Strategiyadan uslubgacha:
TFT EXPO 2025’ning asosiy g‘oyalari

Yettinchi xalqaro moda va to‘qimachilik ko‘rgazmasi 2025-yil 10–12-avgust kunlari Toshkentdagi SAEX markazida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 170 ta brend ishtirok etmoqda va 35 ta namoyish rejalashtirilgan.
TFT EXPO — bu O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun markazga aylantirayotgan xalqaro savdo, trend va shartnoma maydonchasi. Bu shunchaki moda va to‘qimachilik ko‘rgazmasi emas: bu yerda mutaxassislar va brendlar uchrashadi, barqaror biznes quradi, shartnomalar tuzadi va tajriba almashadi.
Jamoatchilik uchun tashkil etilgan suhbat mavzulari nafaqat moda olamidagi, balki undan kengroq global kun tartibidagi dolzarb masalalarga hamohang. Bu yil oltita spiker zamonaviy modaning bugungi ahamiyati va ertangi ko‘rinishi haqida so‘z yuritadi.
10-avgust — strategiya va barqarorlik haqida:
— Mutabbar Xushvaqtova ekologiklik va foydalilik endi bir-biriga zid emasligini, brendlar esa sayyoraga g‘amxo‘rlikni o‘z DNKsiga qanday singdira olishini tushuntiradi.
— Zakiya Dalimova, Walk n Talk asoschisi, illyuziyalarga emas, balki strategiya, tahlil va auditoriyani aniq tushunishga asoslangan brend yaratish tajribasini ulashadi.
11-avgust — tanlov va muvozanat haqida:
— Yulduz Mavlyanova, La Sposa asoschisi, mamlakatdagi eng mashhur bayyerlardan biri va La Sposa salonining egasi, bayying jarayonining ichki tomonlarini ochib beradi: trendlarni oldindan sezish, kolleksiyalarni tanlash va hatolarni strategik imkoniyatlarga aylantirish sirlarini so‘zlaydi.
— Firuza Maxamatalieva, tadbirkor va oltita farzand onasi, biznes, oila va shaxsiy ambitsiyalarni uyg‘unlashtirish, ko‘p vazifali hayotda o‘zini yo‘qotmasdan energiya va ta’sirni saqlash borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
12-avgust — global nigoh haqida:
— Eduardo Pedernayra, BOSPHORICA Trade Agency asoschisi, bayying mavzusini ochib beradi hamda ishlab chiqarishni yo‘qotishlarsiz yo‘lga qo‘yish va xaridlarni o‘sish strategiyasiga aylantirish yo‘llarini tushuntiradi.
— Dilnoz Erkinova — dizayner va Fransuz moda akademiyasi o‘qituvchisi, O‘zbekistondan Parijgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan, Givenchy va Louis Vuitton uylari bilan ishlagan. U san’at, ta’lim va industriyani qanday uyg‘unlashtirish hamda uslubni madaniy muloqot tiliga aylantirish bo‘yicha tajribasi bilan bo‘lishadi.
TFT EXPO — mintaqada moda va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va yangi bozorlar sari olib chiqishda yordam beradigan ekspert maydonchasi. Aynan shu yerda amaliy yechimlar tug‘iladi, hamkorliklar shakllanadi va bugun industriyani o‘zgartirayotgan hamda ertangi rivojlanish yo‘nalishini belgilayotgan g‘oyalar paydo bo‘ladi.
Foto: Georgiy Merkulov