Powder Pink
Yanoq uzra bir chimdim upa

Pushti rang 2025-yilning bahor-yoz kolleksiyalarida podiumlarda tez-tez ko‘zga tashlandi. Ammo dizaynerlar, “barbikor”mavzusining haddan ortiq ko‘p qo‘llanishidan biroz charchagandek, endi e’tiborni bu rangning murakkabroq va tinchroq tuslariga qaratdilar.
— Bu Barbi pushtisi emas, — deydi ranglar bo‘yicha mutaxassis, doktor Xildegard Kaltxegener — bu — bej yoki “yangi nyud” bilan aralashgan, jilosi bosilgan, sokinroq ohang.
Darhaqiqat, pudra pushtisi qichqirmaydi, o‘zini oldinga surmaydi, barcha nigohlarni o‘ziga qaratishga urinmaydi. Aksincha — obrazga noziklik, beg‘uborlik va yengil aristokratik ohang qo‘shadi. Pastelga moyil, deyarli neytral bu tus — oq yoki qaymoq rangdagi liboslarga nafis muqobil bo‘la oladi. Masalan, ofisda kiyiladigan klassik oppoq ko‘ylak o‘rniga pudra pushtisi rangdagi variantni tanlang — tashqi ko‘rinishingiz mutlaqo boshqa ohangda yangraydi: iliqroq, muloyimroq, ayollikni mehr bilan ta’kidlagan tarzda. Bu tus oq bilan uyg‘unlashuvchi barcha ranglar — kulrang, qora, quyu ko‘k bilan hech qanday ziddiyatga bormaydi.

Foto: Spotlight / Lacoste

Foto: Spotlight / Ferragamo

Foto: Spotlight / Chanel
Agar siz kontrastlar o‘yini va tasodifiy tuyulgan, lekin aslida puxta o‘ylangan uyg‘unlikni xush ko‘rsangiz, zaytun yoki xaki rangdagi elementlar yordamga keladi. Va albatta obrazga ozgina isyonkorlik qo‘shishni istasangiz — bu ham o‘z o‘rnida. Qattiq bichimli jaket, dag‘alroq poyabzal, aniq va keskin siluetlar orqali bu tusning mayinligi ortida kuchli xarakter yashiringanini ko‘rsatishingiz mumkin.

Foto: Spotlight / Alaia

Foto: Spotlight / Valli

Foto: Spotlight / Philipp Plein

Foto: Spotlight / Erdem