Sitsiliyalik maestro: Domeniko Dolche 67 yoshda

Dolce & Gabbana brendining asoschisi tug‘ilgan kunida: uning ijod yo‘li, afsonaviy kolleksiyalari va jahon moda sanoatiga ta’siri haqida

17 Avg 2025
foto: instagram / dolcegabbana

13-avgust kuni Domeniko Dolche o‘zining 67-yoshini qarshi oldi. 1985-yildagi ilk podium chiqishidan buyon u va Stefano Gabbana moda olamida hech kim bilan adashtirib bo‘lmaydigan kod yaratdi: dramatik gipyur, korsetli siluetlar va Sitsiliya ruhidagi hashamat. Ammo bu ko‘z qamashtiruvchi zarqiroq ortida mashaqqat, hunarga muhabbat va mahalliy estetikaning butun dunyoga tanilgan timsolga aylanish tarixi yotadi.

Domeniko 1957-yilda Sitsiliyaning Politszi-Djeneroza shahrida tug‘ildi. Otasi tikuvchilik ustaxonasiga egalik qilgan, onasi esa kiyim-kechak butigini boshqargan. Matolar, andozalar va kiyim sinash jarayonlari uning bolaligidan tabiiy olamiga aylangan — o‘smirlik chog‘idayoq u bichish va tikishni mukammal o‘zlashtirgan edi.

U ko‘plab intervyularida Sitsiliya uning uchun shunchaki tug‘ilgan joy emas, balki ilhom manbai va ijodining muhim qismi ekanini ta’kidlaydi. 2010-yilda The Guardian’ga bergan suhbatida shunday degan edi:
“Biz modamizni uch asosiy tushuncha ustiga qurdik: Sitsiliya, tikuvchilik va an’analar.”

1970-yillar oxirida Domeniko Milanga ko‘chib o‘tdi va bir atelyeda yordamchi sifatida ishladi. 1980-yilda aynan shu yerda u Stefano Gabbana bilan tanishdi. Dastlab ular birgalikda frilanser sifatida kichik loyihalar ustida ishlashdi, 1985-yilda esa Milano Collezioni – Nuovi Talenti podiumida ilk marotaba chiqish qildilar.

Ularning ilk kolleksiyalari uy sharoitida tikildi. Podiumda esa professional model qizlar emas, oddiy ayollar chiqdi — bu Sitsiliya ko‘chalarida uchratgan ayollarga bo‘lgan hurmat ramzi edi.

Domeniko bir kuni shunday degandi:
“Bizning orzuimiz — vaqt sinoviga bardosh beradigan uslub yaratish va shunday kuchli individual ko‘rinish berish ediki, uni ko‘rgan har bir kishi hech ikkilanmasdan aytsin: bu — Dolce & Gabbana.”

Va ular bunga erishdi. Gipyur, korsetlar, qora rang, leopard naqshlari, ro‘molchalar, xochlar, altar naqshlari, oltin bezaklar — bularning barchasi ilk kolleksiyalarda paydo bo‘ldi va brendning ramziga aylandi. Ular o‘tmishni zamonaviy ayol garderobiga olib kirib, obrazlarni bir paytning o‘zida ham nafis, ham jo‘shqin qildilar. Dolce & Gabbana milliy o‘zlikni ochiqdan-ochiq kolleksiyalar markaziga qo‘ygan, etnografik unsurlarni hashamatga aylantirgan ilk brendlardan bo‘ldi.

 

1990-yillarda ularning estetikasiga ayol garderobidagi erkakcha kostyumlar, provokatsion printlar va gullar qo‘shildi. Brend tobora ajralib ko‘rina boshladi.
1993-yilda Madonna Girlie Show jahon gastrol safarida kiyish uchun ularga 150 dan ortiq sahna liboslarini buyurtma qildi. Bu shartnoma Dolce & Gabbana’ni xalqaro miqyosda haqiqiy hodisaga aylantirdi. Keyinchalik ularning liboslarini Monika Belluchchi (duetning ko‘p yillik muzi), Naomi Kempbell, Jennifer Lopes, Beyonse, Kayli Minoug kabi yulduzlar kiyib chiqdi.

 

2012-yilda Dolce & Gabbana Alta Moda liniyasini taqdim etdi — italyan merosidan ilhomlangan kuttur kolleksiyalar. Bu oddiy namoyishlar emas, balki Palermo, Portofino, Venetsiyadagi tarixiy sahnalarda o‘tkazilgan teatrga monand tomoshalar edi.

Ko‘plab dizaynerlardan farqli o‘laroq, Domeniko Dolche ishlab chiqarishning texnik tomonlarida ham faol ishtirok etishda davom etdi — andoza tayyorlashdan tortib mato tanlashgacha. U sifat masalasida qattiqqo‘lligi va mukammallikka intilishi bilan mashhur. Ishlab chiqarish har doim Italiyada bo‘ldi, har bir kolleksiya ustidan yakuniy nazorat esa asoschilarning o‘z qo‘lida qolgan. Ular ko‘plab raqobatchilardan farqli ravishda moda konglomeratlariga ulush sotishdan bosh tortib, mustaqilligini saqlab qoldi.

Domeniko Dolche tufayli moda olami bir narsani unutmaydi: har bir qizil yo‘lak libosi ortida, butun hayotini shu ishga bag‘ishlagan inson turadi. Bugun esa butun sanoat unga grazie deydi — dunyoga olib kirgan go‘zallik va ilhom bilan to‘la o‘nlab yillari uchun.

Maqolani baham ko'ring

Related articles