.
Men hatto tomoshabinlarni so‘nggi davrga nisbatan shubha bilan qarashdan qaytargan bo‘lardim. Diqqat bilan nazar solinsa, bu asarlarda hayratlanarli boylikni - plastik ifodaviylik, falsafiy teranlikni ko‘rish mumkin. Chunki Tansiqboyev nafaqat ajoyib rassom, balki murakkab, izlanuvchan, doimo yangi g‘oyalarga intiluvchi dono inson ham edi. Tashqi ko‘rinishidan u sodda, xayrixoh, hatto biroz “jaydari” bo‘lib ko‘rinardi, lekin buning ortida aql va qalbning tinimsiz izlanishi yashirin edi. Uning haqiqiy serqirraligi ham aynan shunda edi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, uning asarlarida zavq ham, falsafa ham, zamonning ajoyib quvvati ham mujassam. 2025-yil 20-noyabrga qadar Tasviriy san’at galereyasiga kelib bunga o‘zingiz amin bo‘lishingiz mumkin.
ELLE O‘zbekiston tahririyati mazkur ko‘rgazmani mavsumning eng yirik art-hodisasi deb hisoblaydi — vaqt topib, albatta tashrif buyuring!
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati; Dima Axunbabayev