Qish oqshomlari uchun kino

Kadrlarga yashiringan go‘zallik, nafislik va iliqlik haqidagi hikoyalar

20 Dek 2024
Foto: Instagram / Letterboxd

Qishda allaqanday mo‘jiza bor: oyoq ostidagi qorning g‘ichirlashi, issiq jun choyshablar, muhabbat va iliqlikka o‘ralish istagi. Bunday kechalarda ayniqsa filmlar najot beradi – shunchaki ko‘ngilochar emas, balki haqiqiy, teran, his-tuyg‘ularni uyg‘otuvchi va esda qolarli filmlar. Ular go‘yo bizga bevosita murojaat qilayotgandek, o‘z kayfiyati va olamiga bizni mayin o‘rab olayotgandek tuyuladi. Bunday asarlar go‘zallik atrofimizda ekanligini va hatto eng oddiy onlarda ham mo‘jiza topish mumkinligini eslatadi.

Bu tanlangan filmlar to‘plami yaxshi do‘stlar davrasidagi yoqimli qish oqshomiga o‘xshaydi. Har bir film o‘ziga xos kayfiyat va ohangni taqdim etadi. Ular birgalikda qishni oddiy sovuq kunlardan ko‘ra ulug‘vor narsaga aylantiradi.

“Muzey soatlari”/Museum Hours, Jem Koen, 2012

Film go‘yo sekin nafas olishga o‘xshaydi. Jem Koen Venani vaqtdan tashqarida mavjud bo‘lgandek tasvirlaydi. Tor ko‘chalar, mahobatli binolar peshtoqi, muzeyning xira yorug‘ligi – bularning barchasi tomoshabinni bo‘layotgan voqealarning hammuallifiga aylanishga undayotgandek.

Syujet oddiy: muzey qo‘riqchisi Venaga shaxsiy ishlarini hal qilish uchun kelgan sayyoh ayol bilan uchrashadi. Ular birgalikda shaharni o‘rganadilar, hayot va san’at haqida suhbatlashadilar hamda o‘zlarining ilgari so‘ralmagan savollariga javob topadilar. Ularning suhbatlari go‘yo bizni o‘rab turgan olam haqida, biz dunyoni qanday his qilishimiz va u bizni qanday his qilishi to‘g‘risidagi mulohazalarga o‘xshaydi.

Film har bir lahza, agar unga e’tibor bilan qaralsa, san’atga aylanishi mumkinligini his qildiradi. Kamera goh qadimiy rasmlarda to‘xtaydi, goh ko‘chadagi o‘tkinchilarga e’tibor qaratib, ularni suratlar bilan taqqoslaydi. Vena manzaralarining uzoq davom etuvchi kadrlari, muzeyning o‘ychan sukunati, qahramonlarning muvozanatli ichki kechinmalari – bularning barchasi asta-sekin va diqqat bilan yashash istagini uyg‘otadi.

Bu film uzoq mulohaza yuritishni va go‘zallikni uning sokin ko‘rinishlarida sevuvchilar uchun ayni muddaodir.

“Tashlab ketilganlar” / The Holdovers, Aleksandr Peyn, 2023

Aleksandr Peyn oddiy syujetlar orqali chuqur, ta’sirli hikoyalarni so‘zlab berish mahorati bilan tanilgan. “Tashlab ketilganlar” ana shunday asarlardan biri. Bu qishki ta’tilda internatda qolishga majbur bo‘lgan o‘smirlar haqidagi hikoya. Ularni yolg‘izlik va sukunat birlashtiradi, ammo bu sokinlik ortida chuqur jarohatlar, shaxsiy iztiroblar yashiringan. Odatdagi bayram o‘rniga ularni yolg‘izlik bilan yakkama-yakka qolish, ham tashqarida, ham ichkarida xotiralar va sovuqlik kutmoqda.

Har bir qahramon o‘z qahratonini boshdan kechiradi. Kimdir uyini sog‘insa, kimdir hayot ma’nosini izlaydi, yana kimdir o‘z dardini yengishga urinadi. Biroq film bu g‘amginlikda yakunlanmaydi. Do‘stlik, mehribonlik va umumiy xotiralar tufayli qahramonlar qalblarini isitadigan narsalarni topadilar.

Bu asar shuni eslatadiki, hatto sovuq hamma narsani qamrab olgandek tuyulsa ham, doimo kichik shu’lani yoqadigan kimdir topiladi. Bu nur hatto eng uzoq qishni ham ilita oladi. Zero, qor va bezaklar bo‘lmagan joyda ham yorug‘likka o‘rin bor.

“8 ayol” / 8 Women, Fransua Ozon, 2002

Fransuz jozibasi, intrigalar va musiqa –yorqinlik va uslubni yaxshi ko‘radiganlar uchun  ayni muddao. “8 ayol” – qahramonlar qora qish osmonidagi yulduzlar kabi porlaydigan spektakl.

Voqealar rivoji detektiv jumboq atrofida kechadi, ammo aslida bu g‘aroyib qahramonlarni ochib berish uchun fon xolos. Sakkiz ayolning har birida sir, fojiaviy qismat va ozroq fransuzcha joziba mujassam. Ularni nafaqat detektiv jumboqni yechish, balki o‘z sirlari bilan yuzma-yuz kelish ham kutmoqda.

Musiqa, liboslar, suhbatlar – bu yerda hamma narsa shunday did bilan yaratilganki, undan ko‘z uzish qiyin. Bu doimo siz bilan birga bo‘ladigan bayram. “8 ayol” xuddi shampan vinosi bilan o‘tkazilgan qish oqshomiga o‘xshaydi: yengil, jo‘shqin va eslab qolishni istydigan ta’m qoldiradi.

Bu filmlarning har birida syujet, kiyim-kechak yoki dialoglardan tashqari yana nimadir bor. Bular shunday kichik olamlarki, har bir kadr ortida kayfiyat, har bir qarashda sir, har bir so‘z ortida ko‘zga ko‘rinmas, ammo his etiladigan nimadir yashiringan. Bu kino tarixni so‘zlab bermaydi, balki xuddi o‘z dunyolarining yengil ipak matosini kiyib ko‘rishni taklif qilayotgandek seni o‘ziga jalb qiladi.

Biz ularni faqat go‘zalligi uchun tomosha qilmaymiz, garchi bu yerda go‘zallik mo‘l-ko‘l bo‘lsa ham. Biz ularni qish kunlarida qo‘llarimizda quyosh nurlarini tutgandek, hayotning qimmatli lahzalarini qanday tutish mumkinligini eslatishi uchun ko‘ramiz.

Maqolani baham ko'ring

Related articles