San’at terapiyasi

San’at stressni yengishga qanday yordam beradi

Fotо: Pexels

Psixologiyada ijodkorlik nafaqat o‘zini ifodalash usuli, balki stress bilan kurashish va o‘zini yaxshiroq anglash vositasi sifatida ham qaraladi. Art-terapiya – ilmiy yondashuvni erkin ijodkorlik bilan uyg‘unlashtirgan barcha mashq va texnikalarning umumiy nomidir. Bugungi kunda bunday terapiya o‘zining samaradorligi va mustaqil ishlash imkoniyatlari tufayli tobora ommalashib bormoqda.

ELLE O‘zbekiston tahririyati art-terapiyaning turlari va o‘zingiz uchun eng mos yo‘nalishni qanday tanlash haqida so‘zlab beradi.

Art-terapiya turlari

Art-terapiya – ichki kechinmalarni ifodalash, tushunish va qayta ishlash uchun ijodkorlikning turli shakllaridan foydalanishga asoslangan psixologik amaliyot usulidir. Terapiyaning bu turi o‘z-o‘zi bilan aloqa o‘rnatishga, xavotir darajasini pasaytirishga, stressni yengishga va ichki ziddiyatlarni hal qilishning yangi usullarini topishga yordam beradi. Art-terapiya bilan mutaxassis yordamida ham, mustaqil ravishda ham shug‘ullanish mumkin.

Art-terapiyaning eng mashhur turlari san’atning asosiy sohalari bilan kesishadi. Masalan, rasm chizish rang va shakl yordamida hissiyotlar, tuyg‘ular va kechinmalarni ifodalashga yordam bersa, loy yoki plastilindan haykal yasash tana va his-tuyg‘ularni anglashga, nazorat hissini topishga ko‘maklashadi. Art-terapiyada hissiyotlarni tovush, ritm yoki ovoz orqali ifodalashga imkon beradigan musiqiy texnikalar ham mavjud. Raqs mashqlari esa inson harakat orqali zo‘riqishni yengishiga va his-tuyg‘ularini namoyon qilishiga yordam beradi. Art-terapiyaning har bir shakli insonning ehtiyojlari va bunday terapiyaning maqsadlariga qarab alohida yoki birgalikda qo‘llanilishi mumkin.

Fotо: pexels

San’at terapiyasining ijodkorlikdan farqlari

Keng ma’noda ijodkorlik, avvalo, yangi va betakror narsa yaratish qobiliyatidir, masalan, rasm chizish yoki qo‘shiq yozish. Art-terapiya esa ijodkorlikni faqat ichki ish uchun vosita sifatida qo‘llaydi va bunday terapiyaning asosiy maqsadi jarayondan zavqlanishdir. Aynan jarayon orqali art-terapiya insonga o‘z tuyg‘ularini anglashga, taranglikni pasaytirishga, murakkab hissiyotlarni boshdan kechirishga va qiyinchiliklarni yengishning yangi usullarini topishga yordam beradi. Rasm chizishni bilishingiz yoki qo‘shiqni qanchalik yaxshi kuylashingiz ahamiyatsiz – art-terapiyada ijodiy ishning natijasi muhim emas, chunki bu yerda inson uchun baholash, qoidalar yoki tanqid mavjud emas. Shunday qilib, aslida, o‘zingizga erkin bo‘lishga imkon beradigan va natijadan tashvishlanamasdan hamda o‘zingizni cheklamasdan jarayondan zavqlanadigan har qanday ijodiy faoliyat siz uchun art-terapiyaga aylanishi mumkin.

Fotо: pexels

Sizga nima mos kelishini qanday bilish mumkin

Odatiy energiya olish usullari, masalan, do‘stlar bilan uchrashish yoki sport bilan shug‘ullanish kutilgan natijani bermayotganini his qilsangiz, san’at terapiyasi foydali bo‘lishi mumkin. Agar stress, tashvish yoki boshqa salbiy his-tuyg‘ularni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, san’at terapiyasi yana xotirjamlikka erishishingizga va o‘zingiz bilan uyg‘unlikni topishingizga yordam beradi.

Qaysi usullar sizga mos kelishini tushunishning eng yaxshi yo‘li – bu turli texnikalarni sinab ko‘rish va o‘z his-tuyg‘ularingizni kuzatish. Quyida turli sohalarda bajariladigan bir nechta oddiy mashqlar keltirilgan. Ularni sinab ko‘rib, aynan qaysi turdagi san’at terapiyasi sizga mos kelishini yaxshiroq bilib olishingiz mumkin:

  • Ong oqimi. Mashqning mohiyati barcha fikr va his-tuyg‘ularni cheklovlarsiz qog‘ozga tushirishdan iborat. Bir varaq qog‘oz oling va hech nimani o‘ylamasdan yozing. O‘zingizga samimiy bo‘lishga ruxsat bering, qoidalar va grammatika haqida qayg‘urmang. Bu ichki kechinmalardan ozod bo‘lishga va o‘z his-tuyg‘ularingizni chuqurroq tushunishga yordam beradi.
  • Rang portlashi. Bu mashqda his-tuyg‘ularni ranglar orqali ifodalash muhim. Bo‘yoqlar, flomasterlar yoki qalamlarni oling, so‘ngra hozir sizni bezovta qilayotgan his-tuyg‘ular haqida o‘ylab ko‘ring. Holatgingizni aks ettiruvchi mavhum tasvir yarating, chizgan rasmingiz qanday ko‘rinishi haqida o‘ylamang. Bu mashq his-tuyg‘ularingizni ifodalashga va ichki holatgingizni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
  • Davolovchi loy. Ushbu mashqda stress yoki xavotiringizni ifodalovchi shaklni yaratish uchun loy yoki plastilindan foydalaning. Shakl va tuzilishga e’tibor qarating, o‘zingizdan salbiylikni “olib tashlayotgandek” tasavvur qiling. Ish tugagach, zo‘riqish va bezovtalikni ramziy ravishda yo‘qotish uchun shaklni siqing.
  • Erkin harakatlanish. Jo‘shqin musiqani yoqing va cheklovlarsiz raqsga tushing. Eng muhimi, qanday ko‘rinishi haqida o‘ylamasdan, o‘zingiz xohlagandek harakatlanishdir. His-tuyg‘ularingizni ifodalash va jismoniy zo‘riqishdan xalos bo‘lish uchun raqsga tushing. Ushbu mashq to‘planib qolgan his-tuyg‘ularga yo‘l ochishga yordam beradi.
Maqolani baham ko'ring

Related articles