San’atdagi tana

Dadaistik janjallardan digital-xeppeninglargacha: ijro dunyo va insonni qanday o‘zgartiradi

03 Iyun 2025
manba: Sotheby's

Tasavvur qiling, siz shunday bir ko‘rgazmaga tashrif buyurdingizki, u yerda rasmlar o‘rniga jonli odamlar turadi. Rassom mato ortiga yashirinmaydi, aksincha, o‘zi san’at asariga aylanadi. Bu yerda zal va sahna o‘rtasidagi odatiy chegara yo‘qoladi, tomoshabin beixtiyor harakatning ishtirokchisiga aylanib, his-tuyg‘ular, ma’nolar va jismoniy ochiqlikning sehrli raqsiga g‘arq bo‘ladi. Bu – performans, ya’ni san’atning eng jonli, eng tavakkalchi va eng kutilmagan turi.

Isyon mahsuli 

Performans san’at qoliplardan charchagan joyda paydo bo‘lgan. XX asr boshlarida dadaistlar va futuristlar an’anaviy san’atga qarshi isyon ko‘tardilar. Ularning harakatlari oddiy fuqarolarning tinchligini buzishga qaratilgan provokatsiya va hayratlanarli voqealar edi. Syurixning mashhur “Volter kabare”sida g‘alati tomoshalar tashkil etilardi: shoirlar ma’nosiz she’rlarni baqirib o‘qir, rassomlar xolstlarni parchalab, tomoshabinlarni ko‘pincha janjal darajasigacha bo‘lgan reaksiyaga undardi. Bular san’at va voqelik o‘rtasidagi chegarani yo‘qotib, tomoshabinni voqealarning bevosita ishtirokchisiga aylantirish uchun qilingan dastlabki urinishlar edi.

XX asrning ikkinchi yarmi performansga haqiqatan ham kuchli ovoz berdi. Amerikalik bastakor Jon Keyj “4’33” nomli asari bilan tomoshabinlarni hayratga soldi. Bu asarda musiqachilar shunchaki jim o‘tirar, tomoshabinlar esa atrofdagi tovushlarni tinglar edilar.

“Haqiqiy musiqa – bu atrofimizdagi hayot”, deb aytgan Keyj san’at haqidagi an’anaviy tushunchani barbod qildi.

manba:StoreFrontLab

Buyuk fransuz ijodkori Iv Klyayn ham tanani mato sifatida qo‘llagan. U mashhur “Antropometriya” performansida modellarni ko‘k bo‘yoqqa botirib, ular yordamida tomoshabinlar ko‘z o‘ngida rasmlar chizgan va shu tarzda ijodiy jarayonni harakat san’atiga aylantirgan.

“San’at – bu narsa emas, balki lahza”, deya ta’kidlagan Klyayn dunyoga go‘zallik va ijodga butunlay yangicha qarashni namoyish etib.

Biroq performans faqatgina hayratlantiribgina qolmay, muhim narsalar haqida so‘zlaydi. Serbiyalik rassom Marina Abramovich o‘z tanasi chegaralarini va tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini tadqiq etdi. Uning mashhur “Ritm 0” performansi – u tanasini tomoshabinlar ixtiyoriga topshirgan eksperiment insondagi shafqatsizlik va zaiflik haqida chuqur o‘ylantiradigan, qo‘rqinchli va og‘riqli tajribaga aylandi.

Xeppening, envayronment, raqamli san’at

Performans nafaqat san’atkorning individual harakati, balki keng ko‘lamli jamoaviy harakat ham bo‘lishi mumkin. Absurdlik va spontanlik ruhidan kelib chiqqan xeppening (hodisaviy performans) dunyoga erkinlik, kutilmagan hissiyotlar energiyasini taqdim etdi. Amerikalik Allan Kaprou tomoshabinlar umumiy bema’nilikning bir qismiga aylanadigan, apelsin sharbatini siqib chiqaradigan yoki shunchaki xonani supuradigan, kundalik harakatlarni san’at asariga aylantiradigan tadbirlar uyushtirardi. Xeppening san’at hayotdan ajralmaganligini, uning bir qismi, hayotning o‘zi ekanligini ko‘rsatib, odatiy chegaralarni buzdi.

XXI asrda performans raqamli shakl oldi, ammo u avvalgidek hissiyotlarga boy va ta’sirchanligicha qoldi. Endi san’atkorlar onlayn maydonga chiqib, jonli efirlar, translyatsiyalar va fleshmoblarni badiiy ifoda vositalariga aylantirmoqdalar. Internet-performans san’atni millionlab odamlarga yaqinlashtiradi, jismoniy chegaralarni yo‘q qiladi va butun dunyodagi insonlarni birlashtiradi. Masalan, rassom Rirkrit Tiravani ko‘rgazmalarda “jonli oshxonalar” tashkil etadi, bu yerda onlayn translyatsiyalar global muloqotning bir qismiga aylanadi.

Odamiylik san’ati

San’atkorlar tobora ko‘proq ijtimoiy va siyosiy muammolar haqida performans orqali gapirmoqdalar. Ular erkinlik, jinsiy o‘zlik, ekologik halokatlarga oid mavzularni qamrab olmoqda. Performans norozilik ovozi va adolat uchun kurash vositasiga aylanib, san’atning dunyoni o‘zgartirishga qodir ekanligini yorqin namoyon etmoqda.

Ehtimol, performansdagi eng muhim narsa uning insoniyligidir. U biz ba’zan sukut saqlaydigan narsalar haqida so‘zlaydi: qo‘rquvlar, shubhalar, sevgi va og‘riq haqida. Performansning har bir ko‘rinishida juda shaxsiy, samimiy va nozik nimadir mavjud. Bu nafaqat san’at, balki teskari ag‘darilgan samimiyatdir.

Bugungi kunda performans – bu barcha ishtirok etadigan muloqotdir: san’atkorlar, tomoshabinlar va jamiyatning o‘zi. Bu shunday ko‘zguki, unda biz o‘zimizning eng chuqur qo‘rquvlarimiz va eng yuksak intilishlarimizni ko‘ramiz. Aynan shu sababli ham performans shunchalik jonli va dolzarb bo‘lib qolmoqda – u biz bilan tana, his-tuyg‘ular va cheksiz ijod tili orqali muloqot qilishda davom etmoqda.

Maqolani baham ko'ring

Related articles