San’at va adabiyot olami bo‘ylab sayohatnomalar
Ijodkorlik va madaniyat hayotni qanday o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi hikoyalar. The New York Times nashrining XXI asrdagi eng sara 100 ta kitob ro‘yxatidan olingan asarlar
Yaqinda New-York Times gazetasi XXI asrning 100 ta eng yaxshi kitoblar roʻyxatini eʼlon qildi. Ularning ayrimlarida san’at va madaniyatga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu asarlar oddiy hikoyalar emas. Ular bizni murakkab taqdirlar, badiiy meros va madaniy o‘zgarishlar bilan to‘yingan dunyoga olib kirib, olamni boshqacha ko‘rishimizga yordam beradi. Mazkur kitoblar san’at olamiga yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq bo‘lib, o‘zimizni anglashga va eng kutilmagan lahzalarda taskin topishga ko‘maklashadi. Keling, ular bilan tanishamiz.
“Chittak” (“The Goldfinch”), Donna Tartt
“Chittak” romanida bosh qahramon hayoti tasviriy sanʼat bilan bogʻlanadi. Oʻn uch yoshdagi oʻsmir Teo Deker muzeyda sodir boʻlgan terrorchilik hujumidan omon qoladi va vayron boʻlgan binoni tark etayotib Yan Fabritsiusning sanʼat asarini oʻzi bilan olib ketadi. Ushbu kichik rasm Teoning hayotida tub burilish yasaydi. Shu bilan birga uning taqdiri sanʻat bilan bogʻlanadi. Donna Tartt asardagi har bir syujetni haqiqatga yaqin dalillar bilan boyitibgina qolmay, yozgan har sahifasi oʻquvchini taʻsirlantirmay qoʻymaydi.
“Chittak”da sanʻat tushunchasi shunchaki toʻldirilgan emas. U butun hikoya mazmunini qamrab olgan. Insoniyatning hayot mazmuni va ojizlik ramzi qilib koʻrsatilgan. Yozuvchi sanʼat insonga qanday qilib bir vaqtning oʻzida taskin berishi, ilhomlantirishi va ayniqsa, hayot butunlay vayron boʻlgandek tuyulgan lahzalarda og‘irlik tug‘dirishi mumkinligini mahorat bilan tasvirlab bergan. Kitob sahifalari orqali hatto tartibsizlik va yo‘qotishlar ichida ham taskin va ma’no topish mumkinligi ko‘rsatib berilgan.
Kitobdan iqtiboslar:
“Yomon rassomlar nusxa koʻchirishadi,
Yaxshilari esa oʻgʻirlashadi.”
“San’atni buning uchun sevmaydilar. Uni burchak ortidan eshitiladigan ohista shivirlash uchun yaxshi ko‘radilar.”
“Persepolis”, Marjane Satrapi
“Persepolis” – Marjane Satrapining islom inqilobi va undan keyin Eronda voyaga yetgani haqida hikoya qiluvchi avtobiografik roman. Ushbu kitob komikslar sanʼati orqali yetkazilgan kuchli madaniy dalildir. Satrapi o‘zining kechinmalari va nafaqat o‘zi, balki butun Eron xalqi duch kelgan madaniy larzalarni ifodalash uchun sodda oq-qora tasvirlardan foydalanadi.
Satrapi metafora va kinoya orqali o‘quvchini shaxsiy erkinliklar va madaniy o‘zlik doimo sinovdan o‘tayotgan dunyoga sho‘ng‘itadi. Kitobda siyosiy tarix va shaxsiy kechinmalar mohirona tarzda birlashtirilgan, san’at esa o‘zini ifodalash va qarshilik ko‘rsatish vositasiga aylangan. “Persepolis” nafaqat o‘tmish haqidagi hikoya, balki o‘z shaxsiyatini va hayot mazmunini uzluksiz izlash jarayonini aks ettiruvchi asardir.
Kitobdan iqtiboslar:
"Biror narsa taqiqlansa, u haddan tashqari muhim ahamiyat kasb etadi."
"Men qorni yomon ko‘rardim, ayniqsa ko‘chada yurganimda. Ammo issiq xonaning derazasidan qorga qarasangiz, uning qadrini anglay boshlaysiz."
“Men - qirg‘iy” (“H is for hawk”) Helen Macdonald
“Men – qirg‘iy” – shaxsiy yoʻqotishlar va lochin ovi orqali o‘zini tiklash yoʻli haqidagi hikoya. Helen Makdonald otasining oʻlimidan soʻng, murakkab ish, yaʼni qirg‘iyni qoʻlga oʻrgatishni oʻziga maqsad qilib qoʻyadi. Kitobda insonning tabiat va san’at bilan hissiy aloqasi chuqur o‘rganiladi. Tabiatshunos va yozuvchi sifatida Makdonald o‘z hikoyasini qirg‘iylarning nozik xatti-harakatlari bilan boyitib, hayot va yo‘qotish haqida mushohada yuritadi.
“Men – qirg‘iy” asari inson xoh tabiatda, xoh oʻrmonda boʻlsin, hattoki eng kutilmagan joylarda ham oʻziga yangi maqsadlar qoʻya olishi, yashashga ishtiyoqi ortishi haqidagi meditatsion va oʻzligini anglatuvchi taʻsirli hikoya. Bu kitobda yashash uchun kurash, har qanday holatga moslashish va tabiat bilan uygʻunlik orqali oʻzlikni yangidan namoyon qilish tasvirlangan.
Kitobdan iqtiboslar:
“Oshiqlik – agar u atrofdagi tabiatga nisbatan bo‘lmasa, kishini holdan toydiradigan tajriba hisoblanadi.”
“Ichki dunyong parchalanganda, qochishga tushasan. Ammo har doim ham nimadandir qochmaysan. Aksincha, ba’zida o‘zing sezmagan holda, nimagadir qarab intilayotgan bo‘lasan.”
Ushbu asarlarning har biri shuni ko‘rsatadiki, sanʼat va madaniyat nafaqat hayotimizni boyitadi, balki eng qiyin damlarda eng yaxshi ko‘makchi hamdir. Ular bizga dunyoga yangi nazar bilan qarashga, undagi go‘zallikni ko‘rishga, o‘zimizni hamda atrofdagilarni yaxshiroq anglashga yordam beradi. Bu asarlar hayotda hammasi tugaganda ham, sanʼat bizni qo‘llab-quvvatlovchi kuch bo‘lishi mumkin ekanini eslatib turadi.