Oshiq shahanshoh
Bobur g‘azallarida ishq tavsifi
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/Dizajn-bez-nazvaniya-2025-02-14T112822.318.png)
Toj Mahal – muhabbat sharafiga qad rostlagan benazir obida. Boburiylar sulolasining eng maftunkor meroslaridan biri hisoblanadi. Shoh Jahon suyuklisi Arjumand begim (Mumtoz Mahal) sharafiga qurdirgan bu inshoot hamisha sevgi ramzi o‘laroq tilga olinadi. Bu obidaning o‘ziyoq boburiylarga xos muhabbat tarixidan darak beradi. Bu sulola asoschisi, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur ham doimo ishqni tarannum etib, eng inja tuyg‘ular, go‘zallik, muhabbat, sog‘inch haqida yozgan. Zavq-u shavq kuychisining tavalludi sanasida Sevishganlar kunining nishonlanishi ham bejiz emasdek, go‘yo.
Sharq sultonlari tarixiga yuzlansak, ularning ko‘pchiligi adabiyotga, xususan, nazmga ko‘ngil qo‘ygan, mumtoz she’riyatni yaxshi tushungan, g‘azallar, ruboiy-u muxammaslar bitgan. Ammo shohlar ichra shoiri, shoirlar ichra podshosi, shubhasiz, temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Boburdir.
Bobur kulliyoti xassosligi bilan, ifodalarning jo‘n va hayotiyligi bilan ko‘plab sharq shoirlaridan ajralib turadi. Shu sabadan ham uning g‘azal, ruboiylari hammaning ko‘ngliga birdek kirib borgan. Ayniqsa, sevgi-muhabbat mavzularidagi kuy bastalanib qo‘shiqlarga ko‘chgan she’rlari sevib tinglanadi.
“Mushkuldur” radifli g‘azali
Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,
Sening birla chiqishmoqlik dag‘i bisyor mushkuldur.
Mizojing nozik-u sen tund, men bir beadab telba,
Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur.
Ne osig‘ nola-u faryod xobolud baxtimdin,
Bir unlar birla chun qilmoq ani bedor mushkuldur.
Manga osondurur bo‘lsa, agar yuz ming tuman dushman,
Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngul, beyor mushkuldur.
Bobur nazm bo‘stoni turfa gullar bilan bezangan, unda vatan sog‘inchi, taqdir savdolaridan chiqarilgan xulosalardan tortib, ishq-muhabbat haqidagi eng jo‘shqin baytlargacha uchratish mumkin. Keling, bu gulistondan bir go‘zal gul olib, uni sizga tavsif etsam. “Mushkuldur” radifli g‘azali Bobur devonidagi besh baytli gʻazallardan biri bo‘lib, aruzning hajazi musammani solim bahrida yozilgan (mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun).
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/Idealized_portrait_of_Babur_1483-1530_painted_in_1605-1615_in_India_British_Museum_192110110.3.jpg)
Foto: British museum, Bobur portreti
Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,
Sening birla chiqishmoqlik dag‘i bisyor mushkuldur.
Matla (g‘azalning birinchi bayti) dayoq toqatsiz oshiq o‘z tuyg‘ularini ochiq-oydin bayon qiladi: sensiz yashash, sendan uzoqda bo‘lish men uchun mushkul. Ammo ayriliqdan azob chekayotgan mahbubni qiynayotgan boshqa masala – yor bilan “chiqishmoqlik”, mahbuba bilan til topishish. Ikki o‘t orasida qolgan oshiqning vaziyati keyingi baytda yana-da oydinlashadi:
Mizojing nozik-u sen tund, men bir beadab telba,
Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur.
Oshiqning ishi chindan mushkulga o‘xshaydi. Yorni nozik tabiatli, ammo jahldor sifatida ta’riflarkan, bu holatga nomunosib tarzda o‘zining odobsiz telbaligidan so‘z ochadi. Yorning nozi… Mana, oshiqni qiynayotgan mushukoltlarning sababi topildi. Ikkinchi misrada shoir ma’shuqasiga murojat etib, tor fe’lli parivash oldida dil izhori qilish qiyin ekanligidan iddao qiladi.
Bobur ijodining bir qancha o‘rinlarida ma’shuqaning ishq masalasidagi zolimligi haqida fikr yuritilib, unda oshiq o‘z yorining qiynoqlaridan ozor chekadi. Garchi ko‘p she’rlarida an’anaviy shikoyat ohanglari eshitilib tursa-da, lirik qahramon hasratomuz ifodalar emas, balki sevgi va go‘zallikni kuylovchi navolar orqali o‘z yorini ulug‘lab boshiga ko‘taradi.
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/devochka.jpg)
Foto: Instagram/ @metislamicart
Ne osig‘ nola-u faryod xobolud baxtimdin,
Bir unlar birla chun qilmoq ani bedor mushkuldur.
Ayni shu baytdan boshlab shoir o‘z holini sharhlaydi. Oshiqning dardlari har baytda ortib boradi, har misrada vaziyati yanada mushkulroq tus oladi. Uchinchi baytda hijron azobi, yor vasliga tashnalik qayg‘ularidan shoirning ahvoli ancha og‘irlashganidan xabar beradi. Bu baytda shoir o‘z-o‘ziga yuzlanadi: “Uyquda baxtimdan nola-yu faryod qilishimdan nima foyda? Bunday ovozlar bilan uni uyg‘otish mushkul”.
Bu baytdan ikki xil ma’no tushunish mumkin. Birida oshiq tushida mahbubasini ko‘radi, ammo nozanin karashma qilib, undan darrov yuz buradi. Uning mushkuloti shunchalar qiyinki, u tunlari yor vaslini istab, nola qiladi, ammo bu ovozlar yorni uyg‘otish uchun zaiflik qiladi. Mahbubasi oshig‘ining holidan bexabar.
Ikkinchi ma’nosi esa, yorga yetishgan oshiq shunchalar hursandki, uning bu baxtga erishgani sabab qilayotgan nolalari yorni uyg‘otib yuborishidan xavotirda.
Manga osondurur bo‘lsa, agar yuz ming tuman dushman,
Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngul, beyor mushkuldur.
Oshiq o‘z mushkuloti salmog‘ini ifodalab bermoqda. U uchun yorsiz bo‘lish yuz ming tuman dushman bilan jang qilishdan ham mushkulroq. Tuman qadimgi oʻzbek tilida oʻn ming (10 000) sonini anglatgan. Endi shoir ifodalayotgan jang-u jadal sur’atini hisoblab ko‘ring.
Aynan shu baytda Boburning sarkardaligiga urg‘u berilganini ko‘ramiz. Baytdan anglashiladiki, yuz minglab dushmanlarni ham pisanda etmaydigan sarkarda uchun ishq savdosi, sevgi iztiroblari mushkullik qiladi.
Mana, shu tarzda Bobur “mushkuliga” yechim topdik, to‘g‘rirog‘i uni sharhladik. Bu shoirning birgina g‘azalidan chiqarilgan xulosalar, mazmunlar. Uning boy ijodiy merosini esa avlodlar asrlar qadar o‘rganib kelmoqda.
- Gʻazal (arab. – oshiqona soʻz, ishq izhor etish, ayollarni madh etish) – Sharq adabiyotida eng keng tarqalgan lirik janr
- Ruboiy (arab. – toʻrtlik) – Sharq xalqlari sheʼriyatida keng tarqalgan poetik janr
- Muxammas (arab. – beshlik) – sharq sheʼriyatidagi sheʼriy shakllardan, qofiyalanish tartibiga koʻra tuzilgan sheʼr
- Radif (arab. – ketmaket keluvchi) misra yoki bayt oxirida qofiyadan keyin takrorlanib keluvchi soʻz, ibora
- Devon – Sharq adabiyotida sheʼriy toʻplam.
- Bayt (arab. – uy) – ikki misra sheʼr.
- Aruz (arab. – arz qilmoq) – sheʼriy oʻlchov. Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari sheʼr tizimi.
- Bahr (arab. – dengiz) – aruz tizimida vaznlar turkumi
- Matla (arab. – chiqish oʻrni, asosi) – aruzda yozilgan lirik sheʼr, asosan, gʻazallarning birinchi bayti.