So‘nggi urfdagi yopinchiq: oqshomingiz fayzi uchun 5 asar
Kuzgi mutolaa uchun tavsiyalar

Deraza tashqarisida barglar tillarangga bo‘yalib, salqin shamol esa boshlaganida momiqqina yopinchiqqa o‘ralib olib, issiqqina choy damlab, sizni o‘z ichiga olib kirib keta oladigan, chuqur ma’noli, go‘zal kitoblarga sho‘ng‘igingiz keladi. Ayniqsa, bu kitoblar moda haqida bo‘lsa. Chunki moda bu faqat kiyim-kechak yoki podium, degani emas. Bu san’at, zamon ko‘zgusi, his qilish, fikrlash va qalbdagini to‘kib solishning bir usuli. Ushbu beshta kitobni kuz mavsumiga mos bo‘lgan garderobga qiyoslash mumkin: bu kitoblarda ham kuzgi liboslardagi kabi ozgina klassika, ozroq jasorat va tuganmas ilhom manbai mujassam.
“Dior Dior haqida” — Christian Dior
Nashriyot: Sindbad
Nima uchun o‘qish kerak:
Bu dunyoga "New Look"ni taqdim etgan va ayollar modasini butunlay o‘zgartirgan buyuk kutyurye Christian Diorning yuragidan chiqqan so‘zlardir. Kitobda Dior moda uyi parda orti hayoti, ilhom manbalari, qo‘rquv va quvonchlar, qiyinchiliklar va g‘alabalar tasvirlangan. Barcha voqealar nafis uslubda, fransuzcha did va nazokat bilan yoritilgan. Bu xuddi 1950-yillarga qaytib, Parij bo‘ylab sayrga chiqishga o‘xshaydi. Har holda o‘sha paytlarda go‘zal shahar bo‘ylab shoshmasdan, detallardan zavqlanib, manzaralarga maftun bo‘lib sayr qilishgan bo‘lsa kerak.
“Grace. Yodnomalar” — Grace Coddington
Asl nomi: Grace: A Memoir
Nashriyot: Mann, Ivanov & Ferber
Nima uchun o‘qish kerak:
Grace — Vogue jurnalining eng esda qolarli fotosessiyalari ortida turgan shaxs. Bir paytlar mallasoch model bo‘lgan bu ayol, keyinchalik afsonaviy jurnalning kreativ miyasiga aylangan. Uning yodnomalari faqat «kimning kim bilan ishlagani» haqidagi quruq ma’lumotlarnigina o‘z ichiga olmaydi, bu moda olamining ichki tomonini hazil va kinoya bilan, lekin ortiqcha bo‘yoqlarsiz jonli tasvirlab beruvchi hikoyadir. Mazkur asarni obrazlar sanoatida o‘zligingizni saqlab qolish to‘g‘risidagi ilhomlantiruvchi qissa, deb atay olamiz.
“ZARA fenomeni” — Covadonga O’Shea
Asl nomi: The Man from Zara
Nashriyot: Bombora
Nima uchun o‘qish kerak:
Reklamasiz, podiumlarsiz va mashhur dizaynerlarsiz brendni dunyo miqyosidagi imperiyaga aylantirish mumkinmi? Zara tarixi biznes, uslub va tezlik haqidagi trillerga o‘xshaydi. Asarda Ispaniyadagi kichik shaharchadan chiqqan Amancio Orteganing dunyodagi eng qudratli fashion-retail kompaniyasini qanday barpo etgani haqida so‘z yuritiladi. Kitob nafaqat estetikaga, balki moda sanoatining ichki mexanizmlariga qiziquvchilar uchun ham juda foydali bo‘ladi.
“Ko‘ylakni qanday o‘qish mumkin. O‘zgaruvchan moda bo‘yicha qo‘llanma: Yelizaveta Tyudordan uniseks davrigacha” - Lydia Edwards
Asl nomi: How to Read a Dress. A Guide to Changing Fashion from the 16th to the 21st Century
Nashriyot: Bombora
Nima uchun o‘qish kerak:
Bu kitob ayollar libosi tarixiga bag‘ishlangan rango-rang va batafsil qo‘llanmadir. Siz asrlar davomida libos bichimlari qanday o‘zgarganini, yashirin chok qachon ilk bor qo‘llanilganini, ayollarga Coco Chaneldan avval shim kiyishni kim tavsiya etganini va boshqa ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni bilib olasiz. O‘z paytida ko‘ylak shunchaki modaning bir bo‘lagi emas, balki ayollarga kuchli jins vakillariga biror belgi berish, dugonalari ila sirlashish va jamiyatdagi mavqelarini ko‘rsatishga imkon bergan maxfiy til vazifasini bajargan. Lydia Edwards ayollar libosini jumboq sifatida taqdim etadi, uni yecha olsangiz, o‘tgan asrlar modasi va uslubining bilimdoniga aylanasiz. Kitob dunyoning yetakchi muzeylarida saqlanayotgan noyob ashyolarning suratlari bilan bezatilgan. Mazkur asar illyustratsiyalari, tahliliy materiali va detallarga bo‘lgan mehri ila uzun kechalaringizga fayz kirita oladi.
“Coco Chanel. Hayoti haqida so‘zlab berganlari” — Jean Lebrun
Asl nomi: Coco Chanel: Une vie derrière la marque
Nashriyot: Eksmo
Nima uchun o‘qish kerak:
Chanel — bu faqatgina kichik qora ko‘ylak va №5 ifori emas. Bu ayollar modasi va tafakkuridagi haqiqiy inqilobdir. Ushbu kitobni oddiy tarjimai holdan iborat, deb o‘ylash kerak emas. Uni o‘z afsonasini o‘zi yaratgan ayolning chuqur shaxsiy portretiga qiyoslash mumkin. Jonli, dadil, biroz keskin - xuddi Coconing o‘ziga o‘xshash. O‘qiyotganingizda, uning erkin, mustaqil, hatto ba’zan insonning g‘ashini keltiradigan, lekin shunga qaramay ilhom baxsh etadigan ovozini eshitayotgandek bo‘lasiz.
Mazkur kitoblar shunchaki buyumlar haqida emas. Ular davr ruhi, o‘zligini namoyon qilish jasorati va go‘zallikning turli ko‘rinishlari haqida. Bir so‘z bilan aytganda, bu asarlar ilhomlanish, orzu qilish va modani qaytadan kashf etishingiz uchun kuz faslida munosib hamrohingizga aylanadi.
Foto: liters.uz