Toshkentda kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha global konferensiyada (WCCE) ishtirok etish uchun O‘zbekistonga 2000 dan ortiq ekspertlar tashrif buyurdi
Toshkentda 2024-yil 2-4-oktyabr kunlari O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Kreativ iqtisodiyot” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Avvalroq mamlakatda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga qaratilgan qonun kuchga kirgan edi. Qonun kreativ sanoatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va ushbu sohadagi davlat siyosati tamoyillarini belgilab beradi.
WCCE konferensiyasi birinchi marta 2018-yilda Indoneziyada tashkil etilgan va o‘shandan beri kreativ iqtisodiyot masalalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro platforma sifatida o‘zini namoyon etmoqda. U barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va resurslarga bog‘liq iqtisodiyotdan bilim iqtisodiyotiga o‘tishda kreativ sanoatning rolini oshirib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Konferensiya doirasida muhim tadbirlar: kreativ iqtisodiyot masalalari bo‘yicha vazirlar uchrashuvi, dunyo va O‘zbekistonda kreativ sanoat yutuqlari ko‘rgazmasi, shuningdek, ko‘plab seminarlar, mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi qoshida yangi art-rezidensiyalarning ochilishi muhim voqea bo‘ldi.
Xususan, quyidagi mavzular bo‘yicha sho‘balar o‘tkazildi: “Madaniyat markazlari: Muzeylar shahar makonlarida kreativ hamjamiyatlarni yaratish uchun katalizator sifatida”, “Yorug‘lik, kamera, kelajak: ertangi kino trayektoriyalarini aniqlash”, “Kelajak chegaralari: ijodiy ishchi kuchlarining salohiyatini ochib berish”, “Big Creative Ideas: Markaziy Osiyoda o‘yin qoidalarini kim o‘zgartirmoqda?”, “Shaharlar kelajagini tasavvur qilib: kreativ shaharlar haqida muloqot”, “Kreativ ekotizimda mehnat kelajagi: inklyuzivlik, barqarorlik va moslashuvchanlikni ta’minlash”, “Birlik uchun makonlar: Buxoro biyennalesining yaratilishi” va boshqalar.
Madaniy va kreativ sohalar yiliga qariyb 2,3 trillion dollar ishlab chiqarib, jahon yalpi ichki mahsulotining 3,1 foizini ta’minlaydi va 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 10 foizga yetishi kutilmoqda. Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan WCCE-2024 ijodiy sohalar inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi, shuningdek, sun’iy intellekt kabi texnologiyalar ushbu sohadagi o‘yin qoidalarini qanday o‘zgartirishi haqida muhokama qilish uchun maydonga aylandi.
IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi spikerlari orasida yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlar o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Taklif etilgan mehmonlar orasida UNCTAD Bosh kotibi Rebeca Grynspan, Qatar Museums va Doha Film Institute raisi Sheikha Al-Mayassa bint Hamad bin Khalifa Al Thani, dokumentalist va sobiq model Farida Khelfa, Solomon R. Guggenheim Foundation & Museum bosh direktori Dr. Mariët Westermann kabi nufuzli shaxslar bor edi. Bundan tashqari, tadbirda kreativ sanoatning taniqli vakillari: kontentchi va tadbirkor The Gstaad Guy, model Arizona Muse, Masterclass hammuassisi Aaron Rasmussen, LVMH Watches & Jewellery badiiy direktori Francesca Amfitheatrof, Teo Yang Studio asoschisi Teo Yang va Dubai Culture & Arts Authority bosh direktori Hala Badri so‘zga chiqdilar.
Konferensiya dasturi boy va rang-barang bo‘ldi. Ishtirokchilar nafaqat yangi bilimlarga ega bo‘lishdi, balki madaniy dasturdan, jumladan, asosiy maydonchada ham, Toshkentning boshqa qismlarida ham san’atkorlar chiqishlari va netvorking uchun noyob imkoniyatlardan bahramand bo‘lishdi.
Konferensiya doirasida I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyida yangilangan ekspozitsiyaning ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ekspozitsiyada ilgari Italiyada namoyish etilgan O‘zbekiston muzeylari to‘plamlaridagi avangard san’ati durdonalari namoyish etilgan. Ushbu tadbir mintaqa iqtisodiy rivojlanishida yangi imkoniyatlarni yaratish uchun kreativ sanoat va madaniy merosni birlashtiradigan konferensiya dasturining muhim qismi bo‘ldi.
Bundan tashqari, IV Butunjahon konferensiyasi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida “Tamerlano” operasining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Georgiy Fridrix Gendel durdonasiga asoslangan opera rejissyor Stefano Poda talqinida bastakor Kirill Rixter tomonidan o‘zbek milliy cholg‘ularidan foydalangan holda zamonaviy aranjirovkada taqdim etildi.
Shunday qilib, Toshkentda bo‘lib o‘tgan IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi nafaqat kreativ sohalar, balki butun dunyo iqtisodiyoti uchun muhim voqea bo‘ldi. U g‘oyalar almashish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va innovatsion rivojlanishni rag‘batlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.