O‘zbekiston. Ipak yo‘li durdonalari

Yaffa Assoulinning yangi kitobi mashhur Laziz Hamanining fotosuratlari bilan

Foto Assouline Nashriyoti matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.

Assouline nashriyoti Yaffa Assoulinning “O‘zbekiston. Ipak yo‘li durdonalari” nomli yangi kitobini Laziz Hamani fotosuratlari bilan taqdim etdi.

“O‘zbekiston. Ipak yoʻli durdonalari” — Oʻzbekiston boʻylab topilgan Ipak yoʻli boʻyida joylashgan Oʻrta yer dengizi, Xitoy, Fors va Hindiston madaniyatlariga aloqador arxeologik topilmalar toʻplami. Bu moddiy-madaniy topilmalarda buddaviylik, islom va majusiylikka oid unsurlar mavjud. Ushbu kitobga kiritilgan buyumlarning boyligi – eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikka oid ilon haykalidan tortib, VIII asrga oid fil suyagidan yasalgan shaxmatgacha – kitobxonni sehrlab qo‘yadi.

Foto Assouline Nashriyoti matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi. Shaxzoda. Dalvarzintepa. I-II asrlar

“Bu kitobga tayyorgarlik ko‘rish men uchun juda katta mamnuniyat manbayi bo‘ldi,” – deydi jurnalist, maslahatchi va kreativ art-direktor Yaffa Assulin kitob muqaddimasida. “Markaziy Osiyoning ushbu qadimiy xalqlari va ularning ko‘chmanchi madaniyatlarining maftunkor tarixiga cheksiz qiziqish bilan sho‘ng‘idim. Men har bir artefaktga, ulardagi go‘zallik va nafosatga qoyil qolardim. Sherigim, fotograf Laziz Hamani bilan o‘tkazilgan fotosessiya davomida men bu topilmalarni ushlab turishga muvaffaq bo‘ldim, ular meni hayajonlantirardi va qanday hikoyalarni aytib berishi mumkinligi haqidagi tasavvurimni kuchaytirardi.”

“Ayniqsa, meni o‘z davrida jahon tamadduni markazi hisoblangan, shuningdek, Xitoy, Rim va Parfiya imperiyalarini bog‘lab, muhim savdo markazi bo‘lib xizmat qilgan Kushon imperiyasi (miloddan avvalgi II asr - milodiy III asr) hayratlantirdi. Miloddan avvalgi II-I asrlar oralig‘ida o‘zlari ko‘chmanchi bo‘lgan kushonlar Markaziy va Shimoliy Osiyoning turli ko‘chmanchi qabilalarini birlashtirib, Yunon-Baqtriya podsholigini zabt etishga muvaffaq bo‘lganlar. Kushonlar siyosiy hokimiyatdagi muvaffaqiyatlaridan tashqari, bag‘rikenglik va an’analarga hurmat madaniyatini ham o‘zida mujassamlashtirgan. Ularning eng gullab-yashnagan vaqti atoqli san’at homiysi va diniy urf-odatlarning himoyachisi Buyuk Kanishka hukmronligi davriga to’g’ri keladi. U kushon madaniyati keng yoyilishida asosiy rol o‘ynagan.

 

Foto Assouline Nashriyoti matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi. Erkaklar taqinchog‘i

Me’morchilikka kelsak, Kushonlar imperiyasi O‘zbekistonda monumental inshootlarning ulkan merosini qoldirgan. Kushonlar imperiyasi hukmdorlari, jumladan, Buyuk Kanishka ham hashamatli saroylar, ibodatxonalar va monastirlar qurdirgan. O‘zbekistonda kushonlar davrining eng muhim me’moriy yutuqlaridan biri qadimgi Xorazm davlatidagi Tuproqqal’a qal’asidir. Bu davrda devoriy rang-tasvir san’ati ham gullab-yashnagan: freskalar saroy va ibodatxonalar devorlarini bezagan, mifologiyadagi sahnalar, diniy syujetlar va kundalik hayot manzaralari Eron, Yunoniston va Hindiston ta’siri bilan sug’orilgan Markaziy Osiyo uslubida aks ettirilgan.

Sovet arxeologi, professor Galina Pugachenkova boshchiligidagi ekspeditsiya vaqtida O‘zbekistonda, ayniqsa Xolchayonadagi kushonlar saroyining katta zalida kushonchilik san’atining salmoqli artefaktlari topildi. Dalvarzintepadagi qo‘shimcha topilmalar ham kushonlar madaniyatiga oydinlik kiritdi.”

Foto Assouline Nashriyoti matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi sharofati bilan eksponatlarni Silk Roads ko‘rgazmasida jonli tomosha qilish mumkin. Ko‘rgazma Britaniya muzeyidagi Sainsbury galereyasida 2025-yil 23-fevralgacha ochiq bo‘ladi.

Yaffa Assulin innovatsion va maxsus nashrlarga ixtisoslashgan. Qatarning Doha shahridagi Islom san’ati muzeyi uchun yaratilgan fotograf Keyiti Tahar tomonidan suratga olingan me’mor I. M. Pey asarlarining jamlanmasi bo‘lgan “MIA: I. M. Pei” kitobi ham uning qalamiga mansub. Assulin Qatar muzeylar boshqarmasi bilan hamkorlik qilib, u yerda kreativ art-direktor va katta maslahatchi bo‘lib ishlagan, qolaversa, Islom san’ati muzeyining ochilishiga ham rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, u Assouline nashriyotining “O‘zbekiston: Samarqandga yo‘l”, “O‘zbekiston: avangard Sharq ixlosmandlari”, “O‘zbekiston: rus avangardi”, “O‘zbekistonning jonli xazinalari: hunarmandchilik tantanasi” va “O‘zbek ipak va oltini: liboslarning muhtasham san’ati” kitoblari muallifi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles