Soch tolasi uchidagi yoriqlarmi yoki soch sinishimi? Farqlashni va to‘g‘ri davolashni o‘rganamiz

Aqlli yondashuv — eng yaxshi parvarish

04 Sen 2025
фото: freepik

Uzun, yaltiroq va sog‘lom sochlar ko‘pchilik ayollarning orzusidir. Ammo soch o‘stiraman deganlar ko‘pincha ikkita asosiy muammo bilan to‘qnash keladi: mo‘rtlik va soch tolasining uchidan yorilishi yoki xalq tili bilan aytganda “gullash”. Bir qarashda bu ikkisi bir xil ko‘rinadi: sochlar silliqligini yo‘qotadi, quruqlashadi, xiralashadi va yaxshi turmaklanmaydi. Biroq parvarish natija berishi uchun bu holatlar o‘rtasidagi farqni anglash muhim. To‘g‘ri tashxis qo‘yilsa, tiklash vositalari va usullari ham to‘g‘ri tanlanadi. Ushbu maqolada mo‘rtlikni soch “gullashi”dan qanday farqlash va ikkala holatda ham sochni to‘g‘ri parvarishlash haqida so‘z yuritamiz.

Mo‘rtlik: soch sinishi

Mo‘rtlik - bu soch ichki tuzilishining buzilishi bo‘lib, ko‘pincha soch tolasi o‘rtasidan yoki ildiziga yaqinroq joydan sinadi. Buning natijasida sochlar ingichka va zaif bo‘lib qoladi, tekisligi va cho‘ziluvchanligini yo‘qotadi, hatto taroq bilan ohista taralganda ham osonlikcha sinib ketadi.

Sochlar mo‘rtligining asosiy begilari: butun bosh bo‘ylab mayda “antennacha”lar paydo bo‘lishi, soch qurib, dag‘allashishi, soch tolalarining ildizidan emas, balki o‘rtasidan sinib, kiyimga to‘kilishi yoki taroqda qolishi. Sinuvchanlik sabablari: sochni ketma-ket bo‘yash, issiqlik ta’sirida turmaklash, ultrabinafsha nurlari, organizmga oqsil va vitaminlar yetishmasligi.

Soch tolasi uchidagi yoriqlar: soch titilishi

Soch “gullashi” — tashqi tomondan shikastlanish bo‘lib, bunda soch tolasining uchi ikki yoki undan ko‘proq bo‘laklarga ajralib ketadi. Odatda bu holat anchadan buyon kesilmagan sochlar uchida ro‘y beradi.

Soch tolasida yoriqlar paydo bo‘lganini bir nechta belgilarga qarab bilib olish mumkin. Bunda soch quruq, paxmoq va tartibsiz ko‘rinadi, tolalar osonlikcha chigallashib, bir-biriga ilashib qoladi. Yaqindan qaralsa, ayrim soch tolalari ikki yoki undan ko‘p qismga bo‘linib ketgani ko‘rinadi.

Soch “gullashi”ning sabablari: sochni muntazam ravishda kesmaslik, qo‘pollik bilan tarash, kimyoviy usulda jingalak qilish va tekislash, shuningdek, yetarli darajada parvarish qilmaslik yoki noto‘g‘ri parvarish usullarini tanlash.

Qanday qilib samarali natijaga erishish mumkin?

Soch mo‘rtlashganda tolalarga ichkaridan ta’sir ko‘rsatish — ozuqani ko‘paytirish, vitaminlar tanqisligini to‘ldirish va soch tolasini mustahkamlash zarur. Keratin, protein va aminokislotali muolajalar, masalan, soch uchun botoks yaxshi samara beradi. Turmaklashda issiq uskunalarni kamroq ishlatish va hayot tarziga ahamiyat berish darkor. Zero stress, ovqatlanish va uyqu sochlar salomatligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.

Sochlar “gullashga” ulgurgan bo‘lsa, endi hech qanday niqob va parvarish vositalari soch tolasining yoriqlar paydo bo‘lgan uch qismini bir butun qilib “yopishtirib” bera olmaydi. Bu holatda muntazam ravishda (6-8 haftada bir) sochni kesish yechim bo‘la oladi. Qattiq taroqlardan voz kechib, yumshoqlariga o‘tish, shoyi yostiq jildda uxlash, mikrofibrali sochiqdan foydalanish va profilaktika haqida ham unutmaslik darkor. Termohimoya, moylar va namlantiruvchi parvarish vositalari sochlar yana qaytadan “gullashi”ning oldini olad

Mo‘rtlik va soch tolasi uchining yorilishi — bu sochlarning himoyaga muhtojligi haqidagi ikkita turli xil signalidir. Ikkisida ham to‘g‘ri tashxislash sog‘lom uzunlikka  erishish yo‘lidagi ilk qadamga aylanadi. Oltin qoidani unutmang: mo‘rtlikni — soch tolasini butun uzunligi bo‘ylab va ichkaridan mustahkamlab, davolaymiz, “gullash”ning bo‘lsa oldini olamiz va sochlarni vaqtida kesib turamiz. Demak, soch parvarishi - bu faqat chiroyli soch turmagi emas, balki ularga nima zarurligini to‘g‘ri tushunishdir.

Maqolani baham ko'ring

Related articles