80-yillar trendlari
Moda erkinligi sinonimi

1980-yillar modasi jasurlik, ta’sirchanlik va kamtarlikdan voz kechishni ifodalaydi. O‘sha davrning kult yo‘nalishlari yangilangan talqinda, zamonaviy voqelikka moslashtirilgan yangicha estetika bilan qaytmoqda. Yirik yelka chiziqlaridan tortib, yorqin matolar va eklektik kombinatsiyalargacha – bularning barchasi yana moda tendensiyalari markazida.
Power dressing: ishonch uslubi
80-yillarda ayollar biznes, siyosat va jamiyatda jadallik bilan yetakchilik mavqeyini egalladilar, bu esa modada ham o‘z aksini topmay qolmadi. O‘sha davrning ishbilarmonlik obrazlaridan ilhomlanib, power dressing bugun ham dolzarb. Katta yelkali jaketlar, aniq chiziqlar, qat’iy kostyumlar va “xo‘jayin ayol”ning ifodali silueti kuch va ishonch ramziga aylandi. Biroq, zamonaviy ko‘rinish ko‘proq plastik matolar va bo‘shashgan bichim bilan yumshatilgan. Eng yaxshi misol – Saint Laurent kolleksiyasi, unda power dressing yangi ayollik va nafislik kasb etgan.

foto: SPOTLIGHT/Saint Laurent

foto: SPOTLIGHT/Tory Burch
Disko: zamonbilmas yorqinlik
Glamur va yaltiroqlik 80-yillar moda merosining ajralmas qismidir, bu asosan disko madaniyatining ta’siri bilan bog‘liq. Tungi klublar va jo‘shqin raqslar davri kiyimlarda o‘z aksini topdi: yaltiroq matolar, metall ko‘ylaklar, payetkali toplar va kristalli aksessuarlar. Bugungi kunda dizaynerlar trendni kundalik garderobga qo‘shishni taklif qilishmoqda. Metall va payetkalar endi nafaqat ziyofatlar, balki zamonaviy kundalik hayot uchun ham mo‘ljallangan.

foto: SPOTLIGHT/Gucci

foto: SPOTLIGHT/Stella McCartney
Tajribalar: chegara bilmas eklektika
80-yillar modasi stereotiplarni buzdi, qo‘zg‘alon ko‘tardi va o‘zaro mos kelmaydigan narsalarni dadil birlashtirdi. Zamonaviy brendlar minimalizm va monoxrom haqida unutishni taklif qilib, ko‘p qatlamlilik, kutilmagan kombinatsiyalar va ifodali ranglarga e’tibor qaratmoqda. Podiumlarda ajoyib mikslarni ko‘rish mumkin: kechki liboslar ustidan kiyiladigan parklar, murakkab rang yechimlari va ataylab tanlangan “mos kelmaydigan” nisbatlar. Yangi talqinda uslubiy tartibsizlik moda erkinligining sinonimiga aylandi.

foto: SPOTLIGHT/Dries Van Noten

foto: SPOTLIGHT/Saint Laurent
No‘xat: tarix bilan o‘ynashish
No‘xat bosma naqshi, garchi romantik 50- va 60-yillar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, 80-yillarda ham mashhur edi. U grafik, dadil jarangga ega bo‘ldi va davr tendentsiyalarining bir qismiga aylandi. 2025-yilning bahor-yozi uni yana podiumlarning bosh qahramoniga aylantirdi: Valentino, masalan, havo rang ko‘ylaklar va jaketlarni taklif qiladi.

foto: SPOTLIGHT/valentino

foto: SPOTLIGHT/valentino
Sport-shik: maydon chegaralarni buzib
80-yillarda sport uslubi birinchi marta zallar va stadionlardan tashqariga chiqib, bugungi kunda ham dolzarb bo‘lgan athleisure trendini keltirib chiqardi. O‘shanda bu rasmiyatchilikka qarshi norozilik edi, hozir esa qulaylik va universallikka hurmat. Olimpiada o‘yinlari, neon leggings, massiv poyabzallar va sport bog‘ichlari o‘sha davrning ramziy elementlari edi. Dizaynerlar sport-shikni qayta ko‘rib chiqib, sport shimlarini ko‘ylaklar bilan kiyishni, pidjaklarni toplar bilan birlashtirishni va nafis obrazlarga krossovkalarni qo‘shishni taklif qilmoqdalar.

foto: SPOTLIGHT/Tory Burch

foto: SPOTLIGHT/Christian Dior
80-yillar modasi qo‘rqmas, yorqin va eksperimental edi – aynan shuning uchun u o‘nlab yillar o‘tib ham dizaynerlarni ilhomlantirishda davom etmoqda.