Qurbon hayitining eng mashhur taomlari
Sharqona Qurbon hayiti bayramining o‘ziga xos retseptlari va an’analari haqida!
Barcha sharq bayramlarida taom eng muhim ahamiyatga ega. Arab tilidan tarjima qilinganda, “Qurbonlik bayrami” ma’nosini beruvchi Iyd al-Fitr bayramida ovqatlar asosan qurbonlik uchun so‘yilgan hayvonlar go‘shtidan tayyorlanadi.
Kavurma. Turkiya
Kavurma Turkiyada Qurbon hayiti uchun tayyorlanadigan asosiy taomlardan biridir. Bu taom, shuningdek, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham mashhur. Ko‘pchilik ushbu taomni pishirish mushkul, deb hisoblaydi. Lekin kavurma to‘g‘ri tayyorlansa, u unchalik kuch talab qilmaydi. Qo‘zi go‘shtidan bo‘ladimi yoki mol go‘shtidan, qurbonlikdan keyin tayyorlanadigan birinchi taom – katta qozonda pishiriladigan kavurma bo‘ladi. Kavurma uchun tanlangan go‘sht o‘z yog‘ida toki suvi bug‘lanib ketgunga qadar pishiriladi. Shuning uchun ham bunday usulda tayyorlangan go‘shtning yuza qismi qarsildoq bo‘lib qolmaydi. Keyin bu yog‘da go‘sht to‘q tilla rang tus olgunga qadar qizartirib qovuriladi. Go‘sht yanada yumshoq va mayin bo‘lib pishishi uchun vaqti-vaqti bilan aralashtirilib, qaynatishga qo‘yiladi.
Fatta. Misr
Fatta – arab oshxonasining yana bir milliy taomlaridan biri, u hatto Yaqin Sharqning boshqa davlatlarida ham mashhur. Fatta odatda non qatlamlari, pita, guruch, tovuq yoki qo‘zi go‘shtidan iborat bo‘ladi. Taom ustiga pomidorli yoki yogurtli sous quyiladi. Ba’zida fattaga no‘xat, piyoz, ziravor va ko‘katlar ham qo‘shiladi. Taom turli mintaqalarda turlicha usullar bilan tayyorlanadi. Fatta turli ziravorlar va sous aralashmasi tufayli ajoyib ta’mga ega bo‘ladi.
Mansaf. Iordaniya
Mansaf – mintaqa pazandachiligidagi boy va murakkab an’analarni aks ettiruvchi milliy iordancha taom. Bu taom achitilgan quruq “jamid” yogurtidan tayyorlangan sousda bug‘lab pishirilgan yumshoq qo‘zi go‘shtidan iborat. Go‘sht pishgach, uni guruch yoki bulg‘ori bilan arabcha yassi “shrak” noni ustiga tortishadi. Mansaf katta laganda qarag‘ay yong‘og‘i yoki bodom, shuningdek, maydanoz (petrushka) va yalpiz bilan bezatiladi. “Zaatar” ziravorlar aralashmasi, kunjut va sumak urug‘lari taomning mazasini yanada boyituvchi yorqin va achchiq ta’m beradi. Taom ko‘pincha maxsus kunlarda dasturxonga tortish uchun tayyorlanadi. Mansaf Yaqin Sharq oshxonasining an’analari va mehmondo‘stligi ramzi hisoblanadi.
Pastilla. Marokash
Pastilla – Marokashdagi bayram kechki dasturxoniga tortiladigan “bastiya” yoki “brik” deb nomlanuvchi noyob va mazali taom. U qatlamli pirog ko‘rinishida bo‘lib, pita noni yoki filo xamiriga tovuq go‘shti, bodom, ziravorlar, shakar solib o‘ralgan holda pishiriladi. Pastillani mehmonlarga tortiq qilishdan oldin uning ustiga shakar kukuni, koriandr, ba’zan dolchin yoki atirgul gullari sepiladi. Bu Marokash oshxonasining boy va xilma-xil lazzatlarini namoyish etuvchi eng ajoyib taomidir.
Palov. O‘zbekiston
Deyarli barcha o‘zbek xonadonlarida Qurbon hayiti bayramidan oldin, ya’ni arafa kuni palov tayyorlanadi. Bu taomni pishirish jarayoni bilan asosan erkaklar shug‘ullanishadi. Chunki o‘zbek oilasidagi har bir erkak palov pishira olishi bilan faxrlanadi. Palov uchun kerakli masalliqlar: guruch, qo‘y go‘shti, sabzi, mayiz, ziravorlardan zirk, azg‘on va qizil qalampir. Palov katta laganlarga barcha masalliqlari aralashtirilgan holatda suziladi. Ammo ba’zi tumanlarda bu taomni aralashtirmasdan, ya’ni sabzi, guruch va go‘sht alohida, qavat-qavat qilib tortiladi.
Bayramona dasturxonda shirinliklarga alohida ahamiyat beriladi. Bayram stolida, albatta, shirinliklar bo‘lishi shart, hatto mehmon bolakaylarga ham shirinliklar ulashishadi. Pishirilgan taomlar, odatda, saxovat va hamjihatlik belgisi sifatida qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ va kam ta’minlangan oilalarga tarqatiladi.