So‘zdan bunyod bo‘lgan ayol

Elis Manro yoxud Kanadaning Chexovi hayoti va ijodi

10 Iyul 2025
manba: inst: alicemunromiro

Menga doimo epchillik bilan qisqa yozish iste’dod va mashaqqatli yumushdek tuyulardi. Fikrni batafsil ifodalash, shubhasiz, kuch talab qiladi, ammo butun mohiyat va aniqlikni saqlab qolish, uni bir nechta iboralarga joylashtirish qariyb san’atdir. Bunday nasrning menga namuna bo‘lib kelgan asosiy ijodkori Anton Pavlovich Chexov edi. To‘satdan, mutlaqo kutilmaganda, "Kanada Chexovi" deb nomlangan kanadalik yozuvchi Elis Enn Manro ijodini o‘rganishga kirishdim. U oddiy insonning hayotidagi o‘ziga xos muhitni qanday usulda tasvirlashga erishgan o‘zi?

Alice Anne Munro Kanadaning Ontario viloyatidagi Uingem shahrida tug‘ilgan. Bu joy o‘zining tor ko‘chalari va sokin hayot tarzi bilan keyinchalik uning adabiy asarlarining asosiy sahnasiga aylanadi. Go‘yo Elisning taqdiri uning kelajakdagi hikoyalari dekoratsiyasida yozilgandek edi. Qiz G‘arbiy Ontario universitetining ingliz adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdi va keyinchalik oilaviy tashvishlarga berilib ketdi. U faqat bolalari uxlagandagina kichik parchalar yozdi.

Manroning yozuvchilik faoliyati 1950-yilda “Soyaning o‘lchamlari” hikoyasi bilan boshlangan, ammo haqiqiy muvaffaqiyatga u 1968-yilda “Baxtli soyalar raqsi” nomli birinchi to‘plamining nashr etilishi bilan erishdi. Bu to‘plam Kanada general-gubernatorining nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi. Uning hikoyalarida dramatik voqealar yoki yorqin syujet burilishlari yo‘q, ammo ularning har biri go‘yo kitobxon tomonidan boshidan oxirigacha boshdan kechirilgandek, qahramonlarda o‘zlarini ko‘rgandek taassurot qoldiradi.

Manro ijodida o‘tmish va bugunning, unsiz umidsizlik va orzuning nafis rishtalari ajib tarzda chirmashib ketgan. Uning qahramonlari, aksariyat ayollar, hayotda o‘z o‘rnini qidiradilar, axloqiy muammolarga va oddiy turmushning jimjit dramalariga duch keladilar. Yozuvchining o‘zi tan olganidek, uni voqeaning o‘zi emas, balki u inson qalbida uyg‘otadigan aks-sado ko‘proq qiziqtiradi.

"Xo‘sh, o‘zing kim bo‘lding?" to‘plamida Elis Rouz qahramoni misolida voyaga yetish, isyon va o‘zligini izlash mavzusiga murojaat qiladi. Aynan shu yerda birinchi bor Chexov yo‘nalishi yaqqol namoyon bo‘ladi: qahramon qishloq qizidan o‘zini va dunyodagi o‘rnini anglagan ayolga aylanish yo‘lini bosib o‘tadi. "Greypfrut po‘sti" hikoyasi Rouzning ichki dunyosini tushunish uchun ramziy ahamiyat kasb etadi. Odatiy va zerikarli voqelikka o‘xshamaydigan boshqa hayotning timsoli bo‘lgan meva uning ichki noroziligi va e’tirozlariga sabab bo‘ladi.

Chexov bilan qiyoslash bejiz emas: Manro chindan ham qahramonlarning ruhiy holati va ichki dunyosini eng mayda tafsilotlar orqali yetkazish iste’dodiga ega. U qahramonlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasvirlamaydi, balki o‘quvchiga ularni eng nozik jihatlar orqali his qilish va tushunish imkonini beradi. Aynan shu sezilmas lahzalarni, xuddi mashhur adibdek, ahamiyatli va qadrli qila olish qobiliyati uning hikoyalarini butun dunyodagi odamlarga yaqin qildi.

Elis Manro uchun e’tirof va shon-shuhratning cho‘qqisi 2013-yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bo‘ldi. U mazkur yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan o‘n uchinchi ayol edi. Suhbat chog‘ida yozuvchi g‘alaba haqidagi xabarni tun yarmida qizidan eshitganini aytib, bunday yutuqqa erishish imkoniyatini hech qachon jiddiy ko‘rib chiqmaganini ta’kidlagan holda, chin dildan hayratga tushganini bildirdi. Uning butun qiyofasi: samimiyati, soddaligi ana shu e’tirof va hayratda, o‘quvchi qalbida abadiy qoladi.

Uning ijodidagi eng yorqin epizodlardan biri "Ayiq tog‘dan o‘tdi" hikoyasi hisoblanadi. Unda keksa er-xotin chuqur his-tuyg‘ular va o‘tmish xotirasi bir-biridan ajralmas bo‘lib, bir-biriga bog‘lanib, deyarli shaffof hayot matosini yaratgan holda xotira va sevgi sinoviga duch kelishadi.

Manroning o‘zi umr bo‘yi oddiy, ammo hayratlanarli darajada teran insonlarning shaxsiy hikoyalarini yozganini e’tirof etgan. “Men hikoyalarim odamlarga ta’sir qilishini xohlayman, – deb aytgan u Nobel qo‘mitasiga murojaatida, – o‘qigandan so‘ng kishi o‘zini biroz boshqacha his qilsin”.

Manro 92 yoshida hayotdan ko‘z yumdi, ammo uning merosi yashayapti va nafas olyapti. Uning hikoyalari insonni hayajonlantirish, ta’sirlantirish va o‘ylashga undashda davom etmoqda: inson faqat xatti-harakatlar va so‘zlardan iborat emas, balki u boshdan kechirayotgan lahzalar, his-tuyg‘ular va hayotimizni tashkil etuvchi sezilmas tafsilotlardan ham iboratdir.

Elis Manro men uchun shunday bir dunyoga yo‘l ochib berdiki, bu dunyoda har bir kichik hikoya muhim va qimmatli bo‘lib chiqadi, har bir inson esa chuqur ma’no bilan to‘lgan butun bir koinotga aylanadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles