Ramazon: an’analar va urf-odatlar kaleydoskopida dunyo birligi
Bir oydagi xilma-xil madaniyatlar

Ramazon millionlab musulmonlar uchun faqat ro‘za oyi emas. U ibodat, birdamlik va muloqot oyi hamdir. Har bir jamiyat o‘zining madaniy boyligi va tarixiy merosi bilan Ramazonni o‘ziga xos tarzda kutib oladi. Milliardlab musulmonlar bir xil e’tiqodga amal qilishsa-da, ular bu muqaddas oyni o‘zlari yashaydigan hududlarning madaniy merosi shakllantirgan betakror an’analar bilan o‘tkazadilar. Iftorlikni e’lon qiluvchi gumburlagan to‘plardan tortib, chiroqlar yog‘dusidagi bayram oqshomlarigacha.
“Garangao” an’anasi
Garangao bayrami muqaddas Ramazon oyining o‘rtasida, ya’ni o‘n to‘rtinchi kechada, to‘lin oy chiqqanida nishonlanadi. Fors ko‘rfazi mamlakatlari, xususan, Qatar aholisi bu an’anani yuksak qadrlaydiki, u Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Ummon va boshqa qo‘shni davlatlarda ham rioya qilinadi.
Bolalar uchun bu kechaning o‘ziga xos jozibasi bor: ular an’anaviy liboslar kiyib, bir eshikdan boshqasiga yugurib o‘ynashadi, qo‘shiq aytishadi, shirinliklar va yong‘oqlarni, ba’zan esa kichik o‘yinchoqlarni almashishadi.

Surat: Instagram / Rishad.VP
“Garangao” an’anasining kelib chiqishi ma’lum darajada sirlar, mahalliy afsonalar va rivoyatlar bilan o‘ralgan. Keng tarqalgan e’tiqodlardan biriga ko‘ra, “Garangao” nomi bolalar o‘ynagan toshlarning ovozidan kelib chiqqan. Boshqa bir taxminga ko‘ra, bu an’ananing ildizlari Fors ko‘rfazi mintaqasida odamlar marvarid izlab sho‘ng‘igan davrlarga borib taqaladi. Ular oylab yo‘q bo‘lib ketishlari mumkin edi va taxminan Ramazon oyining o‘rtalarida qaytib kelganlarida, qishloqlar ularning qaytishi va olib kelgan “o‘lja”larini nishonlashardi. Vaqt o‘tishi bilan bu bayram “Garangao”ga aylandi.
“Garangao” – bu mahalliy hamjamiyatga ularning madaniy o‘tmishini eslatuvchi an’ana bo‘lib, qo‘shnilar va bolalarni Ramazon quvonchi va baxtini nishonlash uchun birlashtiradi.
Mxeybes
Bag‘dod. O‘yin paytida nog‘oralar ritmiga jo‘r bo‘lgan qarsaklar eshitiladi. Ammo bu futbol o‘yini emas, balki iroqliklar Ramazon oyida o‘ynashni yaxshi ko‘radigan ko‘p asrlik jo‘shqin o‘yindir.
XVI asrdayoq Bag‘dodda paydo bo‘lgan mxeybes futboldan keyingi ikkinchi an’anaviy o‘yin hisoblanadi. Undagi qoidalar iroqliklarni o‘z madaniy merosi bilan bog‘lashga va shu orqali avlodlarni birlashtirishga xizmat qiladi. O‘yinga bo‘lgan ishtiyoq shunchalik kuchliki, ba’zan jamoalar o‘rtasida bahslar kelib chiqadi.

Surat: Instagram / mycitytv.co.id
Mxeybes birinchi jamoa o‘z o‘yinchilaridan birining qo‘lida uzukni yashirishi bilan boshlanadi. Shundan so‘ng, boshqa jamoa “An-Nazul” deb ataladigan sardorni tanlaydi, u uzuk qaysi o‘yinchida ekanligini aniqlashi kerak. Sardor tana va imo-ishoralar tilini o‘qishdagi barcha qobiliyatlaridan imkon qadar foydalanishi va raqiblarning aldovlariga uchmasligi lozim. Uni katta-yu kichik iftorlikdan so‘ng o‘ynaydilar.
Fonuslar
Misrda barcha ko‘chalar Ramazon oyida ko‘zni qamashtiruvchi chiroqlar bilan bezatiladi. Rivoyatlarga ko‘ra, bunday an’ana fotimiylar davriga borib taqaladi.

Surat: Instagram / thisiscairo
Ramazon oyi yangi oyni ko‘rish bilan boshlanishi sababli, o‘sha paytda odamlar, ayniqsa bolalar, tunda qo‘llarida fonarlar bilan tashqariga chiqishardi. Ular xursandchilik va o‘yin-kulgi bilan yangi oyni kuzatishadi.
To‘p otish an’anasi
Kechki payt kelib, 8-10 km masofadan eshitiladigan to‘p ovozlari yangraydi. Bu iftorlik (og‘iz ochish) boshlanishining belgisi – musulmonlar quyosh botgandan so‘ng ro‘zalarini ochib, taom iste’mol qilishlari mumkin bo‘lgan payt. Bu qadimiy an’ana ba’zi mamlakatlarda hamon saqlanib qolmoqda.
Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarida bu an’ana mamlakat asoschisi davridan buyon juda qadrlanadi. Bolalar bu lahzani alohida hayajon bilan kutishadi. Turli noz-ne’matlar va shirinliklardan tashqari, bu ular uchun qiziqarli vaqt o‘tkazish imkoniyatidir. Tegishli xavfsizlik choralarini ta’minlash uchun otish paytida to‘rt nafar politsiyachi hozir bo‘ladi: ulardan ikkitasi buyruq berayotganda, boshqalari to‘pni jangovar holatga keltirib, o‘q uzadilar.
Saharlikdan oldin nog‘ora chalish an’anasi
Texnologiyalar tobora ko‘proq odamlarning turmush tarzini o‘zgartirmoqda va ba’zi an’analarning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday qadimiy an’analardan biri, o‘z o‘rnini budilnik va telefonlarga bo‘shatib bergan, ertalabki ovqatdan oldin nog‘ora chalishdir.
Biroq, hamma narsa ham achinarli holga kelib qolmagan, chunki an’analar madaniy kodning davomidir. Shuning uchun bu ovozni Istambul, Karachi, Misr va boshqa shaharlar ko‘chalarida eshitish sizga nasib etishi mumkin. An’anaviy kiyim kiygan nog‘orachilar ko‘chalarda yurib, odamlarni saharlikka uyg‘otadilar.

Surat: Instagram / Daleel Foundation
Butun Ramazon oyi davomida bu insonlar o‘zlarining diniy burchlarini ado etadilar. Kimdir uchun bu qo‘shimcha daromad, kimdir uchun esa baraka topish imkoniyatidir. Muqaddas oy nihoyasiga yetgach, ular aholi xonadonlarini aylanib, munosib minnatdorchilik oladilar. Mahalliy aholi ixtiyoriy ravishda ularga pul, kiyim-kechak va oziq-ovqat hadya qiladi, bu esa Ramazon hayitini yanada tantanali nishonlashga hissa qo‘shadi.
Ramazonchi bolalar
Eshik taqilladi. Bolalar ovozi eshitildi. Oldingda bolalar turibdi, ular jarangdor ovozda “Ramazon yetib keldi eshigingizga…” qo‘shig‘ini kuylay boshlashdi. Sen beixtiyor jilmayib, quvonchdan porlab turgan bu ko‘zlarga qaraysan. “Hozir”, deb, bolalarni xursand qilish uchun biror shirin narsa olib kelgani ichkariga yo‘l olasan. Ba’zida esa kichkina qo‘lchalariga mayda pullar berib qo‘yasan. Axir, ularga yo‘q deyish mumkinmi?
Bunday bolalarni nafaqat O‘zbekistonda, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham uchratish mumkin.
Qozoqlarda biroz boshqacharoq urf-odat bor, u "jaramazan" (jarapazan) deb ataladi. Unda asosan yoshlar ishtirok etadi. Bu og‘zaki xalq ijodiyoti janri bo‘lib, uning ildizlari qadimgi majusiylik e’tiqodlariga borib taqaladi. Vaqt o‘tishi bilan u o‘zgarib, Ramazon oyi davomida yoki yakunida aytiladigan qo‘shiqqa aylandi. Nomning o‘zi ikki so‘zdan tashkil topgan: “jar” va “ramazon”, so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “Ramazon qo‘shig‘i” degan ma’noni anglatadi.