Natella Krapivina: «Kuch — erkinlikda»

13 Авг 2026
От Dima Mitch

Natella Krapivina fikrini ochiq aytishga — va xuddi shunday qat’iyat bilan harakat qilishga odatlangan. Prodyuser, tadbirkor va afsonaviy «Oryol i Reshka» loyihasi yaratuvchilaridan biri bo‘lgan Natella bugun kreativ industriyalar, texnologiyalar va iste’dodlar bilan ishlashni birlashtiruvchi RIZZ Group kompaniyalar guruhini rivojlantirmoqda. Ammo uning qat’iyati va murakkab qarorlarni qabul qilish qobiliyati ortida sukunat, oila, ichki xotirjamlik va shunchaki o‘zligicha qolish imkoniyatini birdek qadrlaydigan inson turibdi.

ELLE O’zbekiston uchun eksklyuziv intervyuda Natella Markaziy Osiyoda o‘tgan bolaligini eslaydi, kuch va zaiflik, erkinlik, liderlik hamda katta qarorlarning bahosi haqida fikr yuritadi, yangi loyihalari va jadal rivojlanayotgan O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi haqida so‘zlab beradi.

Siz Ashxobodda tug‘ilgansiz va hayotingizning dastlabki o‘n bir yilini Markaziy Osiyoda o‘tkazgansiz. O‘sha bolalikdan siz bilan hozirgacha nima qolgan? Markaziy Osiyo madaniyatining qaysi jihatlarini eslaysiz yoki o‘zingizga singdirgansiz?

Mening bolaligim ajoyib o‘tgan. Biz hovlili uylar joylashgan mahallada yashardik. Atrofimizdagi do‘stlar va qo‘shnilar ba’zan eng yaqin qarindoshlardan ham yaqinroq edi. Eshiklar hech qachon qulflanmasdi. Topchanda soatlab choy ichib, mug‘om tinglar, asaldek shirin tarvuzni brinza bilan yer, issiq somsa va mantidan bahramand bo‘lardik. Onam ularni shunchaki ilohiy darajada mazali tayyorlardi. Aytgancha, o‘zbek palovini ham ozarbayjon palovidek juda yaxshi ko‘raman.

Dam olish kunlari bobom albatta qo‘y so‘yardi. Onam qurbonlik jarayonini ko‘rishimni unchalik istamasdi, ammo men yashirincha kuzatardim. Qandaydir tarzda aynan shu ancha shafqatsiz jarayon orqali menda hayotga nisbatan juda yetuk bir muhabbat paydo bo‘lgan. Bu dunyodagi hamma narsaning boshlanishi va oxiri borligini tushuna boshlaganman. Qo‘zichoq nuqtayi nazaridan qaraganda, inson jinoyat qilyapti. Inson nuqtayi nazaridan esa bu Yaratganga atalgan qurbonlik.

Umuman olganda, dinim, sharqona ildizlarim, meni shakllantirgan adabiyot, atrofimdagi energiya — bularning barchasi mening DNKimning asosiy ustunlari. Menga juda omad kulib boqqan. Men mehribon insonlar orasida ulg‘ayganman.

Albatta, bu oson yillar emas edi. Giyohvandlik va jinoiy mojarolar sabab ko‘plab insonlarning taqdiri singanini ko‘rdik. Ammo sen bolasan, ko‘chada do‘stlaring seni o‘yin o‘ynash uchun kutmoqda — va sen shunchaki eng baxtli bolalik hayotingni yashaysan.

«Sharqona ildizlarim, meni shakllantirgan adabiyot va atrofimdagi energiya — bularning barchasi mening DNKimning asosiy ustunlari».

Siz haqingizda ko‘pincha «to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapiradi, diplomatiyasiz» deyishadi. Bu tug‘ma xaraktermi yoki o‘zingizda shakllantirgan xususiyatmi?

Ha, men juda aniq odamman. Hatto bir do‘stim sovg‘a qilgan kartinam ham bor: oddiy oq polotno va unda katta, yorqin harflar bilan «Natella — aniq» deb yozilgan. (Kuladi.)

Bugun yigirma yil avvalgiga qaraganda ancha yumshoqman. Ammo umuman olganda, sening to‘g‘riso‘zliging qanchalik keskin tuyulishi uni qabul qilayotgan odamning qarashiga bog‘liq. Juda ta’sirchan odamlar bor: ular eng kichik narsani ham kattalashtirib, unga ulkan ma’no berishi mumkin. Bunday odamlar uchun men bilan muloqot qilish qiyin. Mohiyatni ko‘ra oladigan odamlar esa mening yonimda o‘zlarini qulay his qilishadi.

Lekin bir narsani aniq bilaman: men hech qachon ataylab birovni ranjitmayman yoki kamsitmayman. Shafqatsizlikka nisbatan menda mutlaqo toqatsizlik bor.

Agar mendan achchiq haqiqatmi yoki shirin yolg‘onmi deb so‘rasangiz, birinchisini tanlayman.

Ishingiz, ayniqsa biznes, kreativ soha va iste’dodlarni prodyuserlik qilish sizdan qat’iyat va qattiqqo‘llikni talab qiladi. Sizdagi yumshoqlik va zaiflik uchun joy qayerda qoladi?

Aslida men juda yumshoq va ta’sirchan odamman. Yaqinlar doiram juda tor, garchi ish bo‘yicha har oy yuzlab insonlar bilan muloqot qilsam ham. Bu doim bir-biridan butunlay farq qiladigan loyihalar o‘rtasidagi cheksiz switch.

Ammo uyda, yolg‘iz qolganimda yoki sevimli oilam bilan bo‘lganimda nihoyat nafas rostlayman va go‘yoki nomoddiy bir holatga o‘taman. Hech narsani hal qilmaslikka o‘zimga ruxsat bera olaman. Men uchun bu — hashamat.

Bugun siz uchun kuchli ayol bo‘lish nimani anglatadi?

Har doimgidek, bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish va harakat qilishdan qo‘rqmaslikdir. Shu bilan birga, oddiygina kiyim dazmollash yoki sho‘rva pishirish qobiliyatini ham yo‘qotmaslik.

Kuchli bo‘lish — har xil bo‘lishdan qo‘rqmaslik va o‘z qadringni hech qachon boshqa birovning aktivlari yoki boshqa bir inson bilan bog‘lamaslik demakdir.

Yana kuch — erkinlikda. Bu shunchaki falsafiy tushuncha emas. Bu — mindset. Men dunyoda eng ko‘p erkinlikni qadrlayman, ammo uni chinakam his qilish har doim ham oson emas.

«Kuchli bo‘lish — har xil bo‘lishdan qo‘rqmaslik demakdir».

Qarorlar uzoq vaqt asosan erkaklar tomonidan qabul qilingan industriyada o‘z liderlik uslubingizga sodiq qolish uchun o‘zingizda nimanidir kuchaytirishingizga to‘g‘ri kelganmi?

Menga juda omad kulib boqqan. Bolaligimdan erkaklar bilan muloqot qilish ba’zan ayollar bilan muloqot qilishdan ham osonroq kechgan. Hozir ham biznes-hamkorlarim va investorlarimning deyarli barchasi — erkak do‘stlarim.

Loyihalarimni amalga oshirish uchun hech qachon o‘zimda nimanidir o‘zgartirish yoki kuchaytirishimga to‘g‘ri kelmagan. Menimcha, ijtimoiy aloqalarni shakllantirishda energiya asosiy omil hisoblanadi. Bu yerda jinsning umuman ahamiyati yo‘q. Xuddi uslubing yoki tamoyillaring kabi.

«Oryol i Reshka» o‘z davrining eng taniqli loyihalaridan biriga aylandi. G‘oya qanday tug‘ildi? Qaysi paytda uning katta hodisaga aylanishini tushundingiz?

«Oryol i Reshka» — haqiqiy kult. Dastur 2011-yildan 2022-yilgacha uzluksiz efirda bo‘ldi. Hozirgacha uning ulkan muxlislar bazasi bor, Qozog‘iston va VOT VOT platformasi bilan chiqargan mavsumlarimizni esa millionlab insonlar tomosha qildi.

Bugun yangi sayohat shousi ustida ishlayapmiz. Tafsilotlarni hozircha ochiqlay olmayman, ammo juda qiziq loyiha bo‘ladi.

«Oryol i Reshka» g‘oyasi 2010-yil yozida tug‘ilgan va uni juda tez amalga oshirganmiz. Keyingi fevral oyida dastur ilk bor efirga chiqdi va darhol «yulduz tug‘ilgani» ayon bo‘ldi.

Biz televideniye qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi tasavvurni o‘zgartirdik. Butun bir yulduzlar avlodini yaratdik va millionlab odamlarni sayohat qilishga ilhomlantirdik.

«Oryol i Reshka» — katta brend. Ammo men uchun undan ham muhimi, u hammamiz abadiy yo‘qotgan bir hayotning ramzidir.

Faoliyatingizda bugun boshqacha qabul qilgan bo‘lardingiz, deb hisoblaydigan qarorlar bormi?

Ha, juda ko‘p. Men intuitiv yashaganman. To‘kinlik hissidan va bolalarcha, sodda dunyoqarashdan kelib chiqib ijod qilganman. O‘zimni yetarlicha himoya qilmaganman.

Ammo umumiy ma’noda tajribam aynan shunday bo‘lganidan afsuslanmayman. Ruhim ta’lim olmoqda va bu bilimlarning barchasi, hatto salbiylari ham, uning o‘sishi uchun kerak.

Rivojlanmaydigan hamma narsa oxir-oqibat yo‘q bo‘ladi. Shuning uchun ha, xato bo‘lgan qarorlar bor. Ammo ular mutlaqo to‘g‘ri bo‘lgan qarorlardan ancha kam.

Siz boshqalardan oldin iste’dodni ko‘ra olasiz. Insonning o‘zi hali o‘ziga ishonmagan paytda unga ishonishning eng qiyin jihati nima?

CliftonStrengths testida menda birinchi o‘rinda Individualization turadi — ya’ni har bir insonning o‘ziga xos tomonlarini ko‘ra olish qobiliyati. Shuning uchun prodyuserlik men uchun juda tabiiy.

Men brendni boshqalar ko‘rishidan ancha oldin ko‘raman. Potensialni ochish va men ko‘rayotgan narsani boshqalarga ham ko‘rinadigan qilish uchun tizim quraman.

Eng murakkab qismi har doim budjetlar va mahsulotning o‘zi bilan ishlash. Hammasi nimani rivojlantirayotganimizga bog‘liq. Agar bu artist bo‘lsa, musiqiy material va vizual kod ustida ko‘p ishlash kerak. Agar mikrochiplar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lsa, AI jarayonlarini optimallashtirish bilan shug‘ullanasan.

Bugun RIZZ Group doirasida butun bir kompaniyalar guruhim bor va ularning har biri o‘z yo‘nalishiga javob beradi. Hayotimda ilk bor men alohida bir insonga yoki alohida ijod turiga emas, balki katta kompaniya va turli kreativ industriyalarda mahsulot yarata oladigan, sun’iy intellekt bilan tizimli ishlaydigan hamda uni hayot sifatini yaxshilash uchun joriy etadigan jamoaga ishonaman.

Artist bilan yillar davomida ishlash deyarli munosabatlarga o‘xshaydi. Bunday aloqani nima mustahkam qiladi?

Umumiy istaklar. Do‘stlik.

Agar birgalikda ijod qilish sizga yoqsa, shu bilan birga yaqin do‘st bo‘lsangiz va karyeralaringiz ma’lum ma’noda bir-biriga bog‘liq bo‘lsa, bu juda o‘ziga xos atmosfera yaratadi. Lekin hayotimda bunday holat atigi bir necha marta bo‘lgan. Ko‘pchilik bilan tijoriy shartlarda ishlaganman va ishlashda davom etaman.

Hozir A&R tizimimizni ishga tushirishga tayyorlanyapmiz. Bu o‘ziga xos qo‘shiqlar butigi bo‘lib, har bir trek mening saralashimdan o‘tadi, eng yaxshilari esa artistlar va prodyuserlar xarid qilishi uchun sotuvga qo‘yiladi. Bundan tashqari, HITPICK distribyutorlik platformasini ham ishga tushiryapmiz va ancha kengroq artistlar doirasi bilan ishlay boshlaymiz.

Biz kuchli jamoa va strategiyaga muhtoj, lekin yillar davomida prodyuser bilan bog‘lanishni istamaydigan va mustaqil qolmoqchi bo‘lgan artistlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Musiqachilar bilan ishlashda yondashuvimiz juda demokratik. Hech kimni til yoki uslub bo‘yicha cheklamaymiz. O‘zbek, rus, ingliz yoki ukrain tilida kuylashingiz mumkin. Faqat bitta shart bor — iste’dod va har kuni kontent yaratish istagi.

Iste’dod bilan yo‘llaringiz ajralganda bu doim og‘riqli bo‘ladimi? Yoki vaqt o‘tishi bilan insonlarni afsuslanmasdan qo‘yib yuborishni o‘rgandingizmi?

Menda ayriliq haqidagi qaror juda uzoq vaqt pishib yetiladi. Men sabr qilishni bilaman va yaqin insonlarni yo‘qotishni yoqtirmayman.

Ammo ular uchun bu ko‘pincha kutilmagan bo‘ladi, chunki go‘yo men qarorni birdan, bir soniyada qabul qilgandek ko‘rinadi. Ular shu vaqt davomida ichimda nimalar sodir bo‘lganini va qaysi idish oxir-oqibat to‘lib-toshganini bilishmaydi.

Ha, ayriliq har doim kichik bir o‘lim. Ammo bugun o‘zimga biroz ko‘proq g‘amxo‘rlik bilan munosabatdaman va odamlarning ichimda shunday og‘riq o‘choqlarini yaratishiga endi yo‘l qo‘ymayman.

Oilangiz bilan tez-tez vaqt o‘tkazishga ulgurasizmi? Siz uchun dam olish nima va qanday tiklanasiz?

Afsuski, qizim ko‘p vaqtini Dubayda yashab o‘tkazadi, shuning uchun biz xohlaganimizdan kamroq ko‘rishamiz. Ammo yozni birga o‘tkazamiz.

Butun oilam Kiyevda yashaydi. Imkon topganimda ularning oldiga boraman, onam ham vaqti-vaqti bilan meni ko‘rgani keladi. Lekin ularni juda qattiq sog‘inaman.

Men mutlaq yolg‘izlik va sukunatda tiklanaman. Men orqali o‘tadigan musiqa, so‘zlar va odamlarning miqdori meni butunlay holdan toydiradi. Shuning uchun sukunat — mening dorim.

Va, albatta, sayohatlar. Kuzda Toshkentga kelishni orzu qilyapman. Bolaligimda Samarqandda ko‘p marta bo‘lganman — u yerda katta amakim yashardi. Keyinchalik gastrollar vaqtida Toshkentga ham kelganman. Ammo endi O‘zbekiston qanday rivojlanayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni va sizning ajoyib restoranlaringizda ovqatlanishni istayman.

Balki o‘zini yo‘qotmasdan boshqalarni qanday yaratish mumkinligi haqida eshitishni istagan barcha uchun public talk ham tashkil qilarmiz.

«Men orqali o‘tadigan musiqa, so‘zlar va odamlarning miqdori meni butunlay holdan toydiradi. Shuning uchun sukunat — mening dorim».

O‘n yildan keyin qanday Natella bo‘lib qolishni istardingiz — titrlarda emas, balki insonlar xotirasida?

Men hozircha o‘lishni rejalashtirayotganim yo‘q, shuning uchun yana uzoq vaqt faqat xotirada emas, balki odamlarning ko‘z o‘ngida ham ko‘rinib yuraman. (Kuladi.)

Jiddiy gapiradigan bo‘lsam, men umuman o‘ylamaydigan odamlar men haqimda nima deb o‘ylashi menga farqi yo‘q. Men shunchaki sevimli ishim bilan shug‘ullanishni va bu dunyoga foyda keltirishni istayman.

Yana nabiralarimni ko‘rishni xohlayman. Umid qilamanki, o‘n yildan keyin ularning bir nechtasi bo‘ladi.

Men onalikni to‘liq his qilishga ulgurmaganman. Sofiyani dunyoga keltirganimda 21 yoshda edim. Bizning aloqamiz juda chuqur bo‘lishiga qaramay, ko‘p narsalarni o‘tkazib yuborganman. Bularning o‘rnini nabiralarim bilan to‘ldirishni orzu qilaman.

Yana o‘n yildan keyin siz mendan Toshkentdagi ofislarimdan birida intervyu olasiz, men esa shahar va mamlakat uchun ishga tushirayotgan yangi loyihalarimizni sizga ko‘rsataman. Inshallah.

Bugun O‘zbekiston, jumladan kreativ industriyalar sohasida ham jadal rivojlanmoqda. Kelajakda O‘zbekiston bilan loyihalar yoki hamkorlik uchun imkoniyat ko‘ryapsizmi?

Ko‘ryapsizmi, men sizdan oldinroq bu haqda o‘ylab qo‘yganman. (Tabassum qiladi.) Hozir biz faol muloqotdamiz va muhokama qilayotgan bir qator loyihalar allaqachon bor.

Hech bo‘lmaganda birinchi qadam qo‘yildi. Ishonchim komilki, bizning professionalligimiz va kreativligimiz O‘zbekistonning allaqachon ulkan salohiyatiga mos tushishi va uni yanada kuchaytirishi mumkin.

Umuman olganda, davlatingiz eng yaxshi jahon tashabbuslarini o‘z sharoitiga qanday tatbiq etayotganiga va bu yerda sun’iy intellekt sohasi — umuman olganda, boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda ham — noyob mutaxassislarni yetishtirish uchun qanday ulkan imkoniyatlar ochilayotganiga qoyil qolaman.

ELLE O’zbekiston o‘quvchilariga nima tilagan bo‘lardingiz?

Barchangizga doimo tinch osmon ostida yashashni tilayman. Har bir kuningizda umr bo‘yi eslab qolishni istaydigan hech bo‘lmaganda bitta voqea bo‘lishini xohlayman.

Oilangiz sizni quvonch va faxr bilan to‘ldirsin, qalbingizda esa xotirjamlik hamda aynan o‘zingiz tanlagan hayotni yashayotganingiz va unda o‘zingizni yaxshi his qilayotganingizga ishonch bo‘lsin.

O‘zingizga sarmoya kiritishingizni va o‘zingizga vaqt ajratganingiz yoki o‘zingiz uchun pul sarflaganingizdan hech qachon afsuslanmasligingizni tilayman.

Siz bunga loyiqsiz.

От Dima Mitch
Поделиться статьей