Selderey sharbati: foydali xususiyatlari
Bu yashil sharbatni to‘g‘ri ichish qoidalari
Bu ichimlikning mashhurligi kundan-kunga ortib bormoqda. Unda foydali elementlar ko‘p bo‘lganligi uchun bu sharbat sog‘lom turmush tarzini olib boruvchi insonlarning sevimli ichimligiga aylanishga ulgurdi. Selderey sharbati organizmni toksinlardan tozalaydi, oshqozon hazm qilish faoliyatini yaxshilaydi va shu bilan birga, terini ham yoshartirish xususiyatiga ega. ELLE O‘zbekiston sizga bu sharbatni har kuni ichish orqali umumiy salomatlik holatini yaxshilash, kimga va qancha miqdorda ichish mumkin-u, kimga ichish tavsiya etilmasligi haqida ma’lumot beradi.
Ichki va tashqi yorqinlik
Yangi siqib chiqarilgan selderey sharbati butun tanani tozalovchi xususiyatga egadir. Birinchi o‘rinda, limfani va qonni filtrlaydigan jigarga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, u siydik yo‘llari orqali organizmdan toksinlarni chiqarishga yordam beradi. Selderey sharbatida antioksidantlar va yallig‘lanishga qarshi ishlaydigan komponentlar mavjud. Agar selderey sharbati muntazam ravishda ichib borilsa, yallig‘lanish jarayonlarining kamayishi va ularning kelib chiqish holati bilan bog‘liq simptomlarni ham yengillashtirishi kuzatiladi.
Turli xil makro va mikroelementlar tufayli selderey ovqat hazm qilish jarayonini normallashtiradi. Selderey tarkibida tabiiy fermentlar bo‘lib, ular oziq-ovqat mahsulotlarini samarali ravishda parchalashga yordam beradi va organizm tomonidan ozuqa moddalarining so‘rilishiga olib keladi. Shuningdek, seldereyni iste’mol qilish gastrit, oshqozon yarasi, ich qotishi, qorin dam bo‘lishi va boshqa oshqozon-ichak kasalliklariga juda foydali.
Selderey tarkibida ko‘p miqdorda suv va tolalar mavjud bo‘lib, ular tanani yaxshi namlantirish xususiyatiga ega. Suvning yuqori miqdorda bo‘lishi terining tashqi ko‘rinishi, ya’ni terining yaltirashi va yumshoq bo‘lishida ichki namlikni saqlash orqali yordam beradi. Bu yashil sabzavot immunitet tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan va terini yaxshilaydigan A, C, K, vitaminlarining manbai hisoblanadi. Ozmoqchi bo‘lganlar uchun esa bu yashil sharbat muvozanatli diyetaga foydali qo‘shimcha hamdir. Chunki unda kaloriyalar miqdori kam, lekin ozuqaviy moddalari ko‘p.
Sharbatni qanday tayyorlash va qancha ichish kerakligi haqida
Sharbat retsepti juda oddiy: yuvilgan, toza selder poyasi sharbat chiqaradigan moslama (sokovijimalka)dan chiqariladi. Bu ichimlikni och qoringa, hech narsa bilan aralashtirmay ichgan afzal. Tavsiya etilgan me’yor: kuniga 200 dan 450 mlgacha, haftada 2-3 marta. Boshida seldereyning ta’mi nordon yoki achchiq tuyulishi mumkin. Bu ta’m reseptorlari ta’sir qiladigan organizmning individual ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq holat. Agar ichimlik muntazam ravishda ichib borilsa, insonning organizmi tozalanadi va ta’mni bilish xususiyatlari o‘zgaradi.
Sharbatni qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar
Seldereyda foydali xususiyatlar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, unda efir moylar mavjud. Agar bu efir moylari ortiqcha iste’mol qilinsa, allergik holatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Bu xuddi tez tayyorlanadigan superfudlarni iste’mol qilishga o‘xshaydi. Unda ham me’yorni bilish zarur. Varikoz bilan kasallangan, homilador ayollar va tromboflebit bilan og‘rigan bemorlar selderey sharbatini ichishi tavsiya etilmaydi. Boshqa surunkali kasalliklar bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashing.