O‘zbekiston 2025-yilgi London dizayn biennalesida ilk bor qatnashadi

“O‘tmish va kelajak bog‘i”

29 May 2025
Fotо: NAAW

Bu yoz O‘zbekiston birinchi marta London dizayn biennalesida o‘z milliy pavilonini namoyish etadi. Bu mamlakatimiz va ustalarimizning yorqin ijodiy salohiyatini ko‘rsatuvchi ta’sirchan installyatsiya bo‘ladi.

Xalqaro biennale 5-29-iyun kunlari London markazidagi tarixiy Somerset House binosida o‘tkaziladi va butun dunyodan 40 dan ortiq ishtirokchini birlashtiradi. Badiiy rahbar doktor Samuel Ross tanlagan beshinchi biennale mavzusi – “Sirtning aks etishi” bo‘lib, dizaynerlarga shaxsiy hikoyalarni o‘rganish va “inson tajribasining ko‘p qatlamli palitrasini” ochib berishni taklif etadi.

“O‘tmish va kelajak bog‘i” deb nomlangan O‘zbekiston paviloni mamlakatning boy o‘tmishi, buguni va kelajagiga hurmat bajo keltirib, tashrif buyuruvchilarni Amir Temur asos solgan o‘rta asr Temuriylar imperiyasi bog‘lariga olib boradi. Adabiyot va tasviriy san’atda tarannum etilgan bu makonlar islomning jannat haqidagi tasavvurini aks ettirgan. Ular nozik chorbog‘ uslubida ishlangan bo‘lib, yorqin gullar, mevali daraxtlar va yam-yashil o‘simliklar bilan bezatilgan, ularning markazida ochiq osmon ostida yolg‘iz mushohada qilish uchun ayvon qad ko‘targan.

Ekspozitsiya markazida o‘sha davr me’morchiligini qayta talqin qiluvchi sakkiz qirrali tuzilma joylashgan. Uning och yashil tuslari va geometrik soyalari yorug‘lik bilan o‘ynashib, allaqachon yo‘qolgan bog‘larni esga soladi. Mehrob shaklidagi yarim shaffof to‘qimachilik oynalari orqali tomoshabinlar O‘zbekistonning o‘tmishini bugungi kun bilan bog‘laydigan to‘rt nafar dizaynerning asarlarini, shuningdek, qadimiy bog‘larni zamonaviy tarzda qayta talqin qiladigan pavilyonning o‘zini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘rgazma ishtirokchilari

Ekspozitsiyada modeler Nigora Hoshimova, Tigran Erdman va Timur Parmanovning dizaynerlik dueti, hamda kashtado‘z rassom Madina Kasimbayeva o‘z asarlarini taqdim etgan. Ularning ijodiy yondashuvi an’ana innovatsiyaga aylanadigan va mahorat yangicha ohang kasb etadigan vaqt o‘rtasidagi muloqotdir.

Фото: Re_Production

Nigora Hoshimova o‘zbek abr-matosini qayta kashf etib, uning asosida hunarmandchilik va zamonaviy dizaynni uyg‘unlashtirgan noyob mahsulotlar yaratmoqda. Uning brendi an’anaviy matolarni qo‘l mehnatiga hurmatni saqlab qolgan holda global moda kontekstiga moslashtiradi. Hoshimova jarayonning mashaqqatliligini ta’kidlab, yorqin ranglar va ifodali shakllarga e’tibor qaratadi. Uning uslubi o‘zbek modasiga yangicha qarashdir.

Tigran Erdman biznes-menejer Timur Parmanov bilan hamkorlikda an’analar avangard bilan uchrashadigan mebellar yaratmoqda. Uning studiyasi vintage materiallarni, shu jumladan beqasamni yog‘och karkaslar atrofida o‘rab, zamonaviy shakllarga birlashtiradi. Bir vaqtning o‘zida haykaltaroshlik va funksional bo‘lgan bu obyektlar zamonaviy dizayn tili orqali hunarmandchilikni qayta ko‘rib chiqishga aylanadi.

Madina Kasimbayeva so‘zana tikish bo‘yicha yetakchi ustalardan biri bo‘lib, u tufayli bu qadimiy hunarmandchilik yashab, rivojlanishda davom etmoqda. Uning asarlari O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida bir qator xalqaro institutlarda namoyish etilgan. U kashta tikish uchun Markaziy Osiyoda qadimdan tabiiy pigmentlar bilan bo‘yalgan eng sifatli ipak ishlab chiqarish bilan mashhur bo‘lgan Marg‘ilon shahrining nihoyatda yuqori sifatli tabiiy ipagidan foydalanadi. Madina o‘z yo‘li haqida fikr yuritib, shunday deydi: “Bu xuddi jonli narsaga o‘xshaydi, u o‘ziga tortadi. Men hunarim haqida gapirganimda, nazarimda, unda qandaydir kuch bordek tuyuladi”.

Фото: Asalya Djuraeva

Shuningdek, pavilonda 2023-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan, Nukusdan Marg‘ilongacha bo‘lgan ustalar bilan tanishgan britaniyalik shishasoz rassom Rut Shelli ham o‘z asarlarini namoyish etgan. Uning sayohat taassurotlari o‘zbek to‘qimachiligiga, xususan, naqshlari Temuriylar davri miniatyuralariga borib taqaladigan Xiva gilamlariga ishora qiluvchi shisha idishlar kolleksiyasini yaratishga ilhomlantirgan. Shellining asarlari turli madaniyat ustalarining o‘zaro ta’siri o‘zini ifoda etishning yangi shakllariga olib kelishi va o‘zbek dizayni butun dunyo rassomlarini ilhomlantirayotganini ko‘rsatadi.

Ko‘rgazma tomoshabinlarni mushohada va xotirjamlikka chorlaydi, zamonaviy dunyo kontekstida an’anaviy san’atning jonli kuchini his qilish imkonini beradi. Taqdim etilgan obyektlarning har biri o‘z muallifining shaxsiy qadriyatlarini aks ettirib, o‘ziga xoslik, ijodkorlik va g‘urur haqida umumiy badiiy fikrni shakllantiradi.

Фото: Re_Production

Loyiha kuratori Fibi Tronzo va yordamchi kuratori Alsu Axmetzyanova tomonidan amalga oshirilgan. “London dizayn biennalesi o‘zbek dizaynini jahon sahnasida namoyish etish imkoniyatidir. Bunday iste’dodli rassomlar bilan ishlash va dizayn prizmasi orqali O‘zbekistonning o‘tmishi, buguni va kelajagi o‘zaro bog‘liq bo‘lgan hikoyalarni so‘zlab berish sharafdir”, – deydi Tronzo.

Pavilon tashkilotchisi – joriy yilda o‘zining besh yilligini nishonlayotgan DNA integratsiyalashgan kommunikatsiyalar agentligi. Toshkent va Londondagi ofislari bilan DNA Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuvni rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. 2023-yilda biennalega 40 mingdan ortiq kishi va 300 dan ortiq matbuot vakillari tashrif buyurgan – bu yil yanada ko‘proq qiziqish kutilmoqda.

Alsuning aytishicha, “bugungi kunda o‘zbek dizayni global muloqotning bir qismi bo‘lishga munosib bo‘lgan mazmunli, dadil va jonli jarayondir. U xalqaro miqyosda e’tibor qozonishga loyiqdir”. Shunday qilib, pavilon shunchaki ko‘rgazma maydoni emas, balki madaniy merosni qayta idrok etish va jahon dizaynida o‘z o‘rnini belgilash imkoniyatiga aylanmoqda.

London dizayn biennalesi – 2025-yil 5-29-iyun

Instagram @uzbekistan_ldb

29 May 2025
Maqolani baham ko'ring

Related articles