O‘zbek tumorlari
O‘tmish va bugungi kun orasidagi ko‘prik
O‘zbekiston – bu sehrli va sirli olam kundalik hayot bilan uyg‘unlashgan diyor. Bu yurtda ajdodlarning asriy madaniyati va an’analari zamonaviy insonlar hayotiga singib ketgan, azaliy urf-odatlar va e’tiqodlar esa san’at, ramzlar va hunarmandchilik orqali avloddan-avlodga ishonch bilan yetkazilgan va saqlanib qolgan. O‘zbekona tumorlar, balo-qazo va yovuz kuchlardan saqlaydigan taqinchoq hamda buyumlar shunchaki bezaklar emas, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy an‘analarimiz va donolikni aks ettiruvchi qo‘riqchilardir.
Yovuz kuchlardan asrovchi buyumlar va tumorlar
O‘zbek madaniyatida insonni yovuz kuchlardan asrovchi vositalar va tumorlar qadimiy e’tiqod va an’analarga borib taqaladigan chuqur ildizlarga ega. Odatda, bir qarashda qalbimizga yaqin bo‘lgan oddiy buyumlar: sopol idishlar, kashta naqshlari tushirilgan matolar, dekorativ elementlar ramziylik bilan to‘ldirilib, insonni yaxshi kayfiyat va ijobiy energiya bilan quvvatlantiradi. Ular nafaqat ko‘zimizni quvontirib, interyerimizni boyitadi, balki yovuz ruhlardan, yomon ko‘zlardan va baxtsiz hodisalardan bizni himoya qiladi.
Deyarli har bir o‘zbek xonadonida ana shunday kichik, ammo kuchli himoya buyumlarini uchratishimiz mumkin.
Masalan: xamsa – kaft shaklidagi tumor, uyni salbiy energiyadan himoya qiladi va omadni chaqiradi. Uchburchak shaklidagi tumorning ichida esa muqaddas matn yoki duolar bo‘ladi. Ular ko‘pincha ota-onalardan bolalarga o‘tadi. Bu esa oilani himoya qiluvchi va an’analarni davom ettiruvchi ramz sanaladi.
O‘zbek madaniyatida sopol ham muhim ahamiyatga ega. Sopol idishlar kundalik hayotda ham ishlatilib, o‘ziga xos sehr kuchiga ham egadir. Qizig‘i shundaki, idishlardagi naqshlar ham shunchaki tasodifiy emas. Ular ko‘pincha xonadonga omad va farovonlikni chaqirishga qaratilgan qadimiy belgilardir.
Kashtado‘zlik, ayniqsa, so‘zana ham chuqur ramziy ma’noga ega. Quyosh, gullar, qushlar ko‘rinishidagi naqshlar nafaqat bezatish uchun xizmat qiladi, balki uyni va uy egalarini ham yomon ko‘zlardan saqlaydi va salbiy narsalardan himoya qiladi.
Bu buyumlarning barchasi O‘zbekistonning boy madaniy an’analarining bir qismi hisoblanadi. Ular o‘tmish va hozirgi zamon, sehr va reallik o‘rtasidagi uyg‘unlikni saqlab, go‘zallik hamda himoya qanday qilib yonma-yon yurishiga bir misoldir.
Buxoro kashtasi: ranglar va shakllar siri
Asosiy e’tiborni aynan shu noyob o‘zbek kashtalariga qaratmoqchiman. Buxoro kashtado‘zligi o‘zining yorqin ranglari va nafis naqshlari tufayli boshqa hududlarnikidan ajralib turadi. Ushbu kashtado‘zlik o‘zida diniy matn va jannat bog‘i tasvirlarini – qushlar, gullar va ilohiy nur aks ettiruvchi gulchambarlarni birlashtiradi.
Qadimgi e’tiqodga ko‘ra, ayollar bu kashtalarni yaratayotganida hayot, ma’naviyat va koinot haqidagi fikrlarini ham kiritishgan. Kashtaning har bir naqshi o‘ziga xos ma’noni anglatgan. Masalan: “shams” deb nomlanuvchi markaziy gulchambar yorug‘lik va energiya manbai bo‘lmish quyosh va ilohiy tushunchani anglatadi. Uning atrofidagi gul naqshlari esa go‘yo hayot, ozodlik va farovonlik ramzi bo‘lgan qushlar uchib yurgan jannat bog‘ining qiyofasini qayta yaratgandek.
Bu naqshlar shunchaki bezak emas. Bu hunarmand ayolning ichki dunyosi, ma’naviy izlanishlari va orzularining aksidir. Buxoro kashtado‘zligi bu shunchaki hunar emas. Bu avlodlar davomida yashab, har bir chokda, har bir naqshda ajdodlarning urf-odatlari va e’tiqodlarini yetkazadigan san’atdir.
Har bir chokda himoya
O‘zbekiston o‘zining xilma-xilligi bilan noyob mamlakat bo‘lib, har bir mintaqada o‘ziga xos urf-odatlar va ramzlarni o‘zida mujassam etuvchi ko‘p qirrali madaniy manzarani yaratadi. Masalan: Samarqand va Toshkent kashtalari yorqin va to‘yingan Buxoro kashtasidan farqli ravishda, kamtarona ko‘rinishga va chuqur ramziy ma’noga ega. Uning naqshlari islom dinidan oldingi davrga borib taqaladigan qadimiy an’analarni o‘zida aks ettiradi. “Oy” deb nomlangan doiralar oyni, “chor chirog‘i” esa ibodatxonalar bilan bog‘liq qadimgi chiroqlarni bildiradi.
O‘zbek madaniyatida to‘y choyshabi alohida ahamiyatga ega. Bu buyum kelin uchun ramziy ma’nodagi himoya bo‘lib, uni onalikka tayyorgarlik paytida qo‘llab-quvvatlaydi. Undagi to‘qqiz doira shaklidagi naqshlar ramziy ma’noda to‘qqiz oylik homiladorlik payti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bo‘lajak onaga yaqinlashib kelayotgan oy-kunida kuch va quvvat bag‘ishlaydi.
An’analarni saqlash
Vaqtning tez fursatlarda o‘tishi va zamonaviy dunyoning doim o‘zgarib borishi tufayli ko‘plab qadimiy marosimlar yo‘qolib ketdi. Madaniy an’analar va e’tiqodlar o‘zgarib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, yurtimizda tumorlar, asrovchi buyumlardan foydalanish madaniyati va odati dolzarb hamda sevimli bo‘lib qolmoqda.
Bugun o‘zbek hunarmandlari qadimgi san’atni qayta tiklash va saqlab qolish maqsadida tumor va himoya buyumlari yaratishni davom ettirib kelmoqdalar. Ushbu buyumlar shunchaki bezaklar emas, balki qadimiy an’analar va e’tiqodlarning tirik merosidir. Ular ajdodlarimizni bugungi avlod bilan birlashtiruvchi rishtadir. Har bir buyum, xoh u sopol idish bo‘lsin, xoh sevimli piyola, kashta tushirilgan mato yoki dekorativ element bo‘lsin, ular nafaqat go‘zallikni, balki o‘tmish bilan hozirgi zamonni birlashtiruvchi chuqur ramziylikni ham o‘z ichiga oladi. Bu xuddi hozirgi dunyo va qadimgi afsonalar dunyosi o‘rtasidagi ko‘rinmas ko‘prik kabidir.
Bizning madaniyatimizda har bir bezak va har bir naqsh yashirin ma’noga ega. Uyingizga o‘zbek sopol idishi yoki kashtali matoni olib keldingizmi, demak, siz bu bilan nafaqat uyingizni bezatasiz, balki unga qadimiy sehrning bir qismini ham olib kirasiz.
foto: Serafim Dim