Sekinlashishga yordam beradigan yapon uch usuli
Tabiat bilan birlashmoq va kuchga to‘lmoq payti keldi

Bahor o‘z bilan birga tetiklikni olib keladi, demak, sustlashish, quvvatni tiklash va g‘ayratga to‘lish muhimdir. Buni qanday amalga oshirsa bo‘ladi? Buning javobi yaponlarning hayotning har bir lahzasida cheksiz donolik yashiringan amaliyotlarida mujassam.
Sinrin-yoku
Yaponlarning “o‘rmonlarda cho‘milish” amaliyoti tabiat muhitiga to‘liq sho‘ng‘ishni anglatadi. Toshkentda istiqomat qilayotgan kishi bu amaliyotni yashil hududlar va bog‘larda osongina sinab ko‘rishi mumkin, chunki sinrin-yokuning asosiy qoidasi – shahar shovqinidan uzoqlashib, tabiat bag‘rida dam olish va undan quvvat olishga intilishdir.
Bu atama 1982-yilda Yaponiyada sog‘liqni mustahkamlash davlat dasturining bir qismi sifatida paydo bo‘lgan, biroq uning ildizlari atrof-muhit bilan uyg‘unlikning qadimiy an’analariga borib taqaladi. Sinrin-yoku stressni kamaytiradi, qon bosimini normallashtiradi, uyquni yaxshilaydi va immunitetni mustahkamlaydi.
Amaliyotni bajarish uchun park yoki o‘rmonni tanlang va u yerda 30-60 daqiqa vaqt o‘tkazing. Telefonni chetga qo‘ying, har bir lahzaga e’tibor qarating. Eng mayda tafsilotlarni ilg‘agan holda chuqur nafas oling. Meditatsiya qilishingiz yoki shunchaki o‘z his-tuyg‘ularingizga ishonib yurish mumkin.
Amaliyotning mohiyati beshta sezgi a’zosi orqali tabiat bilan ongli muloqot qilishdir. Daraxt po‘stlog‘ining g‘adir-budurligini yoki suvning salqinligini his qiling, qushlarning sayrashi va barglarning shitirlashiga quloq tuting, o‘rmonning musaffo havosini to‘yib-to‘yib hidlang. Barglardagi quyosh nurlarining o‘yinini, daraxtlar tanasidagi naqshlarni kuzating. Imkoni bo‘lsa, o‘rmon mevalari, mevalar yoki o‘t-o‘lanlardan damlanagan choydan tatib ko‘ring.

Fotо: Pexels
Hokku
Uch qatorda lahzani to‘xtatib, uning mohiyatini ifodalay oladigan qisqa she’r. Bu yapon she’riyat shakli oddiy narsalardagi go‘zallikni ko‘rishni, tabiat kayfiyatini ilg‘ashni va chuqur tuyg‘ularni oz so‘z bilan ifodalashni o‘rgatadi.
Xokkuning asosiy g‘oyasi - o‘quvchi tasvirni ko‘ribgina qolmay, uni his qilishi uchun lahzani jonlantirishdir. Ko‘pincha bu nozik tuyg‘ularga to‘la tabiat manzaralari, fasllar yoki kundalik hayot lavhalarining tasvirlaridir. Bu oddiy tuyulishi mumkin, ammo aslida bu satrlar ortida butun bir voqea yashiringan. Hovuzning sokinligi, to‘satdan sodir bo‘lgan harakat, suvning sharillashi... Bularning barchasi jonli lahza tuyg‘usini uyg‘otadi.
O‘z xokkungizni yaratish uchun, avvalo, biror lahzani ilg‘ashingiz lozim. Bu oynada yomg‘ir tomchisi, devordagi qush soyasi yoki daraxtlarning ilk bahorgi gullashi bo‘lishi mumkin. Tasvirni murakkab so‘zlarsiz yetkazing, eng muhimi - his-tuyg‘u. Xokkuda ko‘pincha yil fasllari, ob-havo va manzara unsurlari tilga olinadi.
Xokku yozish xuddi hozirgi onni anglashni o‘rgatuvchi ongli yondashuv amaliyotini eslatadi. Bu so‘zlar vositasidagi meditatsiya bo‘lib, lahzaning o‘tkinchiligini qadrlashga yordam beradi. O‘z lahzangizni tutib, uni xokkuga aylantirishga urinib ko‘ring!

Fotо: Unsplash
Ichingo-ichize
Bu so‘z so‘zma-so‘z "bir marta, bir uchrashuv" degan ma’noni anglatadi va har bir voqeaga takrorlanmas hodisa sifatida qarashni o‘rgatadi. Agar to‘xtab, biror narsaga e’tibor qaratsangiz - masalan, suhbatga, choyning mazasiga yoki quyosh botishiga - dunyo sizga boshqacha ko‘rinadi.
Ichigo-ichieni amalda qo‘llash uchun chalg‘ituvchi omillarni chetlatib, butunlay hozirgi damga sho‘ng‘ish muhim. Iloji bo‘lsa, telefon va televizorni o‘chiring, bir vaqtning o‘zida bir necha ishni bajarishdan voz keching. Bitta ish bilan shug‘ullaning - masalan, pirog pishiring, idish-tovoq yuving yoki kitob o‘qing - kuniga kamida 10-15 daqiqa faqat shunga e’tibor bering. Tez orada o‘zingizni yaxshi his qila boshlaysiz va tashvishlaringiz kamayadi.
Kuling, seving, hayratga tushing - shunda hayotingizning har bir uchrashuvini va har bir onini chinakamiga o‘ziga xos qila olasiz.

Fotо: Unsplash