Ongli sayohat

Ekoturizm dunyoni qanday o‘zgartirmoqda

Fotо: Unsplash

Ekoturizm sayohatning yangi va o‘ziga xos turidir. U tabiatga chuqurroq kirib borishga va shu bilan birga atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan. Bu kabi sayohatlar ekotizimlarni saqlab qolish, mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash va har bir mamlakat madaniyatini hurmat qilish uchun ongli intilishdir.

Tabiatga ehtirom

Ekoturizm – bu, birinchi navbatda, tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishdir. Bunday sayohatlarda ekoturistlar atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadigan yo‘nalishlarni tanlaydilar: piyoda sayr qilish, velosiped yoki otda yurish. Eng muhimi – o‘zidan keyin hech qanday plastik idishlar va axlatlar qoldirmaslik.

Fotо: Pexels

O‘simlik va hayvonot dunyosini saqlash

Ekoturizmning navbatdagi muhim maqsadi yovvoyi tabiatni va noyob o‘simlik turlarini muhofaza qilishdir. Ko‘plab sayyohlar gidlar boshchiligida yovvoyi tabiatni o‘rganish va kuzatish mumkin bo‘lgan noyob tabiat qo‘riqxonalari hamda milliy bog‘larga borishadi.

Bundan tashqari, ekoturizm dasturlari mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga oladi. Ko‘pincha sayohatlar mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini sotib olish yoki aholi orasidagi gidlar xizmatidan foydalangan holda tub aholi madaniyati bilan tanishish va ularning iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash mumkin bo‘lgan kichik qishloqlar yoki aholi punktlari bo‘ylab o‘tkaziladi. Bu mahalliy aholining an’analari va turmush tarzini saqlab qolishga yordam beradi.

Fotо: Unsplash

Biz tabiatning bir bo‘lagimiz

Ekoturizm bizni atrof-muhit qanchalik muhimligi va har bir inson uni saqlashga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini tushunishga o‘rgatadi. Sayohatchilar nafaqat tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishadi, balki iqlim o‘zgarishi, turlarning yo‘qolib ketishi yoki okeanlarning ifloslanishi kabi ekologik muammolar haqida ko‘plab bilimlarga ega bo‘lishadi.

Mashhur yo‘nalishlar

So‘nggi yillarda Amazoniya tropik o‘rmonlariga sayohat qilish, Afrikaning safarisi, Norvegiya qirg‘oqlarida kitlarni kuzatish, Yangi Zelandiyadagi ekologik so‘qmoqlarga chiqish va boshqalar jadal mashhur bo‘lib bormoqda.

Ekoturizm – bu nafaqat tabiat go‘zalligini kashf etishni, balki sayyoramizning noyob burchaklarini aslicha saqlab qolgan holda kelajak avlod vakillariga dunyoni yanada yaxshiroq ko‘rinishda qoldirishni maqsad qilganlar uchun mukammal yechimdir.

Maqolani baham ko'ring

Related articles