Sharq raqs san’atining o‘chmas siymosi
“Mening ichimda tabiiy va shu bilan birga g‘ayrioddiy darajada musiqa san’atiga kuchli sho‘ng‘ish zarurati bor edi”
Tamara Xonim nafaqat o‘zbek raqs san’atida yangiliklar kiritgan raqqosa, balki ana shu o‘zbek san’ati tarixida nomi abadiy saqlanib kelayotgan qo‘shiq va raqs folklorining tadqiqotchisi ham hisoblanadi. Taqdir taqozosi bilan Marg‘ilon yaqinida tug‘ilgan arman qizi Tamara, bolaligidan raqsga tushishni juda yaxshi ko‘rardi. Kunlardan bir kun, sakkiz yoshli qizcha qo‘shnisining ayollarga bag‘ishlangan tadbirida, paranjida kirib kelgan yallachi ayol san’atkorlarning chiqishini tomosha qiladi. Tamara yashirincha ichkariga kirib, yallachining ijrosiga jo‘r bo‘lib turgan bir paytda onasining ovozi uni uyga borishi kerakligini eslatadi. Qizdagi raqsga bo‘lgan muhabbat va qiziqishini payqagan ona uni raqs san’atini o‘rganish uchun o‘qishga berishga qaror qiladi.
U otasining tara (torli cholg‘u asbobi) chalib, arman va o‘zbek tillarida kuylaganini, onasi va buvisi esa unga qo‘shiq aytishni o‘rgatganini eslaydi. Tamara bor-yo‘g‘i 4-sinfgacha o‘qiydi, lekin shunga qaramasdan, u fransuz tilini mukammal o‘rganadi va bu til bilish qobiliyati unga keyinchalik hayotida juda qo‘l keladi.
O‘z tarjimayi holida raqqosa bolaligi Farg‘ona bilan qanchalik uyg‘unlikda o‘tganini, o‘zbek bolalari bilan choyxona oralab ariqlardan, bozorlardan va hatto ziyoratgohlar orasidan yugurgani hamda do‘stlikka alohida e’tibor qaratganini iliq so‘zlar bilan yodga olardi.
19 yoshli Tamara Xonim Parijdagi birinchi xalqaro xalq-dekorativ ko‘rgazmasida ishtirok etadi va bu bilan u o‘zbek san’atida o‘chmas iz qoldiradi. O‘sha paytda u Parijda spektakldagi chiqishi bilan ishtirok etadi. Spektakldan so‘ng, uning sahnadagi ajoyib ijrosini ko‘rgan afsonaviy Isadora Dunkan sahna ortiga kelib, qoyilmaqom raqsga tushgan Tamara Xonimga tasanno aytib, bo‘yin umurtqalarini sanab, Tamaraning qo‘lidan ushlab ko‘rishga ruxsat so‘raydi.
Raqqosa o‘z xotiralarida fransuz ko‘chalarida milliy libosda yurganini, uni ko‘rgan odamlar Tamaraning ortidan tomosha qilib, raqqosa qizga har qanday holatda ham Yevropa kiyimlarini kiymaslikni iltimos qilishganini aytadi. Tamara Xonim hatto ayollarga navbatga turib, o‘z kiyimlarini kiyib ko‘rishlariga ruxsat beradi.
Tamara Xonimning ijodi o‘zi tomonidan ijro etilgan va o‘zgartirilgan xalq raqsiga asoslangan edi. Uning yaratgan yangiligi shunda bo‘ldiki, u yallachi san’atkorlarning qo‘shiqlari va imo-ishoralarini olib, qo‘rqmasdan sahnaga olib chiqdi. U o‘zbek xalq harakatlarini balet harakatlari bilan uyg‘unlashtirib, sahnada ko‘proq joyni qamrab oldi.
Tamara Xonim o‘zbek teatrini tashkil etdi va u yerda O‘zbekistonning turli hududlariga oid xalq raqslarini tinimsiz yig‘ib to‘pladi.
Tamara Xonimning 1935-yilda London xalqaro xalq raqslari festivaliga tashrifi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu esa Britaniya jamoatchiligi va Britaniya matbuotining birinchi marta o‘zbek madaniyati bilan tanishish imkonini yaratdi.
Tamara Xonim butun hayoti davomida sahnalarda ijro etdi. Hatto yoshi katta bo‘lganda ham, u har qanday joyda, mehmonda bo‘ladimi yoki qishloq sahnasidami, raqsga tushishga tayyor edi. U o‘zining buyuk ijodkorligi va hech ham tugamaydigan energiyasi bilan o‘ziga e’tiborni jalb qilardi va odamlarni hayratda qoldirardi.
Buyuk raqqosa 1991-yilda bu dunyoni tark etdi va o‘zidan keyin o‘zbek milliy raqslari maktabi uchun bebaho madaniy meros qoldirdi.
Tamara Xonim uy-muzeyi va sahna liboslarining tiklanishi
Tamara Xonim tiriklik paytidayoq, o‘z uyida muzey tashkil etishni vasiyat qilgan. 1986-yilda u dunyoning turli xil joylaridan keltirilgan 26 ta noyob milliy sahna liboslari ko‘rgazmasini ochadi.
1994-yilda esa, uning uyida yodgorlik muzeyi tashkil etiladi.
Milliy ekspozitsiyalarning asosiy qismini Tamara Xonim tomonidan to‘plangan konsert liboslari va dunyo bo‘ylab gastrol safarlarida yurgan paytida iste’dodini sevuvchi muxlislari tomonidan sovg‘a qilingan liboslar tashkil etgan.
2024-yil 3-14-iyun kunlari Tamara Xonim uy-muzeyida O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida Milliy meros va madaniy meros institutining qo‘shma loyihasi doirasida mashhur raqqosaning sahna liboslarini tiklash va saqlash ishlari amalga oshirildi.
Restavratsiya ishlarida Milliy madaniy meros instituti mutaxassislari ishtirok etdilar. Jarayonni texnik ekspert va madaniy merosni saqlash bo‘yicha mutaxassis Patrisiya Verges hamda to‘qimachilik restavratori Patrisiya Dal-Pra olib bordilar.
Qayta tiklash ishlari Tamara Xonim uy-muzeyini kapital ta’mirlash va qayta qurilishning bir qismi sanaladi.