“To‘qimachilik iplari: yosh rassom asarlarida onalik hikoyalari”
Zulfiya Spovart kashtalari

Zamonaviy san’at dunyosida madaniy va ijtimoiy mavzular o‘zaro uyg‘unlashib borayotgan bir paytda, yosh rassom Zulfiya Spovart dekolonizatsiya va onalik mavzulariga yangicha yondashuv bilan ajralib turadi. Toshkent san’at institutida monumental rangtasvir bo‘yicha tahsil olgan Zulfia 2018-yilda o‘z studiyasiga asos solgan.

Foto: Benjamin Deakin
Rassomning to‘qimachilik san’ati orqali yaratilgan asarlari Markaziy Osiyo hunarmandchiligi va zamonaviy san’at sintezidir. Har bir asari onalik muhabbati, g‘amxo‘rlik va iliqlikni ifodalab, avlodlar, onalar va bolalar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida meditatsion hikoya yaratadi.
Anjela Popova kuratorligi yordamida so‘nggi "Elly Belly" ko‘rgazmasida Zulfiya mato, an’anaviy naqshlar va avtobiografik unsurlar orqali ayollik identifikatsiyasini o‘rganadi.
U klassik uslublarni dadil innovatsiyalar bilan uyg‘unlashtirib, o‘z ichki dunyosining aksini yaratadi va shu bilan birga onalik, dekolonizatsiya, migratsiya va shaxsiy identifikatsiya mavzularini ko‘tarib, o‘zining o‘zbek ildizlariga murojaat qiladi. ELLE O‘zbekiston bilan kichik suhbatda rassom o‘z ilhom manbalari va zamonaviy san’at haqidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Iroda Inogamova
Ijodingiz kontekstida dekolonizatsiya siz uchun nimani anglatadi?
Men uchun dekolonizatsiya identifikatsiya masalalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u “optika” yoki “ichki nigoh” sifatida namoyon bo‘ladi.
Bu birinchi shaxsdan olib boriladigan muloqot bo‘lib, unda men doimiy savollar beraman va dunyo haqidagi zo‘rlab singdirilgan tasavvurlarni shubha ostiga qo‘yaman.
Men voqelikni idrok qilish uslubining eng chuqur ildizlarini izlab, ularni qayta o‘ylash va o‘z yo‘nalishimni tanlashga intilaman.
Ijodingizga ta’sir ko‘rsatgan aniq tarixiy yoki madaniy voqealar bormi?
Men tug‘ilganimda O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga atigi besh kun bo‘lgan edi. Hayotimning birinchi yilida ota-onam ikki madaniyat oralig‘ida, kutilmaganda paydo bo‘lgan postkolonial olam ichida o‘z yo‘llarini topishga harakat qilishgan.
Men bu noaniqlikni ichimda his qilardim, lekin uning sabablarini anglay olmasdim. Endi esa tushundimki, shaxs sifatida shakllanishim yangi jamiyat qurilishi bilan bir vaqtda kechgan va bu menga oraliq holat hissini bergan. Asarlarim orqali aynan shu o‘tish davri tuyg‘usini aks ettirishga intilaman.
Onamning tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsam: u yangi hayotga moslashish jarayonida men va akam uchun kiyim-kechak va o‘yinchoqlar tikish, to‘qish va kashtachilik bilan shug‘ullanar edi. Hozir men ham xuddi shunday tajribani boshdan kechiryapman – muhojirlikda uch qizimni tarbiyalab, o‘tmish tajribasi bilan uzilish hisini yengishga harakat qilyapman.

Foto: Sergey Novikov
Onalik haqidagi asarlaringiz orqali tomoshabinlarga nimalarni yetkazmoqchisiz?
Birinchi navbatda, men nafaqat so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydigan muhabbat tuyg‘usini, balki onaning chaqaloqning kichkina tanasi yaqinligini qanday his qilishini ham tasvirlamoqchiman.
Davrning o‘tkinchiligi, inson umrining mo‘rtligi, ojizligimiz. Bu aynan bolalarda yaqqolroq aks etadi.
Ushbu ish turkumida qizlarim ijod jarayoniga qo‘shildi - ular ham modellik qilishdi, ham kashta tikish amaliyoti ularga g‘amxo‘rlik qilish jarayonida amalga oshirildi.
Shunisi ham muhimki, san’atda feminizm, onalik, bolalik konteksti o‘z o‘rniga ega va biz bu haqda shaxsiy tajriba orqali gapirishimiz mumkin. Bu patriarxal jamiyatning umumiy qabul qilingan manzarasidan voz kechish, mavjud bo‘lish huquqining qandaydir da’vosidir.
Ushbu mavzuni yetkazish uchun qanday materiallar va texnikalardan foydalanishni afzal ko‘rasiz?
Material menga o‘z-o‘zidan, tabiiy yo‘l bilan keldi. Ilgari men yirik masshtabli polotnolar yozganman, lekin yosh bolalar paydo bo‘lishi bilan bu biroz qiyinchiliklar tug‘dirdi.
Shuningdek, o‘zimni bolalardan ajratib ishlamoqchi yoki amaliyotni to‘xtatmoqchi emasdim.
Men kashtachilikni sinab ko‘rdim va to‘qimachilik men uchun yangi dunyo bo‘lib ochildi. U juda sezgir va iliq muhit bo‘lib, onamdan o‘tgan hunar tufayli u menga ishonch bag‘ishlaydi. Har qanday xatolik yoki nomukammallik qabul qilinadi, xuddi onaning bolasini har qanday holatda ham qabul qilishi kabi.
Shu sababli, material bilan muloqotda paydo bo‘ladigan spontanlikni men rang-tasvirda erisholmagan darajada his qilyapman.
Onalik his-tuyg‘ularini ifodalashda rang va shakldan qanday foydalanasiz?
Men rang va shaklni asosan intuitiv tarzda tanlayman. Ushbu ishlarimda selfi suratlarni qo‘lladim, shunda tomoshabin asarga obyekt sifatida emas, balki subyekt sifatida qaray oladi. Madaniy o‘tish va an’anaviy motivlarni esa folklor tasvirlari orqali ifodalayman.
Rang orqali men poklik va nafosatni aks ettirishni xohlayman, shu bilan birga, inson tanasiga madaniy ta’sir o‘tkazilganini ham ko‘rsatmoqchiman.

Foto: Benjamin Deakin
Mato ranglarini tanlash tabiiy bo‘yoqlar yordamida amalga oshirilgan bo‘lib, ular tabiiy, notekis rang berilgan ohanglarni hosil qiladi. Shuningdek, Chorsu bozoridan sotib olingan, 1960-70-yillarda ishlab chiqarilgan eski, nihoyatda go‘zal mato parchalari ishlatilgan (ularni onam mehr bilan tanlab, menga olib kelgan edi).