Tabassum bilan so‘nish

Ayollar charchoqni qanday yashiradilar va nega bunga qarshi kurashish kerak

25 Iyul 2025
manba: Photo By: Kaboompics.com, pexels

Charchash shunchaki toliqish emas, balki motivatsiya, ishga va kundalik hayotga qiziqish yo‘qoladigan chuqur holsizlik holatidir. Bu asta-sekin to‘planadi: avval jahldorlik, keyin loqaydlik, so‘ngra ilgari ilhomlantirgan barcha narsaga to‘liq befarqlik paydo bo‘ladi. Bugungi kunda charchoq, ayniqsa ayollar orasida, oddiy hol sifatida qabul qilinmoqda. Chunki biz ko‘pincha hamma narsaga ulgurishga intilamiz, ammo o‘zimizga dam olish uchun vaqt ajratmaymiz. Biroq toliqish – bu tananing ogohlantiruvchi signali va uni e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. U to‘xtash, dam olish, o‘ziga g‘amxo‘rlik qilish va ichki tayanch huquqini qaytarish vaqti kelganini bildiradi.

ELLE O‘zbekiston tahririyati toliqishni qanday aniqlash va resurs holatiga qaytish uchun nima qilish kerakligi haqida hikoya qiladi.

Ayollar charchog‘i

Bugungi kunda ayollar hissiy toliqishga ko‘proq duch kelmoqdalar. Bu psixologik va ijtimoiy sabablar bilan izohlanadi. Tarixan, ko‘plab madaniyatlarda ayollar nafaqat kasbiy, balki hissiy, maishiy va ota-onalik majburiyatlarini ham o‘z zimmalariga oladilar. Bu ikkinchi smena ta’sirini yaratadi – ishdan so‘ng uyda yana bir ish kuni boshlanadi, bu ba’zan ko‘proq kuch va vaqt talab etadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollar ko‘pincha “mukammal” ona, xotin va charchashga haqqi bo‘lmagan xodim bo‘lishni talab qiladigan jamiyat bosimiga duch kelishadi. Klivlend klinikasining 2022-yildagi tadqiqoti ko‘rsatishicha, ayollarga xos bo‘lgan ko‘p vazifalilik bir tomondan ularning samaradorligini oshirsa, boshqa tomondan tez hissiy toliqish xavfini kuchaytiradi. Bundan tashqari, ayollar ko‘pincha o‘z ehtiyojlari va his-tuyg‘ularini bostirishadi, bu esa ichki zo‘riqishni kuchaytiradi va hissiy toliqishni tezlashtiradi. Umuman olganda, bu ayollardagi charchashni nafaqat ehtimoliroq, balki kamroq sezilardigan qiladi – chunki jamiyat ayollar charchog‘ini qoralaydi va ma’qullamaydi.

manba: Ron Lach, pexels

Hissiy charchoq belgilari

Charchoqni aniqlash har doim ham oson emas, ayniqsa, doimiy shoshilinchda yashashga va o‘zingizni boshqarishga odatlangan bo‘lsangiz. Ayollar charchoqni tabassum ortiga yashirishga moyil, chunki yaqinlarimizni xafa qilishni istamaymiz va ba’zida o‘zimizni qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra boshqalarga yordam berishga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Ammo charchoqni uzoq vaqt e’tiborsiz qoldirsangiz, tana va miya ertami-kechmi signal bera boshlaydi.

Toliqishni o‘zingizda quyidagi belgilar orqali aniqlashingiz mumkin:

  1. Dam olgandan keyin ham o‘tib ketmaydigan surunkali charchoq.
  2. Jahldorlik, kinoyalilik, hamma narsa bema’ni yoki ma’nosiz tuyulishi.
  3. Motivatsiyani yo‘qotish: hatto sevimli mashg‘ulotlar ham endi quvonch keltirmaydi.
  4. Uyqu bilan bog‘liq muammolar – uyqusizlik yoki aksincha, haddan tashqari uyquchanlik.
  5. Jismoniy belgilar: bosh og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, tez-tez shamollash.
  6. Chorasizlik va vaziyatni o‘zgartira olmaslik hissi.
  7. Yaqinlar va hamkasblardan ajralib qolganlik yoki uzoqlashganlik hissi.

Agar siz o‘zingizda uzoq vaqt davomida bunday belgilarning bir nechtasini sezsangiz, bu sizning holdan toyish arafasida (yoki allaqachon holdan toygansiz) ekanligingizdan darak berishi mumkin. Shunga o‘xshash alomatlar uzoq muddatli stress va hatto kasalliklarning ham belgisi bo‘lishi mumkin. Ushbu alomatlarga jiddiy e’tibor qaratish va ularni shunchaki “dangasalik” yoki “o‘ta ta’sirchanlik” deb hisoblamaslik muhimdir.

manba: lil artsy, pexels

Profilaktika choralari

Chinakamiga toliqishning o‘tkir bosqichga o‘tishini kutib o‘tirish kerak emas. Hatto hissiy holdan toyishni boshdan kechirmagan bo‘lsangiz ham, bu muammoni e’tiborsiz qoldirishdan ko‘ra, oldini olish ancha afzalroqdir. Quyida organizmingizni butkul holdan toyishdan asrashga yordam beradigan bir nechta oddiy profilaktik tavsiyalar keltirilgan:

  1. Muntazam tanaffuslar va dam olish. Yilda bir marta ta’til olishni emas, balki kun davomida qisqa tanaffuslarni ham rejalashtiring.
  2. Hissiy gigiyena. His-tuyg‘ularni bostirishga emas, balki ularni boshdan kechirishga vaqt ajrating.
  3. Jismoniy faollik. Harakat nafaqat tanaga, balki ruhiyatga ham foyda keltiradi. Bu yoga, sayr qilish, raqs tushish yoki shunchaki badantarbiya bo‘lishi mumkin.
  4. Shaxsiy chegaralar. “Yo‘q” deyishni va ko‘tara olishingizdan ortiq majburiyat olmaslikni o‘rganing – haq to‘lanmaydigan qo‘shimcha ishlardan voz keching va ish kuni tugagach, ish yuzasidan qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermang.
  5. Samimiy muloqot. O‘zingizni erkin his qiladigan odamlar bilan munosabatlarni saqlab qoling.
  6. Qadriyatlar va ma’nolar. Vaqti-vaqti bilan o‘zingizga “Nima uchun men buni qilyapman?” degan savolni bering. Bu o‘z yo‘lingizdan adashmaslikka va zavq beradigan ishlar bilan shug‘ullanishda davom etishga yordam beradi.
  7. Mutaxassisga murojaat qiling. Agar hissiy toliqish alomatlariga duch kelganingizni his qilsangiz, psixolog bilan maslahatlashganingiz ma’qul.
Maqolani baham ko'ring

Related articles