“Fizika-Quyosh” instituti
O‘zbekistonda quyosh energiyasini o‘rganish tarixini aks ettiruvchi arxitektura
O‘zbekiston chindan ham quyoshli diyor – yiliga 280 kun quyoshdan bahra olish mumkin. Aynan shu sababli Parkentda Quyosh qishlog‘i yaqinida 1940-yili dunyodagi eng yirik gelioqurilmali noyob obyekt qurilgan.
Xalq orasida Quyosh instituti deya nomlanuvchi ushbu dargoh alohida eʼtiborga loyiq va O‘zbekistonning noyob meʼmorchilik obyekti sanaladi. Qurilishning oddiy bo‘lmagan geologik va seysmik sharoitlari, murakkab konstruksiya, nostandart qiyshiq chiziqli va zinali shakllari, qurilish texnologiyalariga qatʼiy rioya qilish, mayda detallarigacha o‘ylangan interyer va bezaklar yaxshi taassurot uyg‘otadi.
Bahaybat quyosh pechining 1981-yilgi qurilishiga akademik Sodiq Azimov harakatlari bilan erishilgan. Keyinchalik 1981-1987-yillarda majmua qurilishi davom etgan. Institutning joylashuvi uchun dengiz sathidan 1100 metr balandlikda zilzilaga chidamli va maksimal quyosh nuri tushadigan butun tog‘ plitasi tanlangan.
Geliomajmua yuragi – bahaybat quyosh obyekti, u geliokonsentrator (balandligi 42 metr), har birida 195 ta tekis ko‘zgu (ko‘zgular 12 090 ta) joylashgan 62 ta geliostat va texnologik minoradan iborat. Ayniqsa, maydoni 1840 metr kvadrat bo‘lgan geliokonsentrator yaxshi ko‘rinadi – u 10 700 ta ko‘zgudan barpo etilgan.
G‘oya oddiy: geliostatda yig‘ilgan ko‘plab silliq ko‘zgulardan, quyosh nuri bahaybat linza singari katta parabola ko‘zgusida aks etadi. Ushbu linza ulkan konsentrlangan nurni texnologik minora-pechga yo‘naltiradi, uning kamerasida tadqiqot uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Bundan tashqari, u nur oqimini boshqarib turuvchi tabaqa bilan jihozlangan.
Meʼmorlar bino eksteryeri va interyeriga alohida eʼtibor qaratishgan. Majmua arxitekturasi bino yaratilishi davri uchun anchayin futuristik. Bir tomondan supergrafikadan foydalanilgan “xay-tek” uslubidagi erkin boshqaruvni ko‘rsak, boshqa tomondan, postmodernizm taʼsirida hududiy va milliy arxitektura anʼanalarini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan urinishning guvohi bo‘lamiz.
Interyerni yaratishda mutaxassislar gipsli osma shiftlar, marmar va travertindan foydalanishgan, shuningdek, ko‘k o‘tlar va dekorativ haykaltaroshlik uslubidagi ornamental qoplama bilan to‘ldirilgan.
Loyiha rassomi litvalik vitrajchi Irena Lipene. U metall va rangli shishadan kompozitsiyalar ishlab chiqqan: “Quyoshga madhiya”, “Sayyoralar paradi”, “Somon yo‘li”, “Oy” kabi. Bundan tashqari, rassom ayol dekorativ detallarga katta eʼtibor bergan: konferens-zalning notipik eshiklari uchun individual dastaklar, zinapoyalar va foye antresollari uchun tutqichlar, tashqi yoritish uchun fonuslar va torsherlar.
Bugungi kunda bunday quvvat va tuzilishdagi quyosh pechlari dunyo bo‘yicha ikkita: biri – O‘zbekistonda, ikkinchisi Fransiyada – Odeyliy quyosh pechi. Ikkisi ham o‘lcham jihatdan o‘xshash: fransuz pechi 54×48 metr o‘lchamli konsentrator va 63 ta geliostatdan iborat, O‘zbekistonniki esa – 54×47 metrli konsentrator va 62 ta geliostatdan.
Taʼkdlash joizki, 1993-yilga qadar obyekt harbiy hisoblangan va tashrif uchun yopiq bo‘lgan. Bugun esa institutga istagan odam kelishi mumkin.
2024-yili Quyosh instituti modernizm asri inshoati sifatida O‘zbekiston madaniy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.