Tana harakatlari orqali qalb ifodasi
Maria Tikhomolova bilan contemporary haqida
Contemporary dance – tana uchun haqiqiy teatr sahnasi bo‘lib, ya’ni bu yerda bir kishi ham ijrochi, ham tomoshabin va hatto tanqidchi bo‘lishi mumkin. Ushbu raqs ko‘pgina raqs janrlari aralashmasi: zamonaviy, jazz, lirik va klassik baletni o‘z ichiga oladi. Zamonaviy raqqoslar bu yangicha raqs turining silliq harakatlari orqali ong va tanani bog‘lashga intilishadi.
Oddiy balet janridan farqli o‘laroq, ushbu zamonaviy raqs ko‘p qirrali bo‘lib, unda, asosan, improvizatsiyaga urg‘u beriladi. Raqqoslar ijroda asosiy e’tiborni polda harakatlanishga qaratadilar. Ya’ni ular tortishish kuchidan foydalangan holda ko‘pincha yalangoyoq va turli xil musiqa sadolari ostida raqs ijro etishadi.
Ushbu zamonaviy raqsni Isadora Duncan, Martha Graham va Merce Cunningham kabilar kashf etishgan. Ular baletning qat’iy shakllari qoidalarini "buzgan"lardan edi. Ularning uchalasi ham raqqoslar harakat erkinligiga ega bo‘lishi kerak, deb ishonishgan, chunki bu ularning tanalarida o‘zlarining ichki his-tuyg‘ularini erkin ifoda etishiga imkon beradi.
O‘tgan asrning birinchi yarmida "zamonaviy raqs" deb nomlangan yangi raqs shakli paydo bo‘ldi. Martha Graham bu raqs turini nafas olish, harakat qilish, mushaklarning qisqarishi va bo‘shashishiga asoslagan.
Alvin Ailey Martha Grahamning shogirdi edi. Garchi u eski uslublar bilan ishlashni ko‘proq qo‘llab-quvvatlasa-da, u birinchi bo‘lib afro-amerikalik estetikani zamonaviy raqsga kiritdi.
John Kagening noyob musiqasidan ilhomlangan Merce Cunningham mavhum raqs shaklini yaratdi. U bu raqsni rasmiy chiqishlar muhitidan chiqarib tashladi va harakatlar tasodifiy bo‘lishi mumkinligini va har bir ijro o‘ziga xosligini ko‘rsatdi. Cunninghamni ko‘pincha zamonaviy raqsning otasi deb atashadi.
Bugungi kunda zamonaviy raqs barcha uslublarning eklektik aralashmasi bo‘lib, xoreograflar balet, zamonaviy va "post-modern" raqs shakllaridan ilhom olishadi. Ba’zi zamonaviy raqqoslar personajlar, teatrlashtirilgan voqealar yoki hikoyalar yaratsalar, boshqalari esa butunlay yangi bir ijod namunalarini kashf qilib, inson tanasining imkoniyatlari haqidagi bilimlarni ijro qilgan holda improvizatsiya qilishadi.
Toshkentda Maria Tikhomolova va Zumrad Muhrimova boshchiligidagi "Picnic dance theatre" jamoasida contemporary bilan tanishishingiz mumkin.
“Garchi juda kam rivojlangan bo‘lsa ham, men o‘zim uchun zamonaviy raqs yo‘nalishini tanladim. Toshkentda o‘qituvchilar yo‘q edi, lekin xoreograflar Wayne McGregor va Russell Maliphantdan dars olish baxtiga muyassar bo‘ldim”, — dedi Maria.
Balet Marianing san’at olamidagi ilk muhabbatiga aylangan, hatto bolaligida ham A.Navoiy teatriga borish uning uchun eng orziqib kutilgan voqea edi. Ikki urinishdan keyin ham u xoreografiya maktabiga kira olmadi. Balet bilan xayrlashishni yoki shunchaki tomoshabin bo‘lib qolishni istamagan Maria bir kuni tasodifan televizor orqali Mats Ek tomonidan sahnalashtirilgan "Giselle" asari tomoshasini ko‘rib qoldi.
"G‘alati bezaklar va raqslar ..." deb o‘yladi u. Tabiiylik va ibtidoiylik orqali o‘sha erkinlik - ijrochilarning tanasi va ruhi hamda xoreograf mahorati yordamida sirg‘alib yuzaga chiqdi. Keyin Maria o‘z hayotini bag‘ishlamoqchi bo‘lgan yo‘lni topdi.
– A.Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida yetti yil ishladim. Xoreografiya maktabi diplomi yo‘qligiga ko‘z yumib, meni balet truppasiga qabul qilishdi. U yerda mening bir balerina hamkasbim yangicha va o‘zgacha raqsga tushib, zamonaviy xoreografiyada o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Shundan keyin men unga A. Piazzolla musiqasi ostida konsert tomoshasini bastaladim. Rejissor Andrey Evseevich Slonim ijroni sahnaga olib chiqdi. Shunday qilib, men asta-sekin ijro etishdan ko‘ra ko‘proq bastalashni yoqtirishimni tushuna boshladim, - dedi Maria.
Toshkentda zamonaviy janrda raqsga tushadigan guruhlar kam. Marianing shogirdi Margarita Domakhina Apocalips raqs studiyasida dars beradi.